Qonun loyihasiga sharh
“Qonun loyihasiga sharh” loyihasining navbatdagi sonida “Narkologik kasalliklar profilaktikasi va ularni davolash to‘g‘risida”gi qonun loyihasi mazmunini sharhlashni maqsad qildik. Bu borada Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Qizilgul Qosimova bilan suhbatlashdik.
– Avvalo, tibbiyot sohasidan chiqqan vakil sifatida narkologik kasalliklar tushunchasiga ta’rif bersangiz — qanday kasallik bu, kimlar bu toifadagi kasallar hisoblanadi?
– Narkologik kasallikka chalinganlar deb narkotik va psixatrop moddalar qabul qiladigan, ichkilikka ruju qo‘ygan, alkogolizmning 2-, 3-darajadagi og‘ir formalari bilan kasallanganlarni aytish mumkin. Bundan tashqari, taksikomaniya, ya’ni benzin hidlaydigan yoki shunga o‘xshash narsalarni hidlab, maroq oladiganlar ham kiradi. Narkotiklarni qabul qiluvchilar ham turli xil — in’eksion yoki tabletka ko‘rinishida qabul qiladiganlar, quruq nashani chekadiganlar yoxud hidlaydiganlar bor. Bularning hammasi bir so‘z bilan narkologik kasallikka chalingan shaxslar deb yuritiladi.
– “Narkologik kasalliklar profilaktikasi va ularni davolash to‘g‘risida”gi qonun loyihasining mazmun-mohiyati haqida to‘xtalsangiz, unda qanday masalalar ko‘zda tutilmoqda?
– Amaldagi 2020 yilda qabul qilingan “Narkologik kasalliklar profilaktikasi va ularni davolash to‘g‘risida”gi qonun bilan ushbu sohadagi tartiblar belgilangan edi. Bu toifadagi kasallarning profilaktikasi bilan birga davolash mexanizmlari, ularni nazoratga olish, majburiy davolanishi borasidagi masalalar tartibga solingan edi.
Ixtiyoriy ravishda davolanishga rozilik bergan narkologik kasallar o‘ziga nisbatan talabi saqlanib qolgan bo‘ladi, ruhiyatida u darajada o‘zgarish, muammo bo‘lmaydi. Ammo eng muammolisi ruhiyatida o‘zgarish bor, davolanishni xohlamaydigan, o‘zini kasal deb sanamaydigan, lekin atrofga, jamiyatga, oilasiga xavf tug‘diradigan kasallar o‘z xohishi bilan shifokorga murojaat qilmaydi.
Bunday kasallarning borligi oila uchun nafaqat moddiy, balki ruhiy, ma’naviy tomondan juda katta zarardir. Bu oilaning baxtsizligi. Chunki ichkilikka ruju qo‘ygan shunday insonlarni bilamizki, oilasidagi bor-budini sotib, ishlamasdan, oilasiga zarar keltirib, urush-janjallardan boshi chiqmaydi, bolalariga, ayoliga nisbatan salbiy munosabatda bo‘ladi.
Narkologik kasalliklar ichida avjiga chiqqani nasha chekib, yana alkogol iste’mol qiladiganidir. Oqibatda ular juda agressiv holga tushadi. Bunday agressiya ta’sirida esa hatto qotillik yoxud qotillikka harakat qilish holatlari yuzaga keladi. O‘z joniga qasd qilish holatlari ham bo‘lishi mumkin.
Bu kabi vaziyatlar amaldagi qonun bilan qamrab olingan. Lekin muammo narkokasallarni majburiy davolanishga yotqizishda. Shu o‘rinda narkologik kasallikka chalingan shaxsni majburiy davolashga yotqizishda kim vakolatli? Tibbiyot muassasasi va mutaxassisning xulosasi bilan hamda yaqin qarindosh-urug‘larining arizalari bilan majburiy davolashga yotqizish mumkin edi. Ammo hayotda shunday vaziyatlar ham bo‘lganki, majburiy davolashga yotqizilgan narkokasal dispanserdan chiqqanidan keyin uni davolashga yotqizgani uchun ayolini urib, hatto o‘ldirgan.
Bu kabi holatlarning oldini olish maqsadida amaldagi “Narkologik kasalliklar profilaktikasi va ularni davolash to‘g‘risida”gi qonunning 25 va 27-moddalariga o‘zgartishlar kiritilib, ichki ishlar organlarining vakolatlari kengaytirilmoqda. Ya’ni, narkologik kasallikka chalingan shaxsni majburiy davolashga yuborish to‘g‘risidagi materiallarni ichki ishlar organlarining tashabbusi bilan ham rasmiylashtirish belgilanmoqda.
– Bu shaxsiy huquq va erkinliklarga daxl qilmaydimi? Ya’ni, qasddan kimnidir dispanserga olib borib yotqizish holatlari bo‘lmaydimi?
– Yo‘q. Hech kim ichib olgan kimnidir ushlab, to‘g‘ridan-to‘g‘ri dispanserga yotqizolmaydi. Bu borada sud qaror chiqaradi. Sud esa albatta, sud narkologik ekspertizaning xulosasiga tayanadi. Viloyatlarda bittadan sud narkologik ekspertiza mavjud. Ushbu sud narkologik ekspertiza kasal majburiy davolanishi kerak, deb xulosa bersagina sud qaror chiqaradi.
Qonun loyihasi bilan profilaktika va davolanishdan tashqari tibbiy reabilitatsiya jarayonlari ham e’tiborga olingan. Majburiy davolanib chiqqan shaxs qayta o‘sha holatga qaytmasligi uchun tibbiy reabilitatsiya juda zarur. Shu bois 12-moddaga qo‘shimcha kiritilib, davlatning kafolati kengaytirildi. Ya’ni, davlat narkologik kasalliklarni profilaktika qilish, davolash barobarida tibbiy reabilitatsiyasini ham kafolatlaydi.
Shu o‘rinda ko‘pchilik deputatlarimizning munozaralariga sabab bo‘lgan bir jihatga to‘xtalmoqchiman. Loyihada ichki ishlar organlarining tashabbusi bilan narkologik kasallikka chalingan shaxs majburiy davolashga yuboriladi, degan joyida deputatlarimiz talabi bilan “dispanser nazoratida turgan bemorlar” degan so‘z kiritildi. Yuqorida aytganingizdek, duch kelgan odamni qasddan, yomonlik qilish maqsadida dispanserga olib borib yotqizolmaydi. Majburiy yotqizish uchun albatta, dispanser nazoratida turgan bemor bo‘lishi kerak. Dispanser nazoratiga olinishini esa sud narkologik ekspertiza hal qiladi.
— Qonun loyihasining qabul qilinishi qanday natija beradi?
— Qonun loyihasining qabul qilinishi narkologik kasalliklarning profilaktikasi, davolanishi va tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiyasini rivojlantirish va kengaytirishga xizmat qiladi. Shuningdek, atrofdagi fuqarolar xavfsizligi va sog‘lig‘iga tahdidlarni bartaraf etish, jamoat tartibini, boshqa shaxslarning huquqlarini buzish, ma’muriy huquqbuzarliklar sodir etish holatlarining oldini olishga asos bo‘ladi.
PS: Quyidagi videohavola orqali sharhning to‘liq shakli bilan tanishishingiz mumkin.
Muhtarama Komilova,
Yoqub Meliboyev (video), O‘zA