Fraksiya dasturiga sodiq

 

Har bir siyosiy partiya parlament saylovlarida ishtirok etar ekan, ko‘proq deputatlik o‘rnini egallash orqali parlamentda ko‘proq ta’sir kuchiga ega bo‘lishga intiladi. Har bir fraksiya keyingi chaqiriqqacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida partiya Saylovoldi dasturidagi g‘oyalarni amalga oshirishga kirishadi.

Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi 2022 yilda qanday ishladi? 2023 yilga rejalar qanday?

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalarning fraksiyalari ham har bir boshlangan yangi yil uchun o‘z elektorati manfaatlaridan kelib chiqqan holda davlat va jamiyat hayotidagi muhim masalalar bo‘yicha yillik “Chora-tadbirlir rejasini” ishlab chiqadi va amalga oshirishga kirishadi.

Xususan O‘zbekiston XDP fraksiyasi ham ushbu chaqiriq saylov oldi dasturida belgilangan 80 dan ortiq vazifadan 70 ga yaqinini amalga oshirishga erishdi.

O‘zbekiston XDP fraksiyasi tomonidan o‘tgan yilda partiya elektorati manfaatlarini himoya qilish, saylovoldi dasturida ilgari surilgan g‘oya va tashabbuslarni amalga oshirish, kam ta’minlangan, pensioner va nogironlarning huquqlarini himoya qilish hamda ijtimoiy sohasini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirildi.

Fraksiyaning qonun ijodkorligi, nazorat-tahlil faoliyatini hamda boshqa tadbirlarini samarali tashkil etish maqsadida 2022 yilga mo‘ljallangan “Chora-tadbirlar rejasi” tasdiqlangan.

 

Jumladan:

 

  1. Qonun ijodkorligi

Partiya Saylovoldi dasturida belgilangan vazifalarning ijrosini ta’minlash maqsadida, fraksiyaning qonun ijodkorligi yo‘nalishidagi rejasi tasdiqlangan. Mazkur rejaga asosan, 22 ta yo‘nalishda qonun tashabbuslarini amalga oshirish bo‘yicha ishchi guruhlari shakllantirilib, ularga aniq vazifalar belgilab berilgan. Shu bilan birga fraksiya yig‘ilishlarida 153 ta qonun loyihasi birinchi o‘qishda hamda 104 ta qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda muhokama qilingan.

Bugungi kunga qadar, fraksiyaning qonun ijodkorligi rejasidan o‘rin olgan 6 ta qonun va qonun hujjatlari loyihalariga fraksiya deputatlari tomonidan partiya saylovoldi dasturida belgilangan vazifalardan kelib chiqib berilgan takliflari qabul qilindi.

Shuningdek, fraksiya a’zolari 4 ta qonun loyihasiga ham tashabbuskor bo‘ldi.

Ushbu qonun loyihalarini ishlab chiqishda fraksiya a’zolari tomonidan ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarning huquq va manfaatlarini to‘laqonli ifoda etishga, joylardagi o‘rganishlar davomida aniqlangan muammo va kamchiliklarga yechim topishga, shuningdek, saylovchilarning bildirgan taklif hamda fikr-mulohazalarga alohida e’tibor berildi.

O‘tgan davrda ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy ahamiyatga ega muhim qonun loyihalarini joylarda keng jamoatchilik ishtirokida muhokama qilish maqsadida “markaz – viloyat – tuman” tizimi joriy etildi. Bunda, Oliy Majlis Qonunchilik palatasida tayyorlanayotgan qonun loyihalarini birinchi o‘qishdan so‘ng partiya quyi bo‘g‘inlarida, ya’ni viloyat, tuman, shahar kengashlarida, mahalliy Kengashlardagi partiya guruhlarida keng muhokama qilish, tanishtirish, qonun loyihasiga asosli, aniq xulosa va takliflarni olish yo‘lga qo‘yilgan.

Jumladan, fraksiya partiya bilan hamkorlikda 92 ta qonun loyihasining joylardagi muhokamasini tashkil etib, ularda fuqarolar tomonidan bildirilgan 460 dan ortiq takliflaridan 50 dan ortiq qonunlarni takomillashtirish jarayonida inobatga olindi.

 

  1. Parlament nazorati

Hisobot davrida fraksiya tomonidan dolzarb masalalar yuzasidan mansabdor shaxslarning axborotini Qonunchilik palatasi majlislarida eshitish bo‘yicha tashabbus bilan chiqish, shuningdek, ular faoliyati ustidan ta’sirchan parlament hamda deputatlik nazoratini amalga oshirish borasida muayyan ishlar amalga oshirildi.

Shunga ko‘ra, o‘tgan davrda fraksiya tashabbusi asosida qonunlarning, turli sohalardagi davlat dasturlarining ijrosi, shuningdek, hududlardagi o‘rganishlar davomida aniqlangan tizimli kamchilik va muammolarni hal etishga qaratilgan 2 ta “parlament eshituvi” hamda 2 ta “hukumat soati” o‘tkazildi.

Qolaversa, fraksiya taklifiga ko‘ra, saylovchilarni o‘ylantirib kelayotgan muammolarni hal etish, deputatlarning aholi bilan o‘tkazayotgan muloqot va uchrashuvlari davomida ko‘tarilgan masalalar bo‘yicha tushuntirish berish yoki nuqtai nazarini bayon etish talabi bilan davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining mansabdor shaxslariga 2 ta parlament so‘rovi yuborildi.

Fraksiya a’zolari tomonidan saylovchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash borasidagi ishlarga jiddiy e’tibor qaratilib, joylardagi nazorat-tahlil tadbirlari, saylov okruglaridagi o‘rganishlar davomida aniqlangan dolzarb masalalar yuzasidan davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari rahbarlariga jami 54 ta deputat so‘rovi yuborildi.

Joylardagi tizimli muammolar, qonun va qonunosti hujjatlarning ijro etilish holati yuzasidan tegishli mansabdor shaxslarning hisobotlari fraksiya majlislarida doimiy tarzda eshitib borildi. O‘tgan yil davomida bu kabi fraksiya majlislari soni 23 tani tashkil etdi.

Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi, Fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash masalalari qo‘mitasi tibbiyot sohasining huquqiy asoslarini mustahkamlash, me’yoriy-huquqiy hujjatlar ijrosi ustidan parlament va deputatlik nazoratini izchil olib borish ishlariga alohida e’tibor qaratmoqda.

O‘tgan yilning 11 mart va 15 dekabr kunlari o‘rganish natijalarini Sog‘liqni saqlash vazirligi mutasaddilari bilan birga nazorat-tahlil tartibida muhokama qilib olindi. Yig‘ilish yakunida deputatlar tomonidan Sog‘liqni saqlash vazirligi mutasaddilariga ushbu sohadagi kamchiliklarni tartibga solish va bartaraf etish yuzasidan manzilli taklif-tavsiyalar berildi.

Ko‘rib chiqilayotgan davrda fraksiya a’zolari tomonidan saylovchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash borasidagi ishlarga jiddiy e’tibor qaratilib, joylardagi nazorat-tahlil tadbirlari, saylov okruglaridagi o‘rganishlar davomida aniqlangan dolzarb masalalar yuzasidan davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari rahbarlariga jami 54 ta deputat so‘rovi yuborildi.

 

  1. Xalq bilan muloqot:

O‘tgan davrda fraksiya a’zolari tomonidan hududlarga chiqqan holda 62 marotaba nazorat-tahlil tadbiri o‘tkazilib, ularda jamiyat hayoti uchun muhim bo‘lgan qonun loyihalarining ijro etilish holati, joylardagi mavjud tizimli muammolar, shuningdek, ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda olib borilayotgan islohotlar samaradorligi atroflicha o‘rganib borildi.

Mazkur o‘rganishlar davomida 1150 marotaba fuqarolar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri uchrashuv o‘tkazilib, ularda 37 570 nafar aholi qamrab olindi, 1245 ta xonadonga tashrif buyurildi hamda 2800 ta tadbirkorlik subyektlari bilan o‘zaro muloqot o‘tkazildi.

Natijada fraksiya a’zolari tashabbusi bilan saylov okruglaridagi uchrashuvlar hamda hududlarda olib borilgan o‘rganishlar natijalaridan kelib chiqib, odamlarni bezovta qilayotgan dolzarb muammolar yechimiga qaratilgan (76 ta) qonun loyihalariga takliflar berildi.

Shuningdek, o‘tgan vaqt davomida fraksiya a’zolari nomiga fuqarolardan jami 3420 ta, shu jumladan 814 ta yozma, 1464 ta elektron, 1142 ta og‘zaki shakldagi murojaat kelib tushgan bo‘lsa, ularning 1552 tasiga ijobiy yechim topildi hamda 1309 ta murojaat ko‘rib chiqish uchun tegishliligi bo‘yicha mutasaddi tashkilot va idoralarga yuborilgan va qolgan 340 tasi o‘z joyida mutasaddi tashkilotlar tomonidan xal etilgan.

 

  1. Fraksiya va siyosiy partiyaning hamkorligi:

O‘tgan vaqt davomida fraksiyaning partiya bilan o‘zaro aloqalari mutlaqo yangicha ko‘rinishda yo‘lga qo‘yilib, ular tomonidan joylardagi muammo va kamchiliklarni hal etishda natijadorlikka erishish, shu jumladan tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, yoshlar va ayollar muammolariga samarali yechim topishga qaratilgan “Deputat mahallada”, “Mahallada kambag‘al oilalar sonini kamaytirish”, “Yaxshilik va xayriya”, “Deputat va yoshlar uchrashuvi”, “Xalq bilan muloqot – muammolarni samarali, tezkor hal qilish omili”, “Barchaga qulay muhit yaratilishi kerak”, “Mening konstitutsiyam”, “Konstitutsiya – baxtimiz qomusi, taraqqiyotimiz poydevori” loyihalari amalga oshirildi.

Shu kunga qadar ushbu loyihalar doirasida fraksiya a’zolari hamda partiya xodimlari joylarda tashkil qilingan kichik ishchi guruhlar bilan birgalikda 100 dan ortiq hududga tashrif buyurib, 48 000 nafardan ziyod saylovchi, shu jumladan, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan aholi vakillari, hamda tadbirkorlar bilan yuzma-yuz muloqotlar tashkil etildi.

 

  1. Fraksiya faoliyatining OAVda yoritilishi:

Fraksiyaning qonun ijodkorligi, nazorat-tahlil faoliyati hamda hududlarda o‘tkazilgan saylovchilar bilan yuzma-yuz muloqotlari jarayonlari ommaviy axborot vositalarida muntazam ravishda yoritib borildi.

Xususan, o‘tgan davr mobaynida fraksiya faoliyati haqida OAVda jami 4536 marotaba, xususan, televideniyada 299 marotaba, radioda 111 marotaba, matbuotda 291 marotaba, internet saytlarida 1213 marotaba, ijtimoiy tarmoqlarda esa, 2622 marotaba chiqish qilindi.

Joriy yil boshida ham O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi mazkur yil uchun ham chora-tadbirlir rejasini ishlab chiqdi va bir qator ustuvor masalalarni belgilab oldi.

 

2023 YILDA:

  • Fraksiyaning Xalq deputatlari mahalliy Kengashlardagi partiya guruhlari va hududiy partiya tashkilotlarida jamoatchilik eshituvlari, maslahatlar va xalq bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilishning boshqa shakllarini o‘tkazish tashabbusi bilan chiqish.
  • “Mahalliy ijro hokimiyati to‘g‘risida”gi qonun loyihasiga takliflar ishlab chiqish.
  • Energiya resurslari va tabiiy gaz bozorlarini erkinlashtirib, sohaga xususiy investitsiyalarni keng jalb qilish hamda ehtiyojmand aholini himoya qilish uchun ijtimoiy iste’mol normalarini kiritish uchun yangi tahrirda ishlab chiqiladigan “Elektr energetikasi to‘g‘risida”gi va “Tabiiy gaz to‘g‘risida”gi Qonun loyihalariga takliflar ishlab chiqish.
  • “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi qonun loyihasini tayyorlash va tegishli tartibda Qonunchilik palatasiga kiritish.
  • “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasini tayyorlash va tegishli tartibda Qonunchilik palatasiga kiritish.
  • Mahalliy kengashlar faoliyatining huquqiy asoslarini yanada takomillashtirishga qaratilgan “Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar kengashlari reglamenti to‘g‘risida”gi qonun loyihasiga takliflar ishlab chiqish.
  • “Dori-darmonlar va tibbiy vositalar narxlarini davlat tomonidan tartibga solish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ishlab chiqish.
  • “Issiqlik ta’minoti to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ishlab chiqish.
  • “Aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ishlab chiqish.
  • “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi qonuniga tegishli o‘zgartirishlar kiritish yuzasidan takliflar ishlab chiqish.
  • Sog‘liqni saqlash sohasini moliyalashtirishni tubdan isloh qilish, budjet mablag‘larining maqsadli sarflanishini ta’minlash bo‘yicha, aholiga birlamchi tibbiy xizmatlarni yanada yaqinlashtirish, kelgusi ikki yilda har bir oilaviy poliklinika va shifokor punktiga eng kerakli uskuna va jihozlar yetkazib berish, ekspress laboratoriyalar to‘liq yangilanishi, yangi yilda qo‘shimcha 140 ta oilaviy shifokor punkti va poliklinikalari, 520 ta olis va chekka mahallada ixcham tibbiyot punktlari tashkil etilishi ustidan tegishli jamoatchilik va deputatlik nazoratini o‘rnatish.
  • O‘zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziriga “Qurilish sohasida ishga qabul qilish bo‘yicha mehnat shartnomalarini soddalashtirish orqali norasmiy sektordagi ishchilarning qonuniy faoliyatini ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida” parlament so‘rovini yuborish.
  • “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi yuzasidan saylov okruglarida keng jamoatchilik ishtirokida muhokamalar o‘tkazish
  • “Uyma-uy” loyihasini amalga oshirish.

 

Ahmad QURBONOV

tayyorladi.

«O‘zbekiston ovozi», 25.01.2022, №3

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Deputat Jamoatchilik qabulxonasi Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis
← Roʻyxatga qaytish