Elektr energiyasi va tabiiy gazni tejash uchun lokal qozonxonalar qurish kerak

 

Kuzning so‘nggi kunlari tugamasdan yurtimizga sovuq havo oqimining birdaniga kirib kelishi, qanchalik kuz-qish mavsumiga tayyor bo‘lmaylik, tizimdagi oqsoqliklarning yuzaga kelib chiqishiga sabab bo‘ldi.

So‘nggi yillarda aholi soni ortib borishi bilan birga, qurilayotgan yangi ko‘p qavatli uylar soni ham ko‘payib bormoqda. Lekin ularni elektr ta'minotiga ulash uchun alohida transformator o‘rnatilmay eskisiga qo‘shib ulab ketilishi hamda yangi gaz yoki suv quvurlari tortib kelinmay, aksincha 50-60 yil avval yaratilgan tizimga qo‘shimcha sifatida ulab ketilishi, bugungi kundagi muammolarni keltirib chiqarmoqda.

Statistik ma'lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda Respublikamizda 15500 dan ziyod ko‘p kvartirali uylarga issiqlik ta'minoti korxonalaridagi 79 ta markaziy va 345 ta mahalliy qozonxonlar tomonidan issiqlik energiyasi uzluksiz yetkazib beriladi. Shahar isitish tizimida yo‘qotishlar juda katta. Bu issiqlik quvurlariga ishlatilgan izolyasiyaning nomukammalligi bilan bog‘liq. Ammo ushbu qozonxonalar barcha ko‘p qavatli uylarni qamrab olganmi? Afsuski, yo‘q.

Barchamizga ma'lum, hududlardagi mavjud ko‘p qavatli uylarning aksariyatida, isitish tizimi markazlashgan tizimdan uzilib, mustaqil isitish tizimiga o‘tkazilgan. Yangi qurilayotgan ko‘p qavatli uylar ham shunday isitish tizimiga moslashgan holda loyihalashtirilmoqda.

Kuz-qish mavsumiga kirib kelishimiz bilan, limitdagi bor gaz ko‘p qavatli uylarni isitish uchun beriladi, chunki ularni boshqacha yo‘l bilan isitishning imkoni yo‘q. Ammo, ko‘p qavatli uylarning hammasida ham markazlashgan isitish tizimi yo‘qligi sabab, gaz plitalarni yoki boshqa isitish moslamalarini yoqib qo‘yish yo‘li bilan xonadonlar isitiladi. Bu esa milliy boyligimiz bo‘lgan gaz va elektr energiyasining ortiqcha sarf bo‘lishiga sabab bo‘lmoqda.

Eng yomoni juda ko‘plab fuqarolarimizning is gazidan zaharlanishi yoki portlashdan halok bo‘lishi xavfi ortib bormoqda.

Muammoni qanday yechish mumkin?

Menimcha, qanchalik katta mablag‘ talab qilmasin, ko‘p qavatli uylarga lokal qozonxonalar o‘rnatish orqali isitish tizimiga o‘tkazish zarur. Yangi qurilayotgan uylarni loyihalashtirishda ham mana shunday tizimga moslashtirib rejalashtirish maqsadga muvofiq bo‘ladi. So‘nggi yillarda energiya tejovchi, gazni kam sarflovchi, bir vaqtning o‘zida elektr energiyasi, gaz va ko‘mirda ishlovchi issiqlik qozonlari ishlab chiqarilmoqda.

Ko‘p qavatli uylarga bitta mahalliy isitish qozonxonasini o‘rnatish orqali qanchadan-qancha elektr energiyasi hamda tabiiy gaz iqtisod qilinadi.

 

         Buning natijasida yiliga:

         Tabiiy gazning iqtisodi – 106980,0 ming.m3

         Elektroenergiya iqtisodi – 30 400,0 ming Kvt;

         Sovuq suv ta'minoti iqtisodi – 605, ming m3

         Issiqlik tarmoqlari energosamaradorligi 56,9 % dan -93 % ga ortadi.

 

Yillar davomida kuz-qish mavsumida yuzaga kelayotgan muammolardan betalofat olib chiqish, aholini rozi qilish, insonlarga qulaylik yaratish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solish zarur.

 

Dilbar Mamajonova,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O‘zXDP fraksiyasi a'zosi.

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Deputat Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish