Chaqaloqlar qayerga oʻtirsin?

 

Ijtimoiy tarmoqlarda yoʻl harakati qoidalari bilan bogʻliq koʻplab yangiliklar keng muhokama qilinmoqda. Ayniqsa, odam soni transport vositasining texnik tavsifnomasida koʻzda tutilgan miqdordan ortiq boʻlgan taqdirda odam tashish taqiqlanishi bilan bogʻliq masala yuzasidan turli fikrlar bildirilmoqda.

Aslida bu yangilik emas. Bu norma 2022 yil 12 aprelda tasdiqlangan Yoʻl harakati qoidalarining 159-bandida belgilangan.

Amaldagi tartibga koʻra, transport vositasida texnik tavsifnomadan ortiqcha odam boʻlsa, u hatto chaqaloq boʻlsa ham, mumkin emas. Koʻrinib turibdiki, avtomashining orqa oʻrindigʻida faqatgina 3 nafar yoʻlovchi boʻlishi talab etiladi.

Jamoatchilik bu meʼyorga bekorga faol munosabat bildirayotgani yoʻq. Buning uchun jiddiy sabab va asoslar bor.

 

4 va undan koʻp bolali oilalar 500 mingdan ortiq

Agar ona chaqalogʻini tizzasida olib oʻtirsa ham, bu, albatta, qoidani buzish hisoblanib, jarima solishga asos boʻladi. Toʻgʻri, qoidaga barcha amal qilishi lozim. Biroq, yangi qoidalarni belgilashda reallikni hisobga olish, xususan, bolajon xalqimizning kundalik hayotida noqulayliklarni keltirib chiqarmasligiga eʼtiborli boʻlish maqsadga muvofiq.

Oʻzimni oilam misolida tushuntirsam. Shaxsiy avtomashinamda Fargʻonaga boradigan boʻlsam, ikki nafar yosh farzandim, ayolim va ota-onam bilan birgalikda keta olmayman. Chunki biz 6 kishidan iboratmiz. Avtomashinamning texnik tavsifnomasida esa 5 kishi, deb koʻrsatilgan. Koʻrinib turibdiki, 1 kishi ortiqcha. Yoki farzandimni qoldirib ketishim kerak yoki ota-onamni yoʻlovchi mashinada Fargʻonaga yuborishim kerak. Mana, muammo qayerda. Bu birgina shaxsiy avtomashinasi bor odamning muammosi.

Ana endi muammoning boshqa tarafiga eʼtibor qaratsak. Bugun mamlakatimiz aholisi 36 million 24,9 ming kishiga yetdi. Har yili bu raqam oshib boradi. Misol uchun, birgina 2023 yil yanvar oyining oʻzida 76199 nafar chaqaloq tugʻilgan. Yanvar oyida 1816 ta egizak chaqaloq tugʻilgan. Yoki boʻlmasa, mamlakatimizda 4 va undan koʻp bolali oilalar soni 500 mingdan ortiqni tashkil qiladi. Oʻzbekistonda 38,6 foiz uy xoʻjaliklarida 6 va undan koʻp kishilar istiqomat qilmoqda.

Xulosa chiqarib olavering, shuncha oilalarni avtomobil xizmatidan foydalanishda qanday noqulayliklar kutmoqda.

 

Bolaning ortiqchasi boʻladimi?

Har bir oilada ham avtomobil yoʻq va ular bevosita yoʻlovchi transport vositasi, yaʼni taksi xizmatidan foydalanadi. Rasmiy statistikaga koʻra, 2023 yilning 1 yanvar holatiga Oʻzbekistonda jismoniy shaxslarga tegishli boʻlgan avtomobillar soni 3637119 tani tashkil etmoqda. Bu har 1000 kishiga 95 ta avtomashina toʻgʻri keladi, degani.

Tasavvur qiling, er-xotin va uning uch nafar farzandi Qashqadaryo viloyatiga ota-onasini koʻrib kelish uchun borishi kerak. Taksi chaqirdi, old oʻrindiqqa ota, orqa oʻrindiqqa esa ona va uch farzand oʻtirdi. Afsuski, haydovchi orqaga 4 kishi mumkin emas, bir kishi tushib qolsin, mumkin emas, deb turib oldi. Endi nima boʻladi? Bu holatda ham bir kishi qolishi yoki boshqa mashinada ketishiga toʻgʻri keladimi?

Bu kabi boʻlinib-boʻlinib ketish oʻz-oʻzidan qoʻshimcha yoʻlkira toʻlashga majbur qiladi, buni hammaning ham choʻntagi koʻtarmaydi.

Yana statistikaga nazar solamiz. Har kuni viloyatlardan Toshkent shahriga kelib-ketuvchi avtomobillar 260 mingtani tashkil etadi. Ularning qanchasida “ortiqchalik” muammosi yuzaga keladi?

Toʻgʻri, transport vositasining texnik tavsifnomasi bor. Toʻgʻri, xorijiy tajriba shunday deylik. Xavfsizlik nuqtai nazaridan toʻgʻrisi ham shu deylik, ammo biz bolajon xalqmiz, chet elliklarga oʻxshab bitta farzandli oila emasmiz.

Ushbu norma faqat yoʻlovchilar, xizmat koʻrsatuvchilarnigina emas, koʻpchilikni qiynayotgan masala. Hatto yoʻlda ortiqcha odam olibsiz, deb haydovchiga jarima yozadigan yoʻl harakati xavfsizligi xodimini ham qiynaydigan masala.

Ichki ishlar vazirligi jamoat xavfsizligi departamenti Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati tushuntirish beribdi. Keyingi paytda transport vositalarida keragidan ortiqcha, hattoki 10-15 talab bolani olib yurish holatlari koʻpaygani, yoʻl transport hodisasi oqibatida jabrlangan va vafot etgan yoʻlovchilar soni ortayotgani sabab qilib keltirilibdi.

Bunday holatlar boʻyicha albatta choralar koʻrilgandir. Lekin qoʻldagi chaqaloqlar, yetaklab yuriladigan murgʻak bolalarning nima aybi bor?

Qiziq, yoʻl harakati qoidalarining buzilishi va oʻlim holatining koʻpayishi chaqaloqlar va bolalarni olib yurish natijasida boʻlyaptimi? Shuning oqibatida yuzaga kelgan yoʻl-transport hodisasi barcha holatlarning qancha qismini tashkil etadi? Umuman, bu masalada aniq va asosli tahlil yuritilganmi?

Rivojlangan xorijiy davlatlar tajribasini oʻrganib, qarorlar qabul qilish yaxshi, lekin ayrim masalalarda reallikni ham hisobga olish kerak.

 

Jamoat transporti texnik tavsifnomaga amal qilmaydimi?

Endi masalaning boshqa tomoniga eʼtibor qaratsak. Yoʻl harakati qoidalarining 159-bandi talablari jamoat transportlariga ham taalluqlidir. Har kuni jamoat transporti xizmatidan minglab, millionlab fuqarolarimiz foydalanadi.

Yana statistikaga yuzlanamiz. Toshkent metropolitenida 2022 yilning bir kunida oʻrtacha 374,6 ming nafar yoʻlovchi tashilgan. Yoki boʻlmasa, Samarqand shahrida tramvay transportida qariyb 3 mln yoʻlovchi tashilgan. Toshkent shahrining oʻzida aholining 20 foizi, 2,7 mln nafar inson jamoat transportidan foydalanadi.

Misol uchun, Toshkent shahrida 1300 ta avtobus yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatmoqda. “SAZ”, “MAN”, “Isuzu” kabi avtobuslar hamda 20 dona elektrobuslar aholiga xizmat koʻrsatmoqda.

Endi avtobuslarning texnik tavsifiga nazar soladigan boʻlsak, “SAZ” avtobuslari yoʻlovchi sigʻimi 56 nafarni, oʻrindiqlar soni 26 tani tashkil qiladi, “MAN” avtobusi 85 yoʻlovchi sigʻimiga, 30 oʻrindiqqa ega. “Isuzu” avtobusi esa 38 yoʻlovchi sigʻimi, 16 oʻrindiqqa ega.

Endi tasavvur qiling, qaysi avtobus oʻz sigʻimiga mos ravishda harakat qilyapti ekan? Har bir yoʻlovchi biladiki, 38 yoʻlovchi sigʻimiga ega “Isuzu” avtobusi kamida 60 ta yoʻlovchi bilan harakat qiladi. Yoʻlovchilar ertalabda bir oyoqda turadigan vaziyatlarga tushib qoladi.

Biroq nima uchun jamoat transportlari (avtobus, metro) texnik tavsifnomada belgilangan normadan ortiqcha odamlarni tashishiga eʼtibor qaratilmaydi? U yerda ham tartib-qoida buzilmoqda-ku? Yoki bilib turib, ongli ravishda koʻz yumiladimi?..

Ayrim masalalarda koʻrmaganga olib, odamlarga noqulaylik tugʻdiradigan baʼzi narsalarda koʻzlarimizni katta-katta ochib qarashimiz qanchalik toʻgʻri?

Bu juda dolzarb, yurtimizdagi har bir oilaga taʼsir koʻrsatadigan masala. Shuning uchun savollar masʼullar asosli javob bergunicha ochiq qolaveradi.

 

Abror QURBONOV,

OʻzXDP Markaziy Kengashi boshqarma boshligʻi

«O‘zbekiston ovozi», 8.03.2022, №9

 

 

 

 

Teglar

Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish