O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi “Mening Konstitutsiyam” shiori ostidagi navbatdagi targ‘ibot tadbirini Sirdaryo viloyati musiqali drama teatri maydonida o‘tkazdi.
Unda partiya Markaziy Kengashi rahbariyati, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, viloyat, tuman (shahar) Kengashlariga partiyadan saylangan deputatlar, jamoatchilik faollari, turli soha vakillari, qonunchilik sohasi mutaxassislari ishtirok etdi.
Ma’lumki, Sirdaryo ahli mehnatsevarligi, samimiyligi bilan ajralib turadi. Shundan bo‘lsa kerak, viloyat poliz mahsulotlari yetishtirish va eksporti bo‘yicha respublikada yetakchi o‘rinda turadi. Sirdaryoda mamlakatimiz elektr energiyasining uchdan bir qismi ishlab chiqariladi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiya, unga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar Sirdaryo aholisini ham befarq qoldirmayapti. Yangilanayotgan Konstitutsiyamiz mazmun-mohiyatini keng jamoatchilik vakillariga tushuntirishga bag‘ishlangan targ‘ibot tadbiriga yuzlab fuqarolar to‘plangani ham so‘zimizning isbotidir.
Ko‘tarinki kayfiyatda o‘tgan tadbirda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi a’zosi Maqsuda Vorisova endi davlatni emas, insonni, uning huquqlari kafolatini oliy maqsadga ko‘tarishga e’tibor qaratilayotgani, Yangilanayotgan Konstitutsiya loyihasidagi yangi normalar “inson-jamiyat-davlat” konsepsiyasiga amal qilingan holda ishlab chiqilgani, Xalq demokratik partiyasining asosiy g‘oyalari ham inson himoyasi, huquqlar va imkoniyatlar tengligi bilan bog‘liqligi, shuning uchun partiya Konstitutsiyaga takliflar berishga katta mas’uliyat bilan yondashganini alohida ta’kidlab o‘tdi.
Tadbir davomida yangi me’yorlarning mazmun-mohiyati, ta’lim rivoji va yoshlar hayotidagi o‘rniga doir muhim jihatlar xususida to‘liq ma’lumotlar berildi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda jamiyatning barcha qatlamlari manfaatlari inobatga olingan bo‘lib, inson huquq va erkinliklariga oid normalar soni oshirilmoqda. O‘z navbatida davlatning ham xalq oldidagi majburiyati bir necha baravar ortishi ko‘zda tutilgan.
Xususan, tibbiyot sohasidagi islohotlar inson qadri uchun, inson manfaatlari uchun ekanligi yangilanayotgan Konstitutsiyada o‘z ifodasini topgan. Bosh qomusimizda 48-modda bilan har kim sog‘lig‘ini saqlash va malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqiga egaligi, davlat sog‘liqni saqlash tizimini, uning davlat va nodavlat shakllarini, tibbiy sug‘urtaning har xil turlarini rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratishi belgilab qo‘yilmoqda.
Bundan tashqari, Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bilan ilk marotaba uzluksiz ta’lim tizimi, uning har xil turlari va shakllari, davlat va nodavlat ta’lim tashkilotlari rivojini ta’minlash davlatning vazifalari qatoridan joy olmoqda.
79-moddada davlat yoshlarning intellektual, ijodiy, jismoniy va axloqiy jihatdan shakllanishi hamda rivojlanishi uchun, ularning ta’lim olishga, sog‘lig‘ini saqlashga, uy-joyga, ishga joylashishga, bandlik va dam olishga bo‘lgan huquqlarini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratishi mustahkamlab qo‘yilmoqda.
Bayramona muhitda o‘tgan tadbirda mahalliy Kengash deputatlari, hududdagi faollar ham so‘zga chiqib, Asosiy qomusimiz odamlarimizga kuch beradigan, kayfiyatini ko‘taradigan qomus bo‘layotganini, undagi me’yor va qoidalar mehnat jamoalari, mahallalardagi uchrashuv va muloqot jarayonlarida xalqimiz tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotganini bildirishdi.
Ochiq osmon ostidagi tadbirlar mamlakatimizning barcha hududlarida bayramona kayfiyatda davom etmoqda.