«Mahalla budjeti» mahallalarning moliyaviy imkoniyatini kengaytiradi

 

Bugungi kunda mahallada aholi hayotini yaxshilash, daromadlarini oshirish va hayot sifatini yaxshilashga qaratilgan xayrli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Ijtimoiy, madaniy, shuningdek asosiy ehtiyojlarni qondirish bunga misol bo‘la oladi. Masalan, aholining muhtoj qatlamlariga ijtimoiy yordam ko‘rsatish tizimi — “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” allaqachon o‘z natijalarini ko‘rsatdi.

Bugungi kunda Xalq deputatlari mahalliy Kengashlarida partiyadan saylangan 1700 nafardan ortiq deputatlar, kambag‘allikni qisqartirish va tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha 9,5 ming nafarga yaqin hokim yordamchilari faoliyat yuritmoqda. Bu esa fuqarolarning mahalla bilan munosabati yaqinlashishi, har bir kishining murojaati izchil o‘rganilishi, muammolar joyida hal qilinishiga asos bo‘lmoqda.

Prezident Murojaatnomasidagi «Mahalla budjeti» tizimini joriy etish to‘g‘risidagi tashabbus mahallaning o‘zidayoq ko‘plab muammolarni hal qilishga imkon beradi. Bu fuqarolarning turli masalalar: obodonlashtirish, moddiy yordam, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha murojaatlarini ko‘rib chiqish vaqtini sezilarli darajada qisqartiradi, shuningdek, mablag‘ talab qiluvchi masalalar endi mahalla ixtiyoriga o‘tadi. Bu mablag‘lar o‘sib kelayotgan avlod bo‘sh vaqtini sifatli o‘tkazishi, jismonan va ma’nan sog‘lom bo‘lib voyaga yetishi uchun kutubxonalar, sport maydonchalari tashkil etishga yo‘naltiriladi.

Ko‘plab vakolatlarni mahallaga o‘tkazish allaqachon o‘z natijalarini ko‘rsatmoqda. Kambag‘allikni qisqartirish, jamiyatda hamjihatlikni mustahkamlash, aholi farovonligini oshirish, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash kabi vazifalar mahalladagi ijtimoiy tizimning katta qismini tashkil qiladi. Bunday tizim mahallani mustahkamlash uchun poydevor bo‘lib xizmat qiladi.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining barcha darajadagi deputatlik birlashmalari a’zolari o‘z saylov okruglarida aholini ijtimoiy himoya qilish va ko‘makka muhtoj oilalarni moddiy qo‘llab quvvatlashga qaratilgan tizimli ishlarni, islohotlarni hayotga tatbiq etish bo‘yicha amalga oshirilayotganligini joylarga chiqqan holda doimiy ravishda o‘rganib bormoqda. Mahallabay ishlash tizimini yangi bosqichga olib chiqish, jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘i va yer solig‘ini yig‘ish ko‘rsatkichlarini oshirish orqali yangi ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish uchun qo‘shimcha mablag‘larni jalb qilish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mahalla budjeti” tizimini joriy etish orqali mahallalarning moliyaviy imkoniyatini yanada kengaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarori qabul qilindi.

“Mahalla budjeti” tizimi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Soliq qo‘mitasi birgalikda har bir mahallaning o‘ziga xos xususiyati va salohiyatidan kelib chiqqan holda amalga oshiriladi. Qo‘shimcha manbalarni izlash va shu asosda ularning daromadlari bazasini kengaytirish yo‘li bilan mahallaning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish jamg‘armalarining daromadlari parametrlarini so‘zsiz bajarish bo‘yicha faoliyat muvofiqlashtirilgan holda yo‘lga qo‘yiladi. Joriy yil 1 yanvardan Beruniy, Andijon, Olot, Zomin, Qarshi, Karmana, Uychi, Urgut, Jarqo‘rg‘on, Sayxunobod, Bo‘ka, Bog‘dod, Bog‘ot, Uchtepa tumanlarida mol-mulk va yer solig‘i (bundan noturar joylar bo‘yicha yer va mol-mulk solig‘i mustasno) bo‘yicha undirilgan mablag‘larning 10 foizi hisobot oyidan keyingi oyning 10-sanasiga qadar tuman budjetlari orqali tegishli jamg‘armalarga yo‘naltiriladi. Soliq qo‘mitasi tomonidan joriy yilning 1 aprelga qadar fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organiga mol-mulk va yer solig‘i bo‘yicha hisoblangan to‘langan mablag‘lar va soliq qarzdorligi to‘g‘risidagi ma’lumotlardan real vaqt rejimida foydalanish imkoniyati yaratiladi. “Mahalla budjeti” tizimi asosida shakllantirilgan mablag‘lar mol-mulk va yer solig‘i bo‘yicha undirilgan mablag‘larning 10 foizi ajratmalarini o‘z ichiga oladi. Shuningdek, Prezidentning 2022 yil 16 avgustdagi “Mahalla institutining jamiyat hayotidagi rolini mustahkamlash va moliyaviy imkoniyatini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida nazarda tutilgan mablag‘larni o‘z ichiga oladi.“Mahalla budjeti” tizimi asosida shakllantirilgan mablag‘lar “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi Qonunda nazarda tutilgan fuqarolar yig‘ini kengashi tomonidan boshqariladi. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi tomonidan “Ochiq budjet” axborot portaliga joylashtirib boriladi.

Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash lozimki, O‘zbekiston XDP ning dasturiy maqsadlarini amalga oshirishning asosiy tamoyili hisoblangan bu kabi ijtimoiy harakatlarni to‘la qo‘llab-quvvatlaymiz.

 

Boymurat Yusupov,

O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi Boshqarma boshlig‘i.

 

 

 

 

Teglar

Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish