Kambag‘allikni qisqartirishda yangi tizim joriy etilmoqda

 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev o‘z chiqishlarida kambag‘allikni kamaytirish uchun aholida tadbirkorlik ruhini uyg‘otish, insonning ichki kuch-quvvati va salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish, yangi ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha kompleks iqtisodiy va ijtimoiy siyosatni bundan keyin ham izchil amalga oshirilishiga alohida urg‘u berib keladilar. Shu boisdan ham Prezidentimiz mazkur muammo yechimining eng to‘g‘ri va maqbul yo‘lini, ya’ni har bir insonni tanlagan sohasidagi bilimlarini yuksaltirish, malakali kasb-hunar o‘rgatish, yoshlarni ustozlarga biriktirib, tajriba orttirish mexanizmi eng to‘g‘ri yo‘l ekanligini ko‘rsatib berdilar.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining barcha darajadagi deputatlik birlashmalari a’zolari o‘z saylov okruglarida aholini ijtimoiy himoya qilish va ko‘makka muhtoj oilalarni moddiy qo‘llab quvvatlashga qaratilgan tizimli ishlarni, islohotlarni hayotga tatbiq etish jarayonlarini joylarga chiqqan holda doimiy ravishda o‘rganib kelmoqda. Deputatlar kam ta’minlangan, ehtiyojmand aholi qatlami xonadonlariga tashrif buyurib, mavjud muammolarni hal qilish yuzasidan tegishli choralar ko‘rilmoqda.

Ta’kidlash joizki, so‘ngi yillarda mamlakatimizda, shu jumladan, turmush sharoiti og‘ir, ishsiz va kasb-hunarga ega bo‘lmagan, huquqiy va ma’naviy-psixologik qo‘llab quvvatlashga zarurati bo‘lgan fuqarolarga davlat tomonidan manzilli ko‘maklashish bo‘yicha mutlaqo yangicha tizim joriy qilindi.

Mamlakatning 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyasini amalga oshirish doirasida 2026-yil oxirigacha mamlakatda kambag‘allik darajasini ikki baravarga qisqartirishni rejalashtirmoqda.

Сtrategiyaga ko‘ra, norasmiy ishlayotgan 2,5 mln. fuqarolarning bandligini qonuniylashtirish, ularga ijtimoiy kafolat va imtiyozlardan to‘liq foydalanish imkoniyatini berish, xotin-qizlar o‘rtasidagi ishsizlikni ikki baravar qisqartirish, 700 ming nafar ishsiz ayollarni davlat hisobidan o‘qitish, nogironligi bo‘lgan odamlar bandligini 3 barobar oshirish rejalashtirilmoqda.

Ma’lumki, 2022-yil respublikada kambag‘allik darajasi 17 foizdan 14 foizga tushdi. (Ma’lumot uchun: 2022-yil yanvar oyi boshida minimal iste’mol xarajatlari miqdori oyiga 440 ming so‘mdan 498 ming so‘mga (kuniga 14,4 ming so‘mdan 16,3 ming so‘mga) oshirilgan edi. Ushbu ko‘rsatkich mamlakatdagi qashshoqlik chegarasini aniqlash uchun ishlatiladi).

Bu ishlarning mantiqiy davomi sifatida joriy yilda kambag‘allikni qisqartirish ishlarini yangidan tashkil etish rejalashtirilmoqda.

Yangi tizim uch bosqichda amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda.

Unga ko‘ra,

- birinchi bosqichda, “temir daftar”, “yoshlar daftari” va “ayollar daftari” yagona tizimga birlashtirilib, har bir oilaning yagona raqamli pasporti ishlab chiqiladi;

- ikkinchi bosqichda, har bir oilani kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha individual dasturlar tuziladi;

- uchinchi bosqichda, оила uchun kasb-hunarga o‘qitish, tadbirkorlik loyihasi amalga oshiriladi.

Natijada 2023-yilda yana 1 mln. aholini kambag‘allikdan chiqarish rejalashtirilmoqda. Bunda mahalladagi ishsiz aholini daromadli qilish maqsadida joriy yilning 1 aprelga qadar har bir viloyatda kamida 5 tadan mikromarkazni ishga tushirish ko‘zda tutilgan. Ma’lumot uchun: G‘ijduvon, Buloqboshi, Zangiota, Farg‘ona tumanlari, Qo‘qon, Marg‘ilon, Urganch shaharlarida kamida 20 tadan shunday markazlarni tashkil qilish rejada bor.

  • 2023-yilda, tadbirkorlar faoliyatini kengaytirish uchun kredit miqdori amaldagi 225 mln. so‘mdan 300 mln. so‘mgacha oshiriladi;
  • dehqon xo‘jaliklariga garovsiz kredit miqdori 50 mln so‘mgacha oshiriladi (amalda 33 mln. so‘m);
  • avval oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida kredit olib, yaxshi natija ko‘rsatgan tadbirkorlar ushbu dasturlar doirasida yana imtiyozli kreditlar olishi mumkin bo‘ladi (hozir faqat bir marta olish mumkin);
  • kreditlarning bir qismini plastik kartaga olishga ruxsat beriladi.

Shuningdek, 2023-yilda oilaviy tadbirkorlik dasturiga 12 trln. so‘m beriladi (2022-yilda — qariyb 10 trln. so‘m). Prezident imzolagan tegishli qarorga ko‘ra, oilaviy tadbirkorlikka qo‘shimcha 300 mln. dollar ajratiladi.

Bundan tashqari, budjetdan ajratilgan 1,5 trln. so‘mni avvalo eng og‘ir mahallalarda kambag‘allikni qisqartirishga yo‘naltirish bo‘yicha dastur ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi. Unga ko‘ra, viloyat hokimliklari tegishli vazirliklar bilan hamkorlikda ajratilishi rejalashtirilayotgan 135 mln. dollarlik kredit liniyasi bo‘yicha og‘ir mahallalar kesimida tadbirkorlik loyihalari paketini shakllantiradi. Ushbu mahallalarda kamida 50 ming aholini band qilish vazifasi qo‘yilmoqda.

Yuqoridagilardan ko‘rinib turibdiki, bu jarayonga jamiyat e’tiborini kuchaytirish, inson tomonidan o‘zini-o‘zi rivojlantirish holatini tubdan isloh etish, inson kapitalini takomillashtirish bugungi kundagi dolzarb masalalar sanaladi. Yangi O‘zbekistonda fuqarolarni kambag‘allikdan chiqarishga qaratilgan bugungi ijtimoiy siyosat endilikda Xalqaro Mehnat Tashkiloti qoidalariga to‘la mos keladi. Pirovard maqsad insonni kasbiy yoki intellektual jihatdan rivojlantirish orqali uni baxtli va boy-badavlat qilishdir.

 

Boymurod Yusupov,

O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi Boshqarma boshlig‘i.

 

 

 

Teglar

Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish