Xodimlarning kasbiy, mehnatga oid, ijtimoiy-iqtisodiy huquqlari ta’minlanadi

 

Bugun odamlar qonunlarda o‘z hayotining kafolatini ko‘rishni istaydi. Borgan sari havolaki normalarsiz, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiluvchi huquqiy hujjatlarga nisbatan ehtiyoj ortib boryapti. Zero, qonun qabul qilindimi, albatta, hayotda o‘zgarish bo‘lishi lozim.

Qonun ijodkorligi — Qonunchilik palatasi faoliyatining eng muhim, birinchi galdagi vazifasi bo‘lib, qabul qilinayotgan qonunlarning har jihatdan mukammal bo‘lishi aholi farovonligini oshirish, inson huquq va erkinliklarini ta’minlashga xizmat qiladi.

Shu sababli ayni chog‘da quyi palataga kiritilgan har bir qonun loyihasining muhokamasi deputatlar tomonidan bildirilgan ko‘plab savollar, fikr-mulohazalar, takliflar asosida yanada takomillashtirilib, pishiq-puxta holatga keltirilmoqda. Aniqroq aytganda, qonunlarda xalq manfaatlari aks etmoqda.

Xususan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida “O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 208-moddasiga qo‘shimcha va o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi obdon muhokama qilindi.

Ushbu qonun loyihasi Prezidentimizning 2022 yil 11 noyabr kuni O‘zbekiston kasaba uyushmalari xodimlari va a’zolariga yo‘llagan bayram tabrigida bildirilgan taklifdan kelib chiqqan holda bir guruh deputatlar tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, unda muhim yangiliklar o‘rin olgan.

Taklif etilayotgan loyiha bilan O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi 208-moddasining birinchi qismiga 11 noyabr – O‘zbekiston kasaba uyushmalari kunini ishlanmaydigan bayram kuni sifatida belgilashga qaratilgan o‘zgartirish kiritilmoqda.

Albatta, keyingi yillarda sohada xalqaro hamkorlik aloqalari mustahkamlanib bormoqda. Quvonarlisi, aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, inson huquq va manfaatlarini ta’minlashda kasaba uyushmalari faol ishtirok etib kelayotir.

Ishonchim komilki, ushbu qonunning qabul qilinishi xodimlarning kasbiy, mehnatga oid, ijtimoiy-iqtisodiy huquqlarini ta’minlash tizimini yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.

 

Firdavs SHARIPOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.

 

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Deputat Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish