Fermer xo‘jaliklari manfaatlari himoyasi muhim

 

Bugun parlament Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Fermer xo‘jaligi to‘g‘risidagi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Mamlakatimizda qishloq xo‘jaligini isloh qilish, xususan, sohada davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish, bozor munosabatlarini keng joriy qilish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchi, qayta ishlovchi va sotuvchi subyektlar o‘rtasidagi munosabatlarning huquqiy asosini mustahkamlash borasida muhim ishlar amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020–2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyasiga muvofiq, 2020 yildan boshlab davlat buyurtmasi asosida paxta va boshoqli don yetishtirish amaliyoti bekor qilindi. Qishloq xo‘jaligida erkin raqobatni ta’minlaydigan, mehnat unumdorligini oshirish va manfaatdorlikni ta’minlashga qaratilgan qulay agrobiznes muhiti yaratilmoqda.

Qonun loyihasida fermer xo‘jaliklarining tuzilgan kontraktatsiya shartnomalariga muvofiq, davlat ehtiyojlari uchun qishloq xo‘jaligi mahsuloti nazarda tutilgan hajmlarda yetkazib berilishini ta’minlashi bilan bog‘liq majburiyati bekor qilinmoqda.

Shuningdek, fermer xo‘jaliklari tuman irrigatsiya bo‘limi bilan suv yetkazib berish va suv xo‘jaligi xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha tuzilgan shartnomaga muvofiq suv resurslaridan foydalanishi, suvni tejash, suv resurslaridan maqsadli va oqilona foydalanish chora-tadbirlarini ko‘rishi nazarda tutilmoqda.

Deputatlar loyihani muhokama qilar ekan, mazkur qonun qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilar tomonidan yer va suv resurslaridan samarali foydalanish, chekka hududlarda aholi bandligi ta’minlanishi, manfaatdorligi va daromadlari oshishiga xizmat qilishini ta’kidladi. Qator taklif va mulohazalar bildirilib, hujjat konseptual jihatdan ma’qullandi.

Yig‘ilishda Yo‘l harakati to‘g‘risidagi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda muhokama qilindi. So‘nggi yillarda transport sohasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish, yo‘llarda harakatlanish havfsizligini ta’minlash, ya’ni yo‘llarda turli qoidabuzarliklar sodir etilishi, insonlar o‘limi bilan bog‘liq mudhish holatlarning oldini olish masalalariga jiddiy e’tibor qaratilmoqda.

Taqdim etilgan qonun loyihasida yo‘l harakati sohasidagi asosiy prinsiplarga ham o‘zgartirishlar kiritilayotgan bo‘lib, endilikda yo‘llarda xavfsizlikni ta’minlashda ekologik xavfsizlik va atrof-muhit muhofaza qilinishining ustuvorligi, mahalliy aholi va yo‘l harakati ishtirokchilari fikrining inobatga olinishi ham ko‘zda tutilmoqda.

Shuningdek, Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash sohasidagi maxsus vakolatli davlat organlar ham qayta ko‘rib chiqilgan bo‘lib, Ichki ishlar vazirligi davlat yo‘l harakati xavfsizligining vakolatlari kengaytirilmoqda. Deputatlar qonun loyihasini moddama-modda muhokama qilar ekan, uning nihoyatda zarurligiga e’tibor qaratdi. Boisi so‘nggi yillarda avtohalokatlar qurbonlari soni tobora ortib bormoqda. Muammoni qonunchilikka muayyan o‘zgartirishlar kiritibgina tizimli hal qilish mumkin. Fraksiya a’zolari ekstremal iqlim sharoitlari, tabiiy ofatlar, avariyalar, yong‘inlar yoki texnogen xususiyatli boshqa favqulodda vaziyatlar ro‘y berganda insonlarning hayoti va sog‘lig‘i himoyalanishi yuzasidan o‘z taklif va tavsiyalarini berib, qonun loyihasini ma’qulladi.

Yig‘ilishda, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Tojikiston Respublikasi Hukumati o‘rtasida fors-major holatlarda davlat aviatsiyasi havo kemalari tomonidan havo hududi va aerodromlardan foydalanish sohasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi Bitimni ratifikatsiya qilish haqidagi qonun loyihasi ham ko‘rib chiqildi va ma’qullandi.

 

 

 

Teglar

Deputat Jamoatchilik qabulxonasi Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish