Kuni kecha davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Misr Arab Respublikasiga rasmiy tashrif bilan bordi. Misr davlat yetakchisi Prezidentimizni iliq munosabat bilan kutib oldi. Uchrashuv davomidagi ikki davlat yetakchilarining bir-biriga nisbatan iliq va samimiy munosabatlari bizning o‘zbek xalqiga hurmat va e’tibori iliq ekanligidan dalolatdir. Prezidentimiz Qohiradagi Misr sivilizatsiyasi milliy muzeyiga tashrif chog‘ida eksponatlarni katta qiziqish bilan ko‘zdan kechirar ekan, tarix va madaniyat buyuk merosga ega xalqlarimizni yaqinlashtirishning muhim vositasi ekanini alohida qayd etdi.
Misr tomoni vakillari, o‘z navbatida, O‘zbekiston rahbariga muzeyga tashrif uchun minnatdorlik bildirib, xalqlarimizni bog‘lab turuvchi mushtarak jihatlar ko‘pligi, bu do‘stlik va o‘zaro anglashuv rishtalarini mustahkamlashga xizmat qilayotganini ta’kidladilar.
Shuningdek, davlatimiz rahbari ikki mamlakat muzeylari va tarixchilari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish, umumiy merosimizni birgalikda o‘rganish, o‘zaro ko‘rgazmalar, madaniyat kunlarini tashkil etish muhimligini ta’kidladi.
Davlatimiz rahbari Misr ishbilarmon doiralari vakillari, mamlakat yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashdi. Uchrashuv davomida ikki tomonlama munosabatlarda ulkan salohiyat borligi, ishbilarmonlik va tadbirkorlik aloqalarini kengaytirish, O‘zbekiston va Misr o‘rtasidagi o‘zaro investitsiyalarni faollashtirish va savdoni oshirish uchun katta imkoniyatlar mavjudligi alohida ta’kidlandi.
Mamlakatimiz yetakchisi ikki mamlakat ishbilarmon doiralari birgalikdagi sa’y-harakatlari bilan o‘tmishda gullab-yashnagan Buyuk Ipak yo‘lidek mustahkam hamkorlik ko‘priklarini qayta tiklashda muhim o‘rin tutishini ko‘rsatib o‘tdi. Keyingi yillardagi sheriklik sur’ati oshganligi mamnuniyat bilan qayd etildi. Xususan, tovar ayirboshlash ko‘rsatkichlari karrasiga oshdi, qo‘shma loyiha va korxonalar soni 6 barobar ko‘paydi.
Shuningdek, kuni kecha o‘tgan O‘zbekiston-Misr biznes forumining samarali natijalariga ko‘ra, umumiy qiymati 1,6 milliard dollarlik 20 dan ortiq bitim va shartnomalarni amalga oshirish yuzasidan aniq kelishuvlarga erishildi.
Xususan, Misr kompaniyalariga mamlakatimizda katta investitsiya dasturlarini birgalikda amalga oshirish uchun barcha imkoniyatlar yaratilganligi haqida davlatimiz rahbari alohida qayd etdi.
Yana bir ahamiyatli tomoni shunda bo‘ldiki, Misrning yetakchi kompaniyalari vakillari o‘z chiqishlarida Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni yuqori baholadilar.
Bo‘layotgan yangilanishlar, iqtisodiyotning liberallashuvi va qulay investitsiya muhiti yaratilgani Misr biznesining O‘zbekiston bozoridagi faoliyatini kengaytirish uchun katta imkoniyatlar ochayotgani alohida qayd etildi.
Ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish borasida fikr-mulohozalar bilan bo‘lishib, Misrning yirik sarmoyadorlari mamlakatimizni Markaziy Osiyo bozorlariga chiqish uchun ko‘prik sifatida ko‘rayotganlari qayd etildi.
Uchrashuv yakunida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va savdo-investitsiyaviy hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha qo‘shma “yo‘l xaritasi” qabul qilinishi belgilab olindi.
Ikkala davlat yetakchilari O‘zbekiston-Misr hamkorligini yanada rivojlantirish masalalarini atroflicha muhokama qilib, o‘zaro munosabatlarni keng qamrovli sheriklik darajasiga olib chiqishga kelishib oldilar.
Muzokaralar chog‘ida davlat rahbarlari ikki tomonlama munosabatlar jadal rivojlanib borayotgani, keng siyosiy muloqot faollashgani, parlamentlararo aloqalar jadallashganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.
O‘zaro investitsiyalar jalb qilish uchun qulay sharoitlar yaratishga kelishib olindi. Ikki mamlakat iqtisodiyotlari bir-birini to‘ldirib turuvchi xususiyatga ega ekanidan kelib chiqib, beshta aniq yo‘nalishda - gaz-kimyo, to‘qimachilik, elektrotexnika, zargarlik va farmatsevtika tarmoqlarida hamkorlik qilish choralari belgilab olindi.
Birgalikda “yashil” energetika loyihalarini amalga oshirish, ikki davlatni bog‘lovchi maqbul transport yo‘nalishlarini ishlab chiqish, erkin iqtisodiy zonalar imkoniyatlaridan foydalanish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi.
Bu kabi hamkorlik, ayniqsa, o‘zaro tajriba almashish va ko‘plab investorlarning mamlakatimizga kelishi kelgusida yangi ish o‘rinlari ko‘payishiga va energetika tizimida ham sezilarli natijalarga erishishga xizmat qiladi. San’at va madaniyat xodimlarining o‘zaro muloqotining tashkil etilishi esa yangi yangi ishlarning boshlanishi uchun provardida xalqlar o‘rtasida do‘stlik va hamjihatlikning barqaror bo‘lishi uchun zamin yaratishi shubhasiz.
Mavjuda Hasanova,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.