«Xotin-qizlar bandligini oshirish va salomatligini mustahkamlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 21 sentabrdagi PQ-376-sonli qarorini ijrosini ta’minlash borasida yana bir maskan o‘z faoliyatini boshladi.
Qirg‘iziston Respublikasi bilan chegaradosh bo‘lgan Uchqo‘rg‘on tumanidagi Yangiyer mahallasida ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi rahbari, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan saylangan Xalq deputatlari Namangan viloyat Kengashi deputati Gulxumor Tog‘ayeva tomonidan hozirgi kunda 150 nafarga yaqin xotin-qizlar bandligini ta’minlagan va kelgusida 300 nafar ayolni qamrab oladigan tikuv sexining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Ochilish marosimida ishtirok etgan tuman hokimi Jahongir Rizayev boshchiligidagi sektor rahbarlari har bir mahallada xotin-qizlar bandligini ta’minlash borasida tizimli ishlar tashkil qilinishi haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirib, mehnat jamoasi faoliyati bilan tanishdi.
Asosan «Temir daftar», «Ayollar daftari» hamda «Yoshlar daftari»ga kiritilgan 100 nafar xotin-qiz ishga qabul qilindi. Ular tanlov asosida tikuvchilik sirlarini o‘quv markazlarida o‘rganishdi hamda malakali xodimlarga aylanishdi.
Endilikda ular o‘z mehnatlari bilan oilalarning moddiy farovonligini ta’minlash, turmush darajasini oshirish imkoniga ega bo‘ldilar.
Chevarxonada erkaklar maxsus kiyimlari, bolajonlar uchun kiyimlar, ofis uchun pardalar tikish yo‘lga qo‘yilgan.