Endi barcha muammolar mahallaning o‘zida hal etiladi

 

Mahalla azaldan milliy urf-odat va an’analarimizni bezavol saqlab, xalqimizni o‘zaro bir-biri bilan uyg‘un bo‘lib yashashga o‘rgatadigan, yosh avlod vakillarini bag‘rikenglik ruhida tarbiyalaydigan maskan hisoblanadi.

Xalq bilan davlat o‘rtasidagi ishonchli ko‘prik vazifasini bajaradigan noyob tuzilma sifatida namoyon bo‘layotgan mahallada yurtimizda yashayotgan har bir inson, millati, tili va dinidan qat’i nazar, o‘z yutuq va kamchiliklarini muhokama qiladi, muammolariga yechim izlaydi.

Keyingi yillarda mahalla institutiga milliy davlatchiligimizning asosiy quyi bo‘g‘ini sifatida qaralib, uning jamiyat boshqaruvidagi o‘rni va rolini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli va puxta o‘ylangan islohotlar amalga oshirayotgani hech kimga sir emas.

Prezidentimizning Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida bundan buyon davlat investitsiya dasturlari mahalla darajasiga tushirilishi, har bir mahalla o‘zining kutubxonasi, sport maydonchasiga ega bo‘lishi haqidagi tashabbuslar ilgari surilgani mahallaning nufuzini yanada oshirish, buning uchun fuqarolar yig‘inlarining moddiy-texnik imkoniyatlari, tizim xodimlarining moddiy ta’minotini yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan ishlar yangi bosqichga ko‘tarilishidan dalolatdir.

Haqiqatdan ham, mahalla shu hududda yashayotgan aholini bir joyga jamlay oladigan qadrdon maskanga aylanishi uchun xulqi, bilimi bo‘yicha boshqalarga har tomonlama o‘rnak bo‘la oladigan, jonkuyar, elparvar, zamonaviy fikrlovchi mahalla fuqarolar yig‘ini mutaxassislari va mahallaning moddiy-texnik bazasi kuchli bo‘lishi kerak.

Joriy yildan boshlab mahalla o‘z muammolarini mustaqil hal etishi uchun “Mahalla budjeti” tizimiga ega bo‘lishi, ya’ni, bundan buyon mol-mulk va yer soliqlarining bir qismi mahallaning o‘zida qolishi ko‘plab masalalarni shu yerning o‘zida hal etilishiga xizmat qiladi.

Har oyning oxirgi haftasida xalq bilan muloqot qilish maqsadida o‘z saylov okrugimizda bo‘lamiz. Hududda o‘tkaziladigan uchrashuv va muloqotlar davomida eng avvalo mahallalardagi bino va inshootlar, ulardagi moddiy-texnik baza bilan tanishishga to‘g‘ri keladi.

Joylarda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari majmuasi tashkil etilishi bilan bog‘liq turli xil yondashuv, yechim va natijalarga duch kelamiz. Qaysidir mahallaning idorasi to‘la-to‘kis jihozlangan bo‘lsa, yana boshqasida binolar ta’mirtalab holatda, zamonaviy axborot texnologiyalaridan darak ham yo‘qlari uchrab turadi.

Vaholanki, bugun o‘z ortidan hududdagi aholini, yoshlarni ergashtira oladigan mahalla xodimi mamlakatimizda va dunyoda yuz berayotgan voqea-hodisalardan o‘z vaqtida boxabar bo‘lishi kerak. Aholi hayotini yaxshilashga qaratilgan qonun va qonunosti hujjatlarning mazmun-mohiyatini xalqimizga to‘g‘ri yetkaza olishi lozim.

Ammo shunday bir paytda mahalla majmualarida zarur tashqi muhandislik-transport kommunikatsiyalari, elektr, gaz, suv va aloqa ta’minoti haminqadar bo‘lsa, oldimizga qo‘yayotgan maqsadlarga ham erishish qiyin bo‘ladi.

“Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari majmualarini tashkil etish bo‘yicha 2021-2022 yillarga mo‘ljallangan manzilli dastur” doirasida 2021-2022 yillarda respublika bo‘yicha jami 2 951 ta majmua, shundan 2 243 ta majmuani davlat-xususiy sheriklik asosida, 708 ta majmua mahalliy budjetning qo‘shimcha manbalari hisobidan qurilishi belgilangan.

O‘tkazilgan o‘rganishlar davomida manzilli dasturda aks etgan 2 951 ta binodan 2 051 tasining qurilishi yakunlangani, mahalla binolari uchun zarur tashqi muhandislik-transport kommunikatsiyalari o‘tkazilgani, 721 tasida qurilish ishlari olib borilayotgani, 189 ta majmuaning esa qurilishi boshlanmagani aniqlandi.

Shu nuqtai nazardan, biz deputatlar mahallaning o‘rni, nufuzi va maqomini oshirish, ayniqsa, mahallalarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ularning davlat ahamiyatiga molik masalalardagi ishtirokini yanada kengaytirishga qaratilgan qonunchilikni takomillashtirishga o‘z hissamizni qo‘shamiz.

 

Mavjuda HASANOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish