Jahon tarixida o‘chmas iz qoldirgan betakror siymolardan biri Zahiriddin Muhammad Bobur buyuk shoir, qomusiy olim, davlat arbobi va mohir sarkarda sifatida butun dunyoda ma’lum va mashhurdir. Uning beqiyos ilmiy-ijodiy merosi nafaqat milliy madaniyatimiz va xalqimiz adabiy-estetik tafakkurining shakllanishida, balki jahon adabiyoti, ilm-fani va davlatchiligi tarixida alohida o‘ringa ega.
Mustaqillik davrida Zahiriddin Muhammad Boburning hayoti va faoliyatini har tomonlama chuqur o‘rganish, uning asarlarini yurtimiz va xorijiy davlatlarda targ‘ib qilish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Xususan, shoir tug‘ilgan kun – 14 fevral sanasi har yili mamlakatimiz bo‘ylab adabiyot va ilm-ma’rifat bayrami sifatida nishonlanmoqda.
TIQXMMI Milliy tadqiqot universitetida ham Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 540 yilligi munosabati bilan "Bobur kabi seving vatanni" nomli ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi. Unda O‘zbekiston XDP Mirzo Ulug‘bek tuman Kengashi deputati Choriyev Ro‘zimurat Kungratovich ishtirok etib, talabalarga Bobur qoldirgan bebaho ilmiy-ijodiy meros haqida so‘zlab berdi.