O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Dilbarxon Mamajonovaning bizning anklav hudud Shohimardon qishlog‘iga tashrifi aholimiz uchun quvonchli bo‘ldi. Maktabgacha ta'limni rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar eshigini ochib berdi.
Deputatning chekka hududlardagi maktab va maktabgacha ta'lim tashkilotlarni o‘rganayotganligi to‘g‘risidagi xabar tez tarqadi va bizning bog‘chaga ham kelarmikin degan o‘y bilan deputatimizni bog‘chaga taklif etdik.
Deputatimiz - bajonudil boraman, deya bog‘chamizga tashrif buyurdi va ahvolni o‘rganib chiqdi. Uchrashuv vaqtida deputatimiz mamlakatimiz rahbarining yoshlar tarbiyasi va ularning sog‘lom va barkamol rivojlanishlari va yuqori bilim ko‘nikmalarini egallashlari uchun olib borayotgan islohotlari, maktabgacha ta'lim tashkiloti samaradorligini oshirish, ayniqsa eng chekka hududlardagi bolalar tarbiyasini yaxshilash, bolajonlarimizning munosib bilim olishi, munosib hayot sharoitlarini yaratish, yashash muhitini yaxshilash borasidagi qarorlariga binoan o‘z dasturini belgilab olganligi va albatta yangi bog‘cha qurilishiga yordam berishini ta'kidlab o‘tgan edi.
Farg‘ona tumani maktabgacha ta'lim bo‘lim tasarrufidagi 6-davlat maktabgacha maktab tashkiloti Shohimardon MFY hududida 1989-yildan buyon faolyat yuritib kelar edi.
Deputatimizning sa'yi-harakati va o‘z ishiga sidqidildan yondashuvi natijasida hamda “2021-2023-yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi Prezident Qaroriga asosan 2022-yil dekabr oyida tashkilotda joriy ta'mirlash ishlari amalga oshirildi. 140 o‘rniga mo‘ljallangan zamonoviy bino ta'mirlanib, necha yillardan buyon ishlamay, yaroqsiz holatga kelib qolgan kanalizasiya tizimi qayta tiklandi. Zamonaviy jihozlanib, foydalanishga topshirildi.
Shohimardon MFY aholisi, ota-onalarning shodligi cheksiz. Otasiga rahmat deputatimizni, bizning bolalarimiz ham shaharliklardan kam bo‘lmagan, zamonaviy, orzu qilib o‘ylamagan bog‘chalarda, shunday chiroyli sharoitlarda yayrab-yashnab ta'lim-tarbiya olishadi, - demoqdalar. Shu o‘rinda Muhtaram Prezidentimizning “Barchamiz xalq bilan ularning ichida bo‘laylik” degan davatlari o‘z vaqtida to‘g‘ri fikr ekanligiga iqror bo‘ldik. Islohotlar o‘z o‘rnida, aniq va jadallik bilan olib borilayotganligi insonga quvonch bag‘ishlaydi.
Farg‘ona tumani Shohimardon faxriylari, aholisi, ota-onalari va jamoamiz nomidan shukronalik shukuhiga yo‘g‘irilgan tashakkur izhorimizni bildiramiz.
Zahroxon Kengashova,
Shohimardon MFY va 6-maktabgacha ta'lim tashkiloti rahbari.