Prezident Shavkat Mirziyoyev 6 mart kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolari, Oliy sud rahbariyati bilan yangilanayotgan Konstitutsiyaga kiritish yuzasidan xalqimiz tomonidan kelib tushgan takliflar yakunlari bo‘yicha maslahatlashuv o‘tkazdi.
Prezident bilan uchrashuvda deputat va senatorlar jamoatchilik tomonidan yuborilgan 200 mingdan ortiq takliflarning har biri sinchiklab o‘rganib chiqilib, bunda xalqaro tajriba ham inobatga olingani, turli sohalardan yetuk mutaxassislar va ekspertlar jalb etilganini ta’kidlashdi.
Bir necha oy davom etgan o‘rganishlar natijasida Konstitutsiyaviy qonun loyihasining yakuniy tahriri tayyorlandi.
Mazkur qonun loyihasida ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va davlat boshqaruvi sohalariga oid o‘ta muhim o‘zgarishlar aks etgani sababli qonun loyihasini referendumga qo‘yishdan avval deputatlar O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 83-moddasida belgilangan qonunchilik tashabbusiga ega subyektlar bilan maslahatlashuvlar o‘tkazmoqda.
Bunda parlament va hukumat, jamoatchilik vakillari qonun loyihasiga o‘z takliflari va fikr-mulohazalarini bildirmoqda.
Shuningdek, mazkur qonun loyihasi Konstitutsiyaviy sud tomonidan alohida ko‘rib chiqilishi va xulosa berilishi qayd etildi.
Moddalar soni 128 tadan 155 taga oshmoqda
Kecha, 7 mart kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari hamda Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitalarining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi va unda yangilanayotgan Konstitutsiya bo‘yicha qonun loyihasini takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar atroflicha ko‘rib chiqildi.
Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bilan amaldagi Konstitutsiyaga 27 ta yangi modda kiritilmoqda, moddalar soni 128 tadan 155 taga oshmoqda, Konstitutsiyamizning amaldagi 275 ta normasi 434 taga ko‘paymoqda, ya’ni amaldagi Konstitutsiyamiz 65 foizga yangilanmoqda.
Yig‘ilishda yangilanayotgan Konstitutsiya taraqqiy etgan davlat – Yangi O‘zbekistonni qurish g‘oyasi atrofida butun jamiyatimizni jipslashtirishi, unda barcha qatlam manfaatlari inobatga olinganligi, loyihani ishlab chiqishda keng jamoatchilik, siyosiy partiyalar, jamoat tashkilotlari, ekspertlik va ilmiy doiralar vakillari, ziyolilar faol ishtirok etganligi alohida ta’kidlandi.
Umumxalq muhokamalarida 220 mingdan ziyod takliflar kelib tushganligi, takliflarning har to‘rttasidan bittasi loyihadan joy olganligi qayd etildi. Shu ma’noda yangilanayotgan Konstitutsiya tom ma’noda xalq Konstitutsiyasi bo‘layotgani e’tirof etildi.
Yig‘ilishda Konstitutsiyaga kiritilayotgan asosiy o‘zgarishlarning har biri bo‘yicha to‘xtalib, fikr almashildi. Xususan, kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalarning siyosiy-huquqiy ahamiyati, ko‘lami va hajmidan kelib chiqib, loyihani yangi tahrirda bayon etishga barcha asoslar borligi, shu bois Konstitutsiyaviy qonun loyihasi nomi “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida” deb o‘zgartirilgani bildirildi.
Yangilangan Konstitutsiya jamiyat hayotining barcha yo‘nalishlarini kompleks tartibga solish hamda mamlakatni demokratik rivojlantirish yo‘lida eng muhim huquqiy poydevor bo‘lib xizmat qilishi aytildi.
Ta’kidlanganidek, aholidan kelib tushgan takliflarning qariyb 20 foizi, ya’ni 18 mingtasi aynan parlamentni isloh qilish bilan bog‘liqdir. Shundan kelib chiqib, xalq hokimiyatchiligini kuchaytirish, xalq vakillik organi bo‘lmish parlamentning rolini va o‘rnini, mas’uliyatini oshirish, uning vakolatlarini yanada kengaytirish, umuman, mamlakatimizda parlamentarizm, xalq hokimiyatchiligini yanada kuchaytirishga qaratilgan bir qator normalar loyihaga kiritilgan.
Parlament faoliyati bilan bog‘liq konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirishda Oliy Majlis palatalarining birgalikdagi vakolatlari qayta ko‘rib chiqildi. Bunda Qonunchilik palatasi bilan Senatning birgalikdagi vakolatlari hamda har bir palataning alohida-alohida vakolatlari va mas’uliyat sohalari aniq belgilab berilmoqda. Ya’ni, Qonunchilik palatasining mutlaq vakolatlari 5 tadan 12 taga, Senatniki esa 14 tadan 18 taga ko‘paytirilmoqda.
Qolaversa, ilg‘or xorijiy tajribadan kelib chiqib, hududiy manfaatlarni ifodalovchi organ sifatida Senatning mahalliy vakillik organlari faoliyatiga ko‘maklashish kabi muhim vakolat Bosh qomusimizda mustahkamlab qo‘yilmoqda.
Bundan tashqari, Oliy Majlis palatalarining birgalikdagi vakolatlari sifatida korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi har yilgi milliy ma’ruzani eshitish belgilanmoqda. Bu ikkala palataning mazkur yo‘nalishdagi samarali hamkorligini ta’minlagan holda, korrupsiyaga qarshi kurashish borasida ijobiy o‘zgarishlar uchun mustahkam zamin yaratadi.
Qizg‘in ruhda o‘tgan yig‘ilishda kun tartibidagi masala yuzasidan tegishli qaror va “O‘zbekiston Respublikasi referendumi to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq mas’ul qo‘mitalarning xulosasi qabul qilindi.
«O‘zbekiston ovozi», 8.03.2022, №9