Yanada mas’uliyatli vazifalar

 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining kecha, seshanba kuni bo‘lib o‘tgan yalpi majlisida spiker Nurdinjon Ismoilov yangilangan Konstitutsiyamiz, oldinda turgan ustuvor vazifalar haqida fikr-mulohazalarini bildirdi.

Bugungi yalpi majlisimiz o‘zgacha tarixiy muhitda o‘tkazilmoqda.

Markaziy saylov komissiyasi tomonidan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni 2023 yil 30 aprel kuni o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi referendumida umumxalq ovozi berishi orqali qabul qilingani e’lon qilindi.

Yurtdoshlarimiz referendumda faol ishtirok etib, davlatimiz barqarorligi va kelajagi, inson manfaatlarining huquqiy asosi bo‘lgan yangi tahrirdagi Konstitutsiyani, Yangi O‘zbekiston olib borayotgan islohotlarni yakdillik bilan qo‘llab-quvvatladilar.

Referendum jarayonlari milliy qonunchiligimizga, xalqaro norma va standartlarga hamda ochiqlik va oshkoralik kabi umume’tirof etilgan tamoyillarga to‘la mos holda o‘tkazildi.

Buni xalqimiz, fuqarolik jamiyati institutlari, shuningdek, referendumni kuzatish uchun mamlakatimizga kelgan xalqaro tashkilotlar, xorijiy davlatlar, xalqaro ommaviy axborot vositalari vakillari alohida qayd etishmoqda.

Aytish joizki, referendum jarayonini xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar kuzatuvchilari, xalqaro ekspertlar, umuman, jahon hamjamiyati katta qiziqish bilan kuzatib bordi.

Ular O‘zbekistonda amalga oshirilgan konstitutsiyaviy islohotlarga yuqori baho berib, Konstitutsiyaviy qonun loyihasi referendum orqali, ya’ni xalq tanlovi asosida qabul qilinganini tom ma’nodagi demokratik qadam, deb ta’kidladilar.

Ta’kidlash joizki, Konstitutsiyaviy qonun loyihasini tayyorlash va muhokama qilish jarayonlarida keng jamoatchilikning yuksak faolligiga guvoh bo‘ldik.

Referendum o‘tkazuvchi uchastkalarda ham fuqarolarning yuqori faolligi kuzatildi. Yangi konstitutsiyaviy normalarning saylovchilar tomonidan yakdil qo‘llab-quvvatlangani jamiyat birligidan dalolat beradi.

Aytish joizki, konstitutsiyaviy islohotlar jarayonida biz yurtdoshlarimizning hamkorligini va xayrixohligini doimo his qilib turdik. Aynan shu omil, kelajak taraqqiyotimizning huquqiy kafolati bo‘lgan yangi tahrirdagi Bosh qonunimizni qabul qilish imkonini berdi.

Albatta, yangi tahrirdagi Konstitutsiya talablaridan kelib chiqib, amaldagi qonunchilikka barcha zarur o‘zgartish va qo‘shimchalarni fikrlar xilma-xilligi va ochiqlik tamoyillari asosida amalga oshirishni ta’minlaymiz.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning qabul qilinishi jamiyatimiz va davlatimiz taraqqiyotida yangi bosqichning boshlanishiga, hayotimiz sifat darajasining yangi pog‘onaga ko‘tarilishiga, umuman, xalqimizning ijtimoiy va boshqa huquqlarini himoya qilish borasidagi ustuvor maqsadlarimizni ta’minlashga xizmat qiladi.

Shu nuqtai nazardan, bo‘lib o‘tgan referendum mamlakatimiz istiqboli uchun tarixiy ahamiyatga ega. O‘zbekiston xalqi o‘zining kelgusidagi taqdirini mustaqil belgilab oldi.

Biz Yangi O‘zbekistonni barpo etish g‘oyasini so‘zsiz qo‘llab-quvvatlagan holda, butun dunyoga birdamlik va hamjihatligimizni namoyish etdik.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning qabul qilinishi davlatning o‘z fuqarolariga bo‘lgan g‘amxo‘rligini yanada kuchaytiradi, davlat institutlarining faoliyatlari samaradorligini yanada oshiradi.

Fuqarolarning huquqlari kengaymoqda. Ularning asosiy huquqlarini, xususan, mehnat qilish, sog‘liqni saqlash, uy-joydan foydalanish, qulay ekologik muhit, ta’lim olish va hokazolarni so‘zsiz himoya qilish uchun huquqiy asos yaratildi, deb ayta olamiz.

Aholining mulk huquqlari Konstitutsiya darajasida mustahkamlanmoqda. Yerga xususiy mulkchilik joriy etilmoqda.

Axborot ochiqligi, so‘z erkinligi, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining xalq oldida hisobdorligini ta’minlash siyosati izchil davom ettiriladi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiya har bir fuqaroning ijodiy hayoti va rivojlanishi uchun barcha imkoniyatlarni yaratadi.

Konstitutsiyaviy Qonunning 5-moddasiga asosan amaldagi chaqiriq Qonunchilik palatasi o‘z faoliyatini yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida belgilangan vakolatlarga muvofiq amalga oshiradi.

Aytish lozimki, yangilangan Konstitutsiyaning qabul qilinishi zimmamizga yanada mas’uliyatli vazifalarni ham yuklaydi.

Birinchidan, amaldagi qonunchilikni yangi tahriridagi Konstitutsiyaga muvofiqlashtirish.

Ikkinchidan, ma’muriy islohotlar doirasida respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining vazifalarini va funksiyalarini qayta ko‘rib chiqish.

Uchinchidan, yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining matni qayta nashr etilishini va ko‘p nusxada bosilishini ta’minlash.

To‘rtinchidan, yangilangan Konstitutsiyaning mohiyati va ahamiyatini keng jamoatchilikka, ayniqsa, yoshlarga muntazam ravishda tushuntirish ishlarini amalga oshirish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlarni ko‘rish lozim bo‘ladi.

 

«O‘zbekiston ovozi», 3.05.2022, №16

 

 

 

Teglar

Oliy Majlis Konstitutsiyaga taklif
← Roʻyxatga qaytish