Mehnat qilayotgan har bir inson asosiy ehtiyojlarini qondirish uchun yetarli mablag‘ga ega bo‘lishi kerak

 

Mamlakatimizda aholining yashash sharoitini tubdan yaxshilash, ijtimoiy muammolarni adolatli hal etish, ayniqsa, insonni e’zozlash, uning huquq va erkinliklarini ta’minlashga qaratilgan ulkan islohotlar amalga oshirilmoqda.

Yangilanayotgan Konstitutsiyamizning 42–moddasida ham har kim munosib mehnat qilish, kasb va faoliyat turini erkin tanlash, xavfsizlik va gigiyena talablariga javob beradigan qulay mehnat sharoitlarida ishlash, mehnati uchun hech qanday kamsitishlarsiz hamda mehnatga haq to‘lashning belgilangan eng kam miqdoridan kam bo‘lmagan tarzda adolatli haq olish, shuningdek ishsizlikdan qonunda belgilangan tartibda himoyalanish huquqiga egaligi mustahkamlab qo‘yilayotgani e’tiborga molik.

Amalga oshirilgan mehnat faoliyati uchun mos haq olish, xodimlar mehnatiga haq to‘lashda kamsitilishga yo‘l qo‘ymaslik adolatni ta’minlashning muhim shartidir. Ayni chog‘da xodimning ish haqi mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan kam bo‘lmasiligining belgilanishi ham muhim ijtimoiy kafolat sirasiga kiradi.

Har yili mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorini aniqlashda oilalarning minimal iste’mol xarajatlari qiymati asos qilib olinadi. Eng kam ish haqi, nafaqalar va pensiyalar miqdori har yili narxlar o‘sishiga mutanosib ravishda oshirib boriladi.

Shu nuqtai nazardan, mazkur normaning Konstitutsiyada belgilanishi fuqarolarning ish haqlari ularning mehnatiga loyiq bo‘lishi bilan birga, munosib turmush kechirishini ta’minlash, pirovardida esa aholi turmush darajasini yaxshilash hamda mamlakatda ijtimoiy adolat tamoyillarini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega.

Ushbu moddaning ikkinchi qismida esa mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori insonning munosib turmush darajasini ta’minlash zarurati hisobga olingan holda belgilanadi, deb qayd etilmoqda.

Bu bejis emas, albatta. Zero, xodim qayerda ishlashidan qat’i nazar – davlat yoki nodavlat tashkilotlaridami, tadbirkorlik subyektlaridami ish beruvchi tomonidan to‘lanadigan ish haqining eng kam miqdori uning munosib turmush darajasini ta’minlashi kerak. Mehnat qilayotgan har bir inson asosiy ehtiyojlarini qondirish uchun yetarli mablag‘ga ega bo‘lishi lozim.

Mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori nima va u qanday belgilanadi? Mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori insonga munosib turmush darajasini ta’minlashi uchun minimal iste’mol xarajatlari qiymati asosida belgilanadi.

Insonning munosib turmush darajasini ta’minlash deganda, insonning yashash xarajatlarini (oziq-ovqat, kiyim-kechak, uy-joy, kommunal, transport, aloqa va boshqa) qoplash, shuningdek ta’lim olish, sog‘liqni saqlash, dam olish va boshqa ehtiyojlarini qondirish imkoniyatiga ega bo‘lishi tushuniladi.

Davlat fuqaroga mehnatiga yarasha ish haqi to‘lanishining choralarini ko‘rishi va kafolatlarini ta’minlashi, ish beruvchi esa xodim oldidagi majburiyatlarini bajarishi lozim. Davlat mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorini belgilashda mamlakatdagi ish haqining umumiy darajasi, iste’mol narxlari, ijtimoiy nafaqalar va ijtimoiy qatlamlarning turmush darajasini qiyosiy hisobga olgan holda xodim va oilalarining ehtiyojlarini e’tiborga olishi ham zarur bo‘ladi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizga kiritilayotgan mazkur norma ijtimoiy davlatning eng muhim talabini davlat siyosati darajasiga ko‘tarmoqda hamda xodimlarni mehnatiga yarasha ish haqi olishi va olayotgan ish haqini normal hayot kechirish uchun yetarli bo‘lishini kafolatlamoqda.

Mazkur moddaning keyingi qismida esa homiladorligi yoki bolasi borligi sababli ayollarni ishga qabul qilishni rad etish, ishdan bo‘shatish va ularning ish haqini kamaytirish taqiqlanishi, qat’iy belgilab qo‘yilyapti.

Boisi ish beruvchilarning aksariyati tanlovda ayollardan ko‘ra, erkaklarga ko‘proq ustunlik beradi. Buning sabablari oddiy — ayollar farzand parvarishi tufayli ishga kechroq kelishi, ishdan vaqtliroq ketishi, homiladorlik ta’tiliga chiqishi ayrim rahbarlarga ma’qul kelmaydi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada homiladorligi yoki bolasi borligi sababli ayollarni ishga qabul qilishni rad etishni taqiqlash bo‘yicha norma kiritilayotgani shubhasiz, xotin-qizlarning kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun muhim qadam bo‘ladi.

Umuman olganda, Bosh qomusimizda ayollarning mehnat sohasidagi huquqlarini kamsitilishini taqiqlash gender tengligiga erishishga xizmat kiladi. Xotin-qizlarning faolligini oshirib, ularni normasmiy mehnat munosabatlarini legallashtirishga zamin yaratadi. Natijada ayollar erkin mehnat qila oladi.

 

Mavjuda XASANOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish