Xalq demokratik partiyasi vakolatli vakili ro‘yxatga olindi

 

Bugun Markaziy saylov komissiyasining muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga bag‘ishlangan navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi saylov okruglarini tuzish, siyosiy partiyalarning vakolatli vakillarini ro‘yxatga olish, Markaziy saylov komissiyasining ayrim qarorlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi masalalar ko‘rildi.

Kun tartibidagi masalalar yuzasidan MSK Kotibiyati mudiri X.Teshayev ma’ruza qildi.

Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksi hamda Markaziy saylov komissiyasining 2023 yil 10 maydagi qarori bilan tasdiqlangan Muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazish bo‘yicha Kalendar rejaga muvofiq majlisda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri chegaralari doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 14 ta saylov okruglari tuzish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar ko‘rsatgan siyosiy partiya saylov komissiyasining majlislarida, hujjatlarni topshirishda, imzo varaqalari to‘g‘ri to‘ldirilganligini tekshirishda, saylov uchastkasida ovozlarni sanab chiqishda ishtirok etish uchun vakolatli vakil tayinlashga haqli.

Shundan kelib chiqib, majlisda Markaziy saylov komissiyasi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi rahbarlari tavsiya etgan vakolatli vakillarga tegishli hujjatlarni ko‘rib chiqib, vakolatli vakillarni ro‘yxatga olish hamda ularga belgilangan shakldagi guvohnoma (mandat)ni berish haqida qaror qabul qildi.

 

Muhtarama Komilova,

O‘zA

 

 

 

Teglar

Saylov
← Roʻyxatga qaytish