Kuni kecha davlatimiz rahbari yana bir muhim dolzarb masalada videoselektor yig‘ilishini o‘tkazdi. Mazkur yig‘ilishda hozirgi kunda muhim bo‘lgan jamoat transporti va odamlarga qulaylik yaratish haqida ko‘plab vazifalar belgilab berildi.
Yurtimizda bu xizmatdan kuniga 10 milliondan ortiq yo‘lovchi foydalanishi, joriy yilda 2 mingta avtobus olib kelinishi, biroq qancha ko‘p avtobus olib kelinmasin, joylardagi transport boshqarmalari va avtobus parklarida hozirgi ish tizimi o‘zgarmasa, aholi ehtiyojiga yarasha xizmat ko‘rsatish ijobiy bo‘lmasligi qat’iy ta’kidlab o‘tildi. Bugungi kunda barcha sohalarda o‘zgarishlar, rivojlanish ketayotgan bir vaqtda, transport sohasida o‘zgarishlar bo‘lmayotganligi, zamon talablariga mos kelmasligi tanqid qilindi.
Bundan tashqari, transport korxonalari kunlik tushum rejasi bilan bog‘lanib qolganligi, avtobuslar kunning “eng daromadli” paytida harakatlanishga odatlanib qolgani hamda qolgan vaqtlar yo‘lovchilar uzoq kutishi yoki taksida yurishga majbur bo‘lib qolayotganligi tanqid ostiga olindi. Yig‘ilishda muammo va kamchiliklardan kelib chiqib, kunlik tushum rejasini belgilash amaliyoti bekor qilinishi aytildi. Yangicha tizim yaratilishi, unda tashuvchilarga mablag‘lar avtobusning yurgan masofasi va odamlar xizmat sifatidan qoniqishi, avtobusdagi qulayliklar va sanitar holat, kech qolmasdan bekatga yetib kelishiga qarab baho beriladigan tizimga aylantirilishi ta’kidlandi.
Jamoat transporti aholiga qulay, tadbirkorlar uchun esa jozibador bo‘lishi kerakligi, aholi ehtiyojidan kelib chiqib, qayta ko‘rib chiqilishi zarurligi va mahalliy so‘rovlar o‘tkazilib, aholining talab va istaklari inobatga olinishi bildirildi. Bundan ko‘rinib turibdiki, aholining taklifi va jamoatchilikning istak va xohishiga qarab, yangi tizim joriy etilishida bevosita jamoatchilik ishtiroki muhim bo‘ladi.
Tadbirkorlarga ham yengilliklar berilishi, yangi avtobus olib kelgan tadbirkorga qo‘shilgan qiymat solig‘ini bo‘lib - bo‘lib to‘lashga ruxsat berish imtiyozi berilmoqda. Tadbirkorlarga 10 yilgacha muddatda imtiyozli kredit beriladi.
Hammamizga ma’lumki, poytaxtimizda aholi gavjum, yo‘llardagi tirbandliklarga deyarli har kuni guvohi bo‘lamiz, bu esa odamlarning uzoq vaqt yo‘lda qolib ketishiga sabab bo‘layotgandi. Endilikda Toshkent shahrida 73 ta asosiy ko‘chada avtobuslar uchun alohida yo‘lak tashkil etiladi, chorrahalar o‘tkazuvchanligini oshirish dasturi ishlab chiqiladi. Avtobuslarning o‘rtacha tezligi 1,5 baravarga oshiriladi, bu esa kechikishlarning bartaraf etilishini ta’minlaydi.
Bu kabi o‘zgarishlar barcha hududlarda, xuddi poytaxtdagidek transport infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha manzilli dastur asosida amalga oshirilishi yuzasidan mas’ullarga topshiriqlar berildi.
Biz deputatlar ham o‘z saylov okruglariga borganimizda jamoat transporti haqida aholi tomonidan ko‘plab murojaatlar bo‘ladi. Qishloqlardan tuman markaziga borish oson emasligi, yo‘l kiralarning qimmatligi va rejasiz qatnashlar odamlarga noqulayliklar keltirib chiqarayotganligi bor haqiqat. Ayniqsa, bir transportga haydovchilar tomonidan keragidan ortiq yo‘lovchilar olinishi insonlar hayotiga jiddiy xavf tug‘diradi. Aynan bayram kunlari arafasida uzoq masofaga qatnovchi transport vositalari narxlarining ko‘tarilib ketishi ham ko‘pchilikning haqli e’tirozlariga sabab bo‘lib kelayotgan edi.
Jamoat transportlarining tartibga solinishi odamlarning xavfsizligini ta’minlashga va uzog‘ini yaqin qilishga, eng muhimi, o‘z manzillariga xavf-xatarsiz, kechikmasdan yetib borishiga xizmat qiladi. Inson qadrini ulug‘lashga ularning og‘irini yengil qilishga zamin yaratishi shubhasiz.
Mavjuda Hasanova,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.