Jamiyatimizda yaxshi demokratik odat shakllanmoqda. Boshlanayotgan yilning marralari, yil davomidagi asosiy vazifalarni belgilab beradigan Prezident murojaatnomasini kutish odat tusiga kirib bormoqda. Parlamentga va O‘zbekiston xalqiga murojaatnoma qanday o‘zgarishlar bo‘lar ekan, degan savollar bilan ham kutiladi.
Uzun kirish
2022 yil oxirlab borayotgan paytda e’lon qilingan Murojaatnomada katta maqsadlar ko‘zlandi. Birinchi yo‘nalish sifatida ixcham va samarali davlat boshqaruvini yo‘lga qo‘yish vazifasi qo‘yildi. «Qo‘l boshqaruvi»dan voz kechish, vazirlar faoliyati tubdan isloh qilinishi nazarda tutildi.
Jumladan, endi har bir vazirlik tegishli sohada davlat siyosatini amalga oshirishga mas’ul bo‘lib, tarmoq tarkibidagi qo‘mita, agentlik va inspeksiyalarga rahbarlik qilishi aytildi.
Har bir vazirning siyosiy maqomi, Prezident, parlament va jamoatchilik oldidagi mas’uliyati oshiriladigan bo‘ldi. Vazirlarga aholi muammolarini hal qilish uchun yetarli vakolat va mablag‘ berilishi ham alohida qayd etildi.
Vazir har yilning boshida jamoatchilik oldida sohadagi rejasi va yil yakuni bilan esa uning natijasi bo‘yicha hisobot berishi kabi avval amalda bo‘lmagan masalalar belgilandi. Vazirlar faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish uchun esa senator va deputatlarning ham ma’suliyati oshirilishi taklif qilindi. Albatta, bu masalalarda aniq huquqiy tartib-qoidalar vaqti bilan belgilanadi.
Vazirliklar o‘z sohasining issiq-sovug‘i uchun javob beradi. Ya’ni, ko‘zlangan maqsadga ko‘ra, vazirlar davlat boshqaruvida katta shaxsga, javobgar mas’ulga aylanishi kerak.
Vazirliklar katta vakolatlarga ega bo‘lishi hisobdorlik oshishini ham taqozo qiladi. Aks holda, muvozanat buziladi.
Shuning uchun vazirlar faoliyatini samarali tashkil etishda parlamentdagi qo‘mita, komissiya va deputatlarning mas’uliyatini belgilash tavsiya etildi. Demokratik muvozanatga erishilishi juda muhim.
Vazirdan hisob so‘ralar ekan, nega endi deputat yoki senatordan o‘z ishini qanday bajarayotganiga qiziqmasligimiz kerak? Ularga ham katta imkoniyatlar yaratilgan. Sohalar bo‘yicha ikkala palatada ham qo‘mitalar, komissiyalar bor. Ular vazirlarga qaysi yo‘nalishda yoki muayyan hududda ish yaxshi ketmayotganini ko‘rsatishi, kamchiliklar bo‘yicha joyiga chiqib, aholi fikrini o‘rganib, masalani birgalikda hal qilishi mumkin.
Yechim topilmayotgan masala bo‘yicha parlament vakillari ham vazirliklarga o‘z takliflarini bersa, muammolar tezroq hal bo‘ladi. Har holda, hududga chiqib, aholining fikrini o‘rganish bo‘yicha tajriba ham, vosita ham, qonunchilikni takomillashtirish vakolati ham parlamentda ko‘proq.
Siyosiy partiyalar xulosa qilib, mas’uliyatli bo‘lib, parlament va jamoatchilik nazoratini samarali, odamlarga foydasi tegadigan, muammolarni ko‘tarishgina emas, ularni hal qilishga yordam beradigan shaklda amalga oshirishga harakat qilishi muhim.
Deputatlar nimadan bezovta?
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi Toshkent shahridagi oliy ta’lim muassasalarida talabalarning turar joy bilan ta’minlanganlik darajasini dastlabki tarzda poytaxtimizdagi 15 ta oliy ta’lim muassasalari misolida o‘rganishdi. Deputatlar oliygohlar mutasaddilari hamrohligida talabalarning eshigini taqillatib, oshxonasiga ham birga kirib ko‘rdi.
O‘rganishlarning boshlang‘ich natijalari o‘tgan hafta payshanba kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida fraksiyaning kengaytirilgan yig‘ilishida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi mutasaddilari, oliy ta’lim muassasalari prorektorlari ishtirokida muhokama etildi.
Maqsuda VORISOVA,
O‘zXDP fraksiyasi a’zosi:
— Keyingi yillarda Prezidentimiz tashabbusi, talabi bilan oliy ta’lim sohasida katta islohotlar amalga oshirildi. Qabul kvotasi bir necha barobar oshdi. O‘qish uchun qo‘shimcha yengilliklar, yoshlarga imtiyozlar berildi. Talabalar soni 1 millionga yetdi. Bular, shubhasiz, tarixiy yutuqlar.
Shu bilan birga, vazirliklar va universitetlarga bog‘liq bo‘lib qolayotgan muammolar ham yo‘q emas. Bugungi kun talabalari turarjoyidan rozimi?.. Talabaning buguni qanday o‘tayotgani uning ertasini belgilaydi...
Prezident va hukumatning tegishli qarorlarida vazifalar aniq belgilangan. Nima uchun ular ijro etilmayapti?..
Tegishli chora-tadbirlar natijasida 2021 yil 1 maydan boshlab davlat oliy ta’lim muassasalaridagi ijara asosida yashaydigan talabalarning oylik ijara to‘lovining 50 foizi Davlat budjeti hisobidan qoplab berilishi belgilandi.
Davlat oliy ta’lim muassasalaridagi talabalar turar joylari 256 taga yetkazilib, 91 ming nafar talabani joylashtirish imkoniyati yaratildi. Lekin bu bilan ehtiyojning 41 foizi ta’minlandi, xolos. Hozir qo‘shimcha 132 ming o‘rinli talabalar turar joyiga ehtiyoj mavjud ekan.
Prezident, hukumat hujjatlari ijro etilishi, yoshlarning huquqlari himoya qilinishi muhim. Shuning uchun oldimizda turgan vazifa katta va mas’uliyatli. Mutasaddi vazirlik-idoralar bilan talabalarni turar joy bilan ta’minlash borasidagi kamchiliklarni hamkorlikda bartaraf etishimiz kerak.
Firdavs SHARIPOV,
O‘zXDP fraksiyasi a’zosi:
— Avvalo, avvalgi yillarga nisbatan o‘zgarishlar katta, yutuqlar ko‘p ekanini aytishimiz shart. Oliygohlar rahbar-mutasaddilari keng ko‘lamli amaliy ishlar qilgan. Bu haqda uzoq gapirish mumkin.
Talabalar turar joylari masalasidagi muammolarni o‘rganish natijalariga ko‘ra, poytaxtdagi 15 ta oliy ta’lim muassasasida kunduzgi bakalavr va magistr yo‘nalishlarida 121 513 nafar talaba tahsil olib, ularning 65 770 nafari yoki 54 foizida turar joyga ehtiyoji borligi aniqlangan.
Talabalar turar joyidagi holat oliy ta’lim muassasalari kesimida tahlil qilinganda, O‘zbekiston Milliy universitetida talabalarni turar joylarga joylashtirish tizimi to‘liq raqamlashtirilganmagani oydinlashdi. Vaholanki, Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 9 sentabrdagi 563-sonli qaroriga muvofiq, talabalar uchun turar joy qidirishga ixtisoslashgan elektron platformani ishlab chiqish, talabalar turar joyi va xususiy xonadonlardan ijaraga turar joy qidirishning ishonchli tizimini yo‘lga qo‘yish hamda doimiy ravishda yangilab borilishini ta’minlash vazifasi yuklatilgan bo‘lsa-da, bugungi kunda mazkur platforma ishga tushirilmagan.
Ishchi guruh birorta oliygohda bu masala yakuniga yetkazilmaganiga alohida urg‘u berdi. Hatto axborot texnologiyalari bo‘yicha yetakchi hisoblangan Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida ham talabalarni turar joylarga joylashtirish tizimi raqamlashtirilmagan.
O‘zbekiston davlat konservatoriyasining talabalar turar joylari holati o‘rganilganda, 1-sonli talabalar turar joyida tayanch harakatida nuqsoni bo‘lgan hamda 1-guruh ko‘zi ojiz talabalar uchun maxsus xonalar ajratilmagani, shuningdek, umumiy ovqatlanish xonasi faoliyati yo‘lga qo‘yilmagani aniqlandi.
Toshkent moliya institutining 1-sonli yotoqxonasi xonalariga me’yoridan ortiq (5-6 nafar) talabalar joylashtirilgan. Sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qilinish holati achinarli.
Toshkent farmatsevtika institutida ijarada turuvchi 1000 dan ortiq talabalarga ijara mablag‘larining 50 foizi to‘lab berilmagani aniqlangan. Bundan tashqari, oliy ta’lim muassasalari yotoqxonalarining sharoiti yaxshi emas, ayrimlari 10-15 yillab ta’mirlanmagan. TTJ mebel va jihozlari ma’nan eskirgan. Shuningdek, talabalarni turar joy bilan ta’minlash masalasida xorijiy tajriba o‘rganilmagan.
O‘rganish natijalari aytib o‘tilgandan so‘ng navbat muhokamalarga o‘tdi.
Anvar TEMIROV,
O‘zXDP fraksiyasi a’zosi:
— O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti talabalari bilan gaplashdik. Chilonzor tumanida joylashgan Qatortol savdo majmuasining 3-4 qavatlarida tadbirkor talabalar uchun 1100 o‘rinli TTJ tashkillashtirgan. Lekin talabalar u yerga joylashganidan so‘ng TTJ yong‘in xavfsizligiga javob bermasligi aytilib, yopib qo‘yilgan. Nega binoning yong‘in xavfsizligiga tayyorligi TTJ talabalarga topshirilgunga qadar tekshirilmagan? Yoki shu kungacha vazirlik bu masalani nega hal qilmadi?..
Ahror MUSTAFOYEV,
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi vakili:
— Bundan xabarimiz bor, bizga FVVdan xat keldi. Xatning qisqacha mazmuni bu binodan foydalanish mumkin emas. Sababi, 1- va 2-qavatlarda savdo do‘konlari joylashgan, do‘konlarda tez yonadigan mahsulotlar bor. Shuning uchun qo‘shimcha yong‘indan chiqish yo‘laklari yetarlicha emasligi uchun yopilgan.
Tez orada bu masala hal bo‘ladi, degan mazmundagi javobga deputat Anvar Temirov «sizlar hal bo‘ladi deyapsizlar, lekin yopilgan vaqtdan hozirgacha oz vaqt o‘tmagan. Eng yomoni esa talaba bu masala uchun sizlarni ayblamaydi, talaba davlatni ayblaydi. Ularda davlat befarq qarayapti, degan xunuk taassurot paydo bo‘ladi», deb e’tiroz bildirdi.
Fraksiyasi a’zosi Dilorom Imomova ayrim talabalar turar joylarida qizlar juda noqulay holatlarda yashashga majbur bo‘layotganini misollar bilan tushuntirib berdi.
Fraksiyaning yana bir a’zosi Qizilgul Qosimova xonalarda odam soni me’yorda bo‘lishi tibbiy nuqtai nazardan juda muhim ekani, aks holatda yoshlar sog‘lig‘i, ruhiyatiga salbiy ta’sir etishi mumkinligini aytib, vazirlik vakillariga rejalashtirishda bunga amal qilish zarurligini eslatdi...
Orada his-hayajonli tortishuvlar ham bo‘ldi, buni ham tushunish mumkin. Talabalarga sharoit bo‘lishi muhim mavzu, hech kimni befarq qoldirmaydi. Hamma bu mavzuni yuragidan o‘tkazib gapiradi...
Deputat va mutasaddilar o‘rtasidagi qizg‘in davom etgan muhokamalarda bahslashuvlar, e’tirozlar, takliflar ham bo‘ldi. Ammo bor muammolarni qanday hal qilamiz, degan savol haqida muloqot kengaymadi. Buning sababi bor edi.
Ulug‘bek VAFOYEV,
O‘zXDP fraksiyasi a’zosi:
— Biz kimnidir tanqid qilish yoki kimgadir e’tiroz bildirish uchun yig‘ilmadik. Yig‘ilishdan asosiy maqsad – masalaga oqilona yechim topish. Mana, natijalar ko‘rsatib turibdi, rejalar qoniqarsiz amalga oshirilgan. Shuning uchun rejalarning amalga oshirilishiga to‘siq bo‘layotgan jihatlar haqida bizga aytsalaringiz, masalaga qonuniy yechim topishga harakat qilamiz. Chunki bizda qonun tashabbuskorligi funksiyasi mavjud. Sizlar muammolarni aytasiz, biz esa uni bartaraf qilishga yordamlashamiz. Muammolarni bir-birimizga ochiq aytishimiz kerak, shundagina oqilona yechim topishimiz mumkin.
Shuning uchun muhokamaga vazirlik rahbariyatidan vakil taklif qilingan edi. Kelgan mutaxassislar yaxshi tahlil qilyapti. Lekin ular qaror qabul qiluvchi yoki umumiy vaziyatni to‘liq biladigan mas’ullar emas. Muammoli holatlar vazirlik rahbariyatiga yanada aniqroq ko‘rinadi. Bunday muhokamalar tanqid uchun o‘tkazilmaydi. Vazirlik buni to‘g‘ri tushunishini istardik. Yig‘ilish qarorida o‘rganish, muhokama bo‘yicha aniq pozitsiyamizni ma’lum qilamiz...
Muhokamalar yig‘ilish tugaganidan so‘ng ham davom etdi. Vazirlik mutasaddilari deputatlar vazirlik vakolatida bo‘lmagan masalalarda ham bizni ayblashyapti, aslida muammoning ildizi boshqa joyda, masalan, turar joylar qurilishi uchun yer ajratilmagani viloyat hokimliklari bilan bog‘liq masala, bu haqdagi savolni hokimlikka berish to‘g‘ri bo‘lardi, ulardan ham vakillar chaqirilsa to‘g‘ri bo‘lardi, deyishdi.
Endi o‘rinbosar kelmagani masalasi haqida. Ma’lum bo‘lishicha, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligidan yig‘ilishda vazir o‘rinbosari qatnashishi ma’lum qilingan. Lekin bunday bo‘lmagan, izoh ham berilmagan. Boshqarma va bo‘lim boshliqlari kelishgan.
Vazir o‘rinbosari nega kelmagani haqida turli qarashlar bo‘ldi. Birov qo‘rqdi, desa, birov hurmat qilmadi, dedi. Qaysi biri to‘g‘riligini vazirlik albatta bilsa kerak.
Vazir o‘rinbosari kelganida vazirlik va fraksiya o‘rtasida bir-birini tushunish osonlashar, asosiysi, muammoli holatlar sabablari yanada aniqroq ko‘rinar edi. To‘g‘ri, vazirlik yangi tashkil qilindi, ular ham yangi funksiyalarini tizimlashtirib olishi uchun vaqt kerak bo‘layotgandir. Lekin hurmat uchun qancha vaqt kerak?..
Tortishuvlar, bahs, tushunmasliklar bo‘lishi hayotning bir qismi. Asosiysi, parlament va vazirliklar orasida sog‘lom muloqot muhiti rivojlanishi muhim. Shunda tortishuvdan foyda, bahsdan natija, tushunishdan xulosa paydo bo‘ladi. Xalqimizda «bir ko‘rgan – tanish, ikki ko‘rgan – bilish», degan aslida ezgu niyatli naql bor.
Jarayon boshlandi, to‘xtab qolmasligi muhim. Parlament va vazirliklar orasidagi munosabatlar natijaga qarab mustahkamlanib borishiga ishonamiz. Ayniqsa, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi demokratik tamoyillarni tushunib, amal qilib, yoshlarga, ko‘ngli toza qorako‘zlarga o‘rnak bo‘lishi aniqdek tuyuladi...
Xalq demokratik partiyasi talabalar turar joyi masalasini o‘rganishi bir martalik majlis uchun emas. Vazirlik shunday o‘ylagan bo‘lsa, adashadi, biz masalani mahalliy Kengashlar deputatlari bilan birga hududlarda ham davom ettiramiz, deyishdi deputatlar. Maqsad – Prezident va hukumat qarorlari nega bajarilmayotganining tagiga yetish, yoshlarga sharoit yaratish, noto‘g‘ri kayfiyat hosil bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik ekani aytildi.
Keyingi majlisda vazirni bilmadigu o‘rinbosarlaridan biri, albatta, qatnashib qolsa kerak.
Ahmad QURBONOV,
«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.
«O‘zbekiston ovozi», 1.03.2022, №8