Yangi O‘zbekistonda yangi Konstitutsiya

 

Ayni damda Respublikamizning barcha hududlarida 30 aprel kuni bo‘lib o‘tadigan umumxalq referendumiga oid targ‘ibot tadbirlari bo‘lib o‘tmoqda. Shunday targ‘ibot tadbirlaridan Buxoro viloyatining Romitan tumanida bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Sherzod Raxmonov, tuman kengashi deputatlari, targ‘ibot guruhi vakillari, korxona va tashkilot rahbarlari, tibbiyot, maktabgacha va maktab ta’limi tizimi xodimlari,shuningdek, yoshlar ishtirok etdi.

Uchrashuv davomida Bosh Qomusimizga kiritilayotgan o‘zgartishlarning mazmun-mohiyati, ta’lim rivoji va yoshlar hayotidagi o‘rniga doir muhim jihatlar xususida ma’lumot berildi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda jamiyatning barcha qatlamlari manfaatlari inobatga olingan bo‘lib, inson huquq va erkinliklariga oid normalar oshirilmoqda. O‘z navbatida davlatning ham xalq oldidagi majburiyati bir necha baravar ortishi ko‘zda tutilgan. Chunki Konstitutsiya loyihasini ishlab chiqishda "Inson manfaati har narsadan ustun" degan ma’no asos qilib olinmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Sherzod Raxmonov yangi tahrirdagi O‘zbekiston Konstitutsiyasi haqida ma’lumot berar ekan, barcha sohalarda kiritilgan o‘zgarishlarda Konstitutsiyamiz tom ma’noda “Xalq Konstitutsiyasi” bo‘lib borayotganligini, davlat siyosatidagi o‘zgarishlar, ta’lim sohasida yaratilayotgan shart – sharoitlar, Inson huquq va erkinliklari yana mustahkamlanayotganligi, Konstitutsiyaviy huquq va erkinliklar kengaytirilayotganligi, Yoshlar huquqlari himoyalanishi va ularning jamiyat va davlat hayotida faol ishtirokini rag‘batlantirish kafolatlanayotganligini ta’kidlab o‘tdi.

Yangilanayotgan Konstitutsiyamizda birgina yoshlarning huquq va erkinliklarining kafolatlanishi borasidagi normalar soni ikki baravarga oshmoqda. Jumladan, jamiyatning yarmidan ko‘pini tashkil qiladigan yoshlarga munosib hayot sharoiti yaratish, barqaror iqtisodiyot, xavfsiz davlat, samarali boshqaruv, ijtimoiy kafolatlarning bo‘lishi, qolaversa, shaxsning sudlanganligi va bundan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar uning qarindoshlari huquqlarini cheklash uchun asos bo‘lishi mumkin emasligi belgilanyaptiki, bularning hammasi mustabid tuzumdan qolgan illatga, qancha yoshlarimizni o‘z orzu-umidlaridan voz kechishga majbur qilgan noinsoniy taqiqlarga chek qo‘yadi.

Yoshlarda milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlik, xalqning boy madaniy merosidan faxrlanish, vatanparvarlik tuyg‘ularini shakllanishiga g‘amxo‘rlik qilishi belgilanayapti.

Bundan tashqari, yoshlarning ta’lim olishi, ijtimoiy va tibbiy himoyasi, uy-joyli bo‘lishi, bandligi uchun shart-sharoitlar yaratish – davlatning konstitutsiyaviy majburiyati sifatida kiritilyapti.

Mazkur normalar, nafaqat yoshlar manfaati, balki butun jamiyatimiz va mamlakatimizning kelgusi taqdiri uchun muhimdir.

 

 

 

Teglar

Deputat Jamoatchilik qabulxonasi Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Partiya munosabati Konstitutsiyaga taklif
← Roʻyxatga qaytish