Hozirgi kunda dunyoda kechayotgan siyosiy ziddiyatlar, sanksiyalarni qo‘llash, Rossiya energiya resurslari xaridini cheklash energiya inqirozining yuzaga kelishiga va narxlarning keskin tebranishiga sabab bo‘ldi hamda bunday holatlar oqibatlarini bartaraf etish masalasini kun tartibiga olib chiqdi.
Yuzaga kelgan vaziyat ushbu jarayonlar boshlangunga qadar Yevropa Ittifoqi bozorlariga yiliga 200 milliard kub metrdan ortiq gaz yoqilg‘isi yetkazib bergan Rossiyaning “Gazprom” kompaniyasi uchun jiddiy muammolarni keltirib chiqarganligi hech kimga sir emas. Chunki gazni qazib olish, uzatib berish hamda qayta ishlash uzluksiz jarayon bo‘lib, butun boshli ishlab chiqarish majmuasini tashkil qiladi va qazib olinayotgan gazni “murvatni burab”, to‘xtatib turib bo‘lmaydi. Aynan shu omil gaz ishlab chiqarish va yetkazib berish logistikasini G‘arbdan Sharqqa qarab burish zaruratini keltirib chiqardi, desak xato bo‘lmaydi.
Rossiya gazini qayoqqa burmoqchi?
Rosssiyadagi asosiy gaz qazib oluvchi tashkilot – “Gazprom” mutaxassislari o‘zlari ishlab chiqarayotgan mahsulotning asosiy talabgorlari endi Osiyoda ekanligini allaqachon anglab yetishgan. Shuning uchun ham gaz qazib olish va uni yetkazib berishdagi asosiy yo‘nalish — bu Sharqiy Sibir. Lekin Rossiya gazini Sharqiy Sibirdan Xitoyga yetkazib berish uchun qo‘shimcha quvvatlar talab etiladi. Chunki “Sibir kuchi” gaz quvurining quvvati G‘arbdan qaytgan gaz oqimini to‘liq Sharqqa yo‘naltirish imkonini bermaydi. “Sibir kuchi-2” ni qurish esa vaqt hamda katta xarajatlarni talab etadi.
“Gazprom” Yevropaga eksport qilayotgan xajmdagi gazni Xitoy va boshqa Osiyodagi davlatlarga siqilgan tabiiy gaz (STG) sifatida ham yetkazib berishi mumkin. Lekin, hozirgi sanksiyalar sharoitida bu ishni kim, qachon va qanday qilib amalga oshiradi, degan tabiiy savol tug‘iladi. Chunki STGni katta xajmda olish uchun bu sohaga ixtisoslashgan “Novatek” kompaniyasi oldida jiddiy muammolar yuzaga kelgan. Bu, eng avvalo, zarur texnologiyalarni G‘arb davlatlaridan olish bilan bog‘liq.
Shu tufayli Rossiya uchun yangi gaz koridorlarini topish muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bundan tashqari, Sharq davlatlarida, xususan Xitoyda va Janubiy-Sharqiy Osiyoning bir qancha davlatlarida gazga bo‘lgan talab yuqori darajada saqlanib qolayotganligi ushbu bozorlarga kirish payida bo‘lgan davlatlar sonini oshirmoqda. Ushbu jarayonlar dunyoda energiya ishlab chiqarishning yangi markazlari paydo bo‘lishiga sabab bo‘lsa ajab emas.
Yangi markazlar qanday paydo bo‘ladi?
Xitoyga suyultirilgan gaz yetkazib berish maqsadida Qatar o‘z ishlab chiqarish xajmini qariyb 30-35 foizga oshirmoqda. Bundan tashqari, Eronning Pars konlarida ham katta hajmdagi neft va gaz zaxiralari mavjud. Ushbu zaxira fors ko‘rfazining Shimoliy Qatar va Eronning Janubiy Pars suv xududlarida joylashganligi ushbu davlatlarni yaqin kelajakda energiya manbalari bozorlaridagi asosiy ishtirokchilarga aylantirishi mumkinligi mutaxasislar tomonidan bashorat qilinmoqda.
Gaz zaxiralari 28 trln kub. m va neft zaxirasi 7 mlrd tonnani (45 mlrd barr.) tashkil qilishi mutaxasislar tomonidan tasdiqlangan Janubiy va Shimoliy Parsdek katta markazning paydo bo‘lishi energiya resurslariga bo‘lgan talab va taklif keskin o‘zgarib borayotgan hozirgi bir sharoitda ushbu resurslarni jahon bozorlariga yetkazib berayotgan an’anaviy ishtirokchilar uchun, shu jumladan Rossiya va Qozog‘iston uchun (O‘zbekiston ham bundan istisno emas) strategik ahamiyatga ega bo‘lgan raqobatchilarning paydo bo‘lishiga olib keladi.
Yevropa Rossiya gazi o‘rniga muqobil ta’minotchilarni topayotgan bir paytda Sharqiy va Janubiy Osiyo davlatlarida gazga bo‘lgan talab deyarli o‘zgarmasdan turibdi. Lekin, neftning jahon bozorlaridagi narxi arzonlashishi Osiyo va Tinch okeani hududidagi bozorlarda gazga, shu jumladan STGga, bo‘lgan talabning pasayishiga ham olib kelishi mumkinligi taxmin qilinmoqda. Mana shunday sharoitda iste’mol bozorida raqobat yanada kuchayishini his qilgan “Gazprom” o‘ziga yangi hamkorlar qidirishi yoki eskilariga sheriklikning yangi loyihalarini taklif qilishi tabiiy. Bunday harakatlar iqtisodiyot nuqtai nazaridan bozor qonuniyatlariga to‘liq mos keladi.
Ehtiyotkorlik talab etiladi
Rossiyaning neft va gaz bozorlaridagi manfaatlari Qozog‘iston va O‘zbekiston bilan Sovetlar davridan buyon chambarchas bog‘langan. Masalan, Rossiya yoqilg‘i mahsulotlarini Xitoy bozorlariga yetkazishda Qozog‘istonning transport quvurlaridan keng foydalanib kelmoqda. Gaz sohasida esa Sovetlar tuzimi davrida markazlashtirilgan infratuzilma barpo etilib, unga O‘zbekiston ham gaz yetkazib beruvchi sifatida qo‘shilgan edi. Rossiyaga qarshi sanksiyalar hamda eksport uchun embargolar qo‘llanishi, neft narxiga yuqori chegara belgilanishi hamda gaz narxiga cheklovlar o‘rnatilishiga urinishlar bo‘lib turgan bir paytda Rossiya gaz xomashyosini sotishda Qozog‘iston va O‘zbekiston bilan hamkorlikning yangi loyihalarini taklif qilmoqda. Rossiya tomonidan bildirilayotgan bunday qiziqishning asosiy maqsadi mamlakat gazini Xitoyga eksport qilishda Markaziy Osiyo bilan Xitoy o‘rtasida qurilgan va faoliyat ko‘rsatib turgan yuqori quvvatli gaz quvurlaridan foydalanishdan iborat.
Qozog‘iston YEOII hamda KXSHT a’zosi sifatida Rossiya bilan neft va gaz sohasidagi o‘zining manfaatlari, xuquq va majburiyatlaridan kelib chiqib, bunday taklifga o‘z munosabatini bildirdi. Ya’ni OAV orqali 2023 yil 18 yanvar kuni Sankt-Peterburgda Qozog‘iston bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Roman Sklyar va Rossiyaning «Gazprom» kompaniyasi boshqaruvi raisi Aleksey Miller o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tganligi, muzokaralar yakunlariga ko‘ra, tomonlar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikning asosiy yo‘nalishlarini, xususan, Orenburg GESida qozoq gazini qayta ishlash, Rossiya gazini Qozog‘istonga yetkazib berish imkoniyatlari hamda istiqbolli hamkorlik loyihalarini belgilovchi „yo‘l xaritasi“ imzolanganligi to‘g‘risida xabar tarqatildi. Shuningdek, tomonlar energetikaning barcha sohalarida hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyorligini tasdiqlagan, ya’ni Rossiya bilan Qozog‘iston gaz transporti tizimini modernizatsiya qilish, mamlakatning shimoliy va sharqiy hududlarini gazlashtirish, Rossiya energiya tashuvchilarini uchinchi davlatlarga tashish hajmini oshirishda hamkorlik qilishi o‘zaro manfaatli bo‘lishi qayd etilgan. Bunday kelishuvlarni tomonlar bir-birini istisno qiluvchi emas, balki bir-birini to‘ldiruvchi sifatida baholaganlar.
Biz bu ma’lumotlarni muxokama qilish uchun emas, balki bu boradagi O‘zbekistonning pozitsiyasini to‘g‘ri anglab yetishimiz uchun keltirdik, xolos.
Xuddi shunday, gazni transport quvurlari orqali uchinchi mamlakatlar bozorlariga olib chiqish borasida Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasida ham tijoriy manfaatlarni muvofiqlashtirish borasida ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazilayotganligi xech kimga sir emas. O‘zbekiston energetika vaziri bu borada xukumatning rasmiy pozitsiyasini bayon etib, O‘zbekiston hozirda qo‘shni davlatlardan gaz va elektr energiyasi importi borasida muzokaralar olib borayotganligini, O‘zbekiston bu borada hamkorlikka tayyor ekanligini va bu hamkorlik hech qanday “alyanslar yoki ittifoqlar” orqali emas, balki tijorat shartnomalari, bozordagi oldi-sotdi operatsiyalari orqali amalga oshirilishini aniq va tiniq qilib bayon etgan edi.
O‘zbekistonning bunday pozitsiyada turib hamkorlik qirralarini belgilayotganligining bir qancha sabablari bor.
Birinchidan, gaz ta’minotining texnik imkoniyatlari borasida O‘zbekiston bilan Qozog‘istonning farq qiladigan jihatlari bor. Shuni hisobga olgan holda imkoniyatlar va manfaatlarni baholash bo‘yicha bir qator qo‘shimcha uchrashuvlar o‘tkazilishi tabiiy. Shunga qarab transchegaraviy gaz ta’minotini tashkil qilishning amaliy imkoniyatlari O‘zbekiston xukumati tomonidan chuqur urganilib chiqilishi lozim.
Ikkinchidan, gazni O‘zbekiston orqali Xitoyga eksport qilish hajmini oshirish bizning gaz yetkazish infratuzilmamizni modernizatsiya qilish, va hatto, yangi gaz quvurlarini qurish zaruratini tug‘dirishi mumkin. Bu esa katta xarajatlarni talab etadi. Bundan tashqari, dunyoda yuzaga kelgan geosiyosiy vaziyat shundayki, ertaga tabiiy gaz bozorida qanday qarorlar qabul qilinib, sanksiya va cheklovlar belgilanishi mumkinligini va ular nima oqibatlarga olib kelishini hech kim oldindan bashorat qilib bera olmaydi. Shu o‘rinda, hozircha Rossiya gazining to‘g‘ridan – to‘g‘ri yoki tranzit davlat orqali eksportiga sanksiya va cheklovlar o‘rnatilmagan bo‘lsa-da, keyinchalik vaziyat o‘zgarib, gaz ta’minoti tufayli O‘zbekiston Rossiyaga qo‘yilgan sanksiyalar ta’sirida qolmaydimi, degan savol tug‘ilishi tabiiy.
Energetika vazirining rasmiy pozitsiyasidan, bu masalalar hukumatning e’tiboridan chetda qolmayotganligini, bu borada yetti o‘lchab, bir kesib, juda hushyorlik va ehtiyotkorlik bilan ish ko‘rilayotganligini anglashimiz mumkin.
Mavjud quvvatlar kimga xizmat qiladi?
Mamlakatimiz qo‘shni Qozog‘iston va Turkmanistondan farqli o‘laroq, bir vaqtning o‘zida tez o‘sib borayotgan iqtisodiyot va aholi ehtiyojlarini qondirish uchun chetga eksport qilinayotgan gaz hajmini qisqartirishga majbur bo‘ldi. Bundan keyin mamlakatimizning gaz qazib olish salohiyati oshib borgani bilan iqtisodiyotimizning gaz iste’moliga bo‘lgan talabi ham ortib boradi. Chunki biz gazimizni nafaqat isitish va energetika tizimiga, eng asosiysi uni qayta ishlab, tayyor maxsulot oluvchi kimyo sanoatini rivojlantirishga qaratishimiz kerak. Bu, yuqori iqtisodiy samaradorligi inobatga olingan holda, Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan strategik vazifa hisoblanadi.
Mana shunday sharoitda magistral transport quvurlarimizdan qanday va nima maqsadlarda foydalanish masalasi e’tibordan chetda qolmayotganini ko‘rib turibmiz. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi va “Gazprom” kompaniyasi o‘rtasida gaz sohasida hamkorlik bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” imzolanishi ham, eng avvalo, O‘zbekiston milliy iqtisodiyotining manfaatlariga xizmat qiladi. Berilgan rasmiy bayonotga ko‘ra, hozircha Rossiyadan O‘zbekistonga tabiiy gaz yetkazib berishning texnik imkoniyatlari muhokama qilingan. Imzolangan “Yo‘l xaritasi”ga muvofiq “O‘rta Osiyo – Markaz” gaz quvuri orqali gaz tranzitini amalga oshirishning texnik chora-tadbirlari o‘rganiladi, sungra tabiiy gazni yetkazib berish bo‘yicha asosiy shartlar muhokama qilinadi. Bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekistonning mavjud gaz transporti tizimi (egalik huquqi ham boshqaruv huquqi ham dahlsiz holatda) hozircha ichki bozordagi tabiiy gazga bo‘lgan talabni qondirishga hizmat qiladi.
Kelgusida albatta ushbu quvurlarning tranzit salohiyatidan foydalanish imkoniyatlarini ishga solish ham iqtisodiyotimiz uchun o‘ta manfaatli ish bo‘ladi. Buning bir qancha asoslarini keltirib o‘tmoqchiman:
«Gazprom» ayni paytda Xitoyga ko‘proq gazni eksport qilish taraddudida muzokaralar olib bormoqda. Masalan, shu bugunning o‘zida «Ural – Buxoro» gaz quvuri orqali yiliga 5-10 mlrd kubometr gazni tranzit qilish imkoni borligi haqida ma’lumotlar bor (Rossiyalik ekspertlarning fikricha, keyinchalik ushbu hajmni 30 mlrd kubometrgacha olib chiqish mumkin). Ushbu gazni tranzit yoki Svop shartnomalari asosida yetkazib berish hisobiga ham mumaygina samara olsa bo‘ladi. Bular albatta shartnoma tuzish bo‘yicha o‘tkaziladigan keyingi muzokaralarda aniqlanadi.
Bundan tashqari, Rossiya Janubiy Osiy mamlakatlari — Pokiston va Hindiston bozorlariga ham chiqishni maqsad qilgan. Bu borada yuqorida aytganimizdek, yangi tashkil bo‘layotgan “gaz markazi” Qatar va Eron bilan raqobatga kirishish uchun O‘zbekiston va Qozog‘istonning gaz quvurlaridan foydalanishga bo‘lgan ehtiyoj yanada ortadi. Bu loyiha, albatta, Afg‘onistondagi vaziyat bilan birgalikda qaralishi kerak bo‘ladi.
Xulosa qilib aytganda, hozirgi yuzaga kelgan geosiyosiy vaziyatdan o‘zining milliy manfaatlari yo‘lida foydalanishga harakat qilmayotgan davlatni topish qiyin. Bunday sharoitda halqaro qabul qilingan normalarni buzmagan holda milliy iqtisodiyot uchun manfaatli bo‘lgan loyihalardan nega voz kechilishi kerak? Mamlakatimiz ratifikatsiya qilgan xalqaro shartnomalar va hujjatlar, shuningdek, Tashqi siyosiy faoliyat konsepsiyasi doirasida energetik mustaqilligimizga zarar yetkazmagan holda hamkorlik qilish milliy iqtisodiyotimiz manfaatlariga mos keladi.
Sharofiddin NAZAROV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
Budjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi raisi,
iqtisodiyot fanlari doktori,
professor.