Xalq demokratik partiyasi Plenumida Prezidentlikka nomzod ilgari surildi

 

2023 yil 12 may kuni O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashining navbatdan tashqari plenumi bo‘lib o‘tdi. Unda Markaziy Kengash a’zolari, mas’ul xodimlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasi, xalq deputatlari Kengashlaridagi guruhlari a’zolari, mintaqaviy partiya kengashlari rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Plenumda 2023 yil 9 iyul kuni o‘tkazilishi belgilangan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining ishtiroki to‘g‘risida masala muhokama etildi.

Plenum a’zolari har qanday saylov siyosiy partiyalar uchun imkoniyat va katta mas’uliyat ekanini ta’kidlashdi. Saylovda Xalq demokratik partiyasi o‘zining takomillashtirilgan dasturini xalqimiz oldiga olib chiqish, fuqarolarning hohish-istaklarini bilish, faollari va xayrixohlari safini kengaytirish, eng asosiysi, siyosiy platformasini amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘lishi haqida fikr-mulohazalar ilgari surildi.

Munozara va muhokamalardan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksi hamda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Ustavida belgilangan talablardan kelib chiqib, 2023 yil 9 iyulda bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining ishtirok etishi haqida qaror qabul qilindi.

Plenumda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida partiyaning munosib ishtirokini ta’minlash bilan bog‘liq muhim masalalar ko‘rib chiqildi. Saylovda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga bo‘lajak nomzod ko‘rsatish, partiyaning qurultoyini chaqirish va uning kun tartibi, partiya qurultoyiga vakillik me’yori va ularni saylash tartibi to‘g‘risidagi masalalar muhokama markaziga qo‘yildi.

Islohotlarning ijtimoiy samaradorligini oshirish, elektorat vakillari, saylovchilarda siyosiy-huquqiy bilim va faollik kuchayishida saylovlar dolzarb ahamiyatga ega. Partiyamizning jamiyatdagi nufuzi elektorat manfaatlarini qay darajada himoya qilayotganimiz, joylardagi muammolarning yechimi yuzasidan qanday tashabbuslar bilan chiqayotganimizga qarab baholanadi, dedi partiya yetakchisi.

Xalq demokratik partiyasi, eng avvalo, ijtimoiy tenglik, ijtimoiy barqarorlik va xalq farovonligi g‘oyalariga sodiq qolgan holda mamlakatimizda yangi ish o‘rinlari yaratish, ijtimoiy sohani yanada rivojlantirish, ijtimoiy muhofazaga ehtiyojmand aholi qatlamlari manfaatlarini himoya qilish, ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimini yanada isloh qilish siyosatini izchillik bilan davom ettirish tarafdori sifatida maydonga chiqmoqda. Mamlakat fuqarolarining manfaatlariga mos keluvchi ushbu siyosatni amalga oshirishga qodir bo‘lgan shaxs nomzodini Prezident saylovida ilgari surishni maqsad qilgan.

Plenumda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga bo‘lajak nomzod to‘g‘risidagi masala muhokama etildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga partiya elektorati, tarafdor va faollari tomonidan tavsiya etilgan Inoyatov Ulug‘bek Ilyasovich nomzodi partiyaning Qurultoyida ko‘rib chiqish uchun ma’qullandi.

Saylov kodeksiga asosan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga bo‘lajak nomzod to‘g‘risidagi ma’lumotlar boshqa zaruriy hujjatlar bilan birga Markaziy saylov komissiyasiga taqdim etiladi.

Xalq demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod haqida yakuniy qaror qabul qilishga faqat partiyaning Qurultoyi vakolatli hisoblanadi.

Plenumda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining XIII qurultoyini 2023 yilning may oyi uchinchi o‘n kunligida Toshkent shahrida chaqirish haqida qaror qabul qilinib, qurultoyni o‘tkazishning aniq sanasi, o‘tkazish shakli, joyi va tartibini belgilash O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi zimmasiga yuklatildi.

Qurultoyga delegatlar saylash masalasida partiya Qoraqalpog‘iston respublika, viloyatlar va Toshkent shahar kengashlarining plenumlari o‘tkaziladi.

 

O‘zbekiston XDP Axborot xizmati

 

 

 

Teglar

Plenum Saylov
← Roʻyxatga qaytish