“O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining eng faol deputati” ko‘rik-tanlovining Sirdaryo viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
“Tashabbus va g‘oyalarimiz mustaqil O‘zbekiston taraqqiyoti uchun!” shiori ostida o‘tkazilayotgan tanlovning viloyat bosqichida shahar-tuman bosqichlarida g‘olib bo‘lgan 10 nafar deputat ishtirok etdi. Tadbirni Sirdaryo viloyati hokim o‘rinbosari Erkin Mo‘minovich ochib berdi. Tadbirda Xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashi kotibiyat mudiri A. Abdurahmonov, deputatlar, partiya xodimlari va faollari hamda bir guruh yoshlar ishtirok etdi.
Uch shart asnosida o‘tkazilgan tanlovning yakuniy natijalariga ko‘ra, Guliston tumanidan Xusan Yusufaliyev birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi va respublika bosqichida qatnashish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Oqoltin tumani Kengashi deputati Esonboy Boboyev ikkinchi va Mirzaobod tuman Kengashi deputati Feruza Abdurazzokova uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritib, turli darajadagi diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Ko‘tarinki ruhda o‘tgan tadbir kuy-qo‘shiqlarga ulanib ketdi.