O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublika Kengashi Ijroiya qo‘mitasi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesidagi fraksiyasining 2022 yil yakunlari va oldida turgan ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan qo‘shma majlisi o‘tkazildi.
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublika Kengashi raisi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesidagi Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari Xalilla Yeshimbetov partiya Ijroiya qo‘mitasi va partiya fraksiyasining 2022 yildagi amalga oshirgan ishlari bo‘yicha hisobot berdi. Hisobot davrida, partiyaning dasturiy maqsad va vazifalaridan kelib chiqib, partiya elektorati manfaatlari himoyasiga qaratilgan “Deputat mahallada”, “Ayollarga ko‘mak”, “Yoshlarga ko‘mak”, “Deputat va yoshlar”, “Ezgulik”, “Ayollar bilan yuzma-yuz”, “Mahallada kambag‘al oilalar sonini kamaytirish”, “Mehr ulashaylik”, “Xalq bilan muloqot – muammolarni samarali, tezkor hal qilish omili”, “Sog‘lom ayol kerak hayotga” va boshqa shu kabi amaliy loyihalar doirasida 855 marta targ‘ibot-tashviqot tadbirlari tashkil etilib, unda 28 ming 215 nafar fuqaro qamrab olingan. Masalan, “Deputat mahallada” loyihasi doirasida Qoraqalpog‘istondagi deputatlarimizga 153 ta murojaat kelib tushib, ularning 137 tasi hal qilingan bo‘lib, qolganlari nazoratga olindi. “Ayollarga ko‘mak” loyihasida 145 nafar xotin-qizning kasb-hunarga o‘qishiga ko‘maklashildi, 12 nafarining bandligi ta’minlandi, 15 nafariga o‘z tadbirkorligini boshlashga yordam ko‘rsatildi. “Yoshlarga ko‘mak” loyihasida 89 nafar kasb-hunar o‘rganish istagini bildirgan yoshlar “Ustoz shogird” tarzida biriktirildi. “Ezgulik” va “Mehr ulashaylik” loyihalarida 171 ta ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar holidan xabar olinib, ularni qiynab kelayotgan muammolar o‘rganildi. Ushbu oilalarga oziq-ovqat mahsulotlari, kiyim-kechaklar tarqatildi. “Sog‘lom ayol kerak hayotga” loyihasida 62 marta bepul tibbiy ko‘rik tashkil etilib, 585 nafar xotin-qizlar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesidagi partiya fraksiyasi va partiya Kengashlari bilan hamkorlikda 2022 yil davomida 48 ta qonun loyihasining joylardagi muhokamasi tashkil etilib, 20 ta taklif berildi.
Jo‘qorg‘i Kengesdagi partiya fraksiyasi tashabbusi bilan yolg‘iz keksalar, boquvchisi yo‘q oilalarga, nogironligi bo‘lgan shaxslarga hamda olis hududlarda istiqomat qiluvchi ehtiyojmand oilalarga yordamlar ko‘rsatish maqsadida 207 ta mahalladagi 650 xonadonning muammolari o‘rganildi va amaliy yordamlar ko‘rsatildi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesidagi partiya fraksiyasi, Xalq deputatlari tuman, shahar Kengashlaridagi deputatlik guruhlari tashabbusi bilan 108 ta masala partiya guruhlarida, 105 ta masala doimiy komissiyada, 84 ta masalani sessiya kun tartiblariga kiritib, tegishli qarorlar qabul qilinishiga erishildi.
Hisobot davrida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesidagi partiya fraksiyasi, Xalq deputatlari tuman, shahar Kengashlaridagi deputatlik guruhlari tomonidan dolzarb muammolar yuzasidan 52 marta davlat hokimlik organlarining axborotlari tanqidiy eshitildi va eshituv yakunlari bilan, muammolarni bartaraf etishga qaratilgan tegishli vazifalar belgilab olindi.
Bugungi kunda partiya Kengashlari qoshida fuqarolarning murojaatlarini qabul qilish va elektoratni tashvishlantirayotgan asosiy muammolarni o‘rganish maqsadda “Jamoatchilik qabulxonalari” faoliyat yuritmoqda. O‘tgan yilda “Jamoatchilik qabulxonalari”ga jami 1052 murojaat kelib tushgan va ularning 89,8 foizi deputatlar va hamkor tashkilotlar bilan birgalikda ijobiy yechilishiga erishilgan.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi tashabbusi bilan barcha darajadagi deputatlarning o‘z saylov okruglarida bo‘lishi hamda aholi bilan muloqot qilishi, ularning muammolarini o‘rganish maqsadida har oyda “Dolzarb 10 kunlik” joriy qilingan. Bunda deputatlarimiz faol ishtirok etib kelmoqda va bu tashabbus aholini qiynab kelayotgan muammolarning yechimini topish, saylovchilar bilan doimiy aloqada bo‘lish imkonini bermoqda. Shu kunga qadar deputatlarimiz tomonidan 364 ta muammoli masalalar aniqlandi hamda ularning 350 tasi o‘z yechimini topdi.
Bundan tashqari, Xalq deputatlari tuman (shahar) kengashlaridagi partiya guruhlari a’zolari tomonidan 434 marta deputatlik so‘rovlari yuborilgan.
Bugungi kunda yurtimizda “Inson qadri uchun” tamoyili asosida ko‘plab ishlar olib borilmoqda. Sharoiti og‘ir, kam ta’minlangan fuqarolarning turmush darajasini yaxshilash borasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi tashabbusi bilan Qoraqalpog‘istonda “Mehr harakati” boshlandi.
Ushbu “Mehr harakati” doirasida deputatlarimiz faol ishtirok etib, o‘z saylov okrugi hududidagi sharoiti og‘ir xonadonlardan xabar olib, aniqlangan muammolar tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda hal qilinmoqda.
Shuningdek, Qo‘shma yig‘ilish davomida yurtimizda olib borilayotgan islohotlar jarayonida faol ishtirok etish, partiya tashkilotlari va deputatlik birlashmalari faoliyatini yanada jonlantirish, partiya saylovoldi dasturida belgilangan vazifalarni hayotga tatbiq etishdagi ustuvor vazifalar belgilab olindi va tegishli qarorlar qabul qilindi.