Bugun O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashida Xalq deputatlari mahalliy Kengashlardagi partiya guruhlarining 2023 yilga mo‘ljallangan amaliy harakat dasturi loyihasiga takliflar ishlab chiqishda asosiy ustuvor yo‘nalishlari yuzasidan onlayn seminar bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi mas’ul xodimlari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasida partiya fraksiyasi a’zolari, O‘zXDP mintaqaviy va mahalliy Kengashlari raislari, Xalq deputatlari mahalliy Kengashlar deputatlari ishtirok etdi.
Yig‘ilishni O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi O‘zbekiston XDP Fraksiyasi a’zosi M.A.Varisova kirish so‘zi bilan ochib, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining 2020-2024 yillarga mo‘ljallangan saylovoldi dasturida belgilangan ustuvor vazifalarni, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Qonunlarida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Oliy Majlis palatalariga Murojaatnomasida belgilangan ustuvor yo‘nalishlarni amalga oshirish uchun xalq deputatlari mahalliy Kengashlarida partiya guruhlarining oldida turgan vazifalarga to‘xtalib o‘tdi. Avvalambor, hozirgi qahraton qish sharoitida chekka hududlar aholisiga yordam ko‘rsatish, turli nosozliklar oqibatida gaz va elektr energiyasidan uzilib qolgan xonadonlarga ko‘mir yetkazib berish masalalarini hal qilish bilan birga, yoz faslida bo‘lg‘usi qishga jiddiy tayyorgarlik ko‘rish choralarini izlash, nosoz transformator, gaz quvurlarini aniqlab, masalalarni tizimli hal etishga kirishish lozimligi ta’kidlandi.
Yig‘ilishda shuningdek, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami faoliyatini aholiga yaqinlashtirish, hududlarga o‘rnatilayotgan tibbiyot konteynerlarining holatini o‘rganish aholi salomatligini yaxshilash, muhofaza qilishda muhim ekanligiga urg‘u berildi. Jamoatchilik nazoratini kuchaytirish orqali davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilinayotgan Farmon va Qarorlar ijrosi ta’minlanishi, olib borilayotgan islohotlar har bir xonadonga kirib borishiga erishilishi ta’kidlandi. O‘zbekiston XDPning saylovoldi dasturida davlat va jamiyat tomonidan ijtimoiy himoya hamda qo‘llab-quvvatlashga muhtoj aholi qatlamining manfaatlarini himoya qilish muhim vazifa sifatida belgilanganligidan kelib chiqqan holda, sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish qay darajada yo‘lga qo‘yilganligi viloyatlar, hududlar kesimida o‘rganib chiqildi. Mavjud muammolarni hal qilish yuzasidan mahalliy Kengashlar deputatlarining fikr-mulohazalari tinglandi.