Ma’lumki, har qanday davlatning tarixiy taraqqiyot yo‘li, yurtning jadal rivojlanishi, muayyan yutuqlarga erishishi, xalqning farovon bo‘lishi o‘sha davlatda yoshlar ta'lim-tarbiyasi va kelajagiga beriladigan e’tibor darajasiga chambarchas bog‘liqdir.
2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risidagi Prezident farmonida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi tomonidan “Yoshlar – Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari” shiori ostida forum o‘tkazildi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari, XDP Markaziy Kengashi mas’ul xodimlari, partiyaning Sirdaryo, Toshkent viloyatlaridagi hamda Toshkent shahridagi faol yoshlar ishtirok etdi.
Partiya safidagi faol yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, mustahkam vatanparvarlik g‘oyalarini shakllantirish va eng asosiysi ularning siyosiy faolligini oshirish kabi maqsadlarni mujassamlashtirgan forum avvalida yoshlar Oliy Majlisi Senati binosi, undagi qulayliklar bilan tanishtirildi. Senatorlar bilan uchrashib, samimiy muloqot uyushtirildi. Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, qonunlari hamda xalqaro huquqning umum e’tirof etilgan qoidalariga tayangan holda yoshlarni milliy an’ana va qadriyatlarimizga, qonunchilik va jamiyatimizdagi axloq normalariga hurmat ruhida tarbiyalash, ma’naviy yetuk, jismonan sog‘lom, fidoyi va vatanparvar avlod sifatida shakllantirish, ularni yurtimizdagi yangilanish jarayonlaridagi faol ishtirokini rag‘batlantirish, ma’naviy-ma’rifiy saviyasini yuksaltirish kabi masalalar xususida so‘z bordi.
Shuningdek, yoshlar senatorlarning kunlik ish faoliyati, vazifalari, oldinda turgan vazifalarga qay tariqa yechim topilishi bilan qiziqdilar.
Kunning ikkinchi yarmida forum qatnashchilari Temuriylar tarixi davlat muzeyida bo‘lishib, buyuk ajdodlarimizdan qolgan meros, ular bosib o‘tgan yo‘l, o‘zbek davlatchiligi tarixi bilan yaqindan tanishishdi. Ishtirokchilar tarix, qadimiy obidalar haqidagi ta’sirotlarini yanada boyitib olgach, Toshkent politexnika muzeyiga taklif qilindi. Bu yerda sanoat inqilobi, jahon va O‘zbekiston avtomobilsozlik tarixi borasidagi bilimlarini mustahkamladilar. Forum yakunida iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash “Ulug‘bek” jamg‘armasida uchrashuv tashkil etildi.