Demokratik saylovlardan xalq yutadi

 

Shu yil 30 aprel kuni mamlakatimiz tarixi uchun yana bir zarhal harflar bilan yozib qo‘yiladigan sana bo‘ldi, desak ayni haqiqat. Sababi ushbu kunda xalqimiz yana bir bora birdamligini butun dunyoga namoyon qildi. Bo‘lib o‘tgan umumxalq referendumida saylovchilarning 85 foizi ishtirok etgan bo‘lsa, ularning 90,21 foizi yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini yoqlab ovoz berdi.

Galdagi qadam albatta, qabul qilinib kuchga kirgan Bosh qomusimizni hayotga tatbiq etish hisoblanadi. Kuni kecha e’lon qilingan “Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni esa bu borada dasturulamal bo‘lishi, shubhasiz. Mazkur hujjatda Konstitutsiyamizda aks etgan yangi normalarni amaliyotda to‘laqonli o‘z ifodasini topish tartiblari bayon etilgan.

Yana bir asosiy mavzu – bu ham bo‘lsa, muddatidan ilgari Prezidentlik saylovi haqida. Barchamizga ma’lumki, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda amaldagi Prezidentning o‘zi ham muddatidan ilgari Prezident saylovlarini o‘tkazish tashabbusiga ega. Qolaversa, bu borada saylov qonunchiligiga uning tartiblari belgilandi. Mazkur huquqdan foydalangan holda joriy yilning 8 may kuni davlatimiz rahbari mamlakatda muddatidan ilgari Prezident saylovlari o‘tkazilishini e’lon qildi.

Bu holatni demokratik qadam deyishimizga to‘la asoslar bor. Avvalo, qonunchilik, yangi tahrirdagi Konstitutsiya ham, amaldagi Prezidentga 2026 yilgacha Prezidentlikni davom ettirib, keyin yana saylovlarda ishtirok etishi uchun to‘sqinlik qilmaydi. Ammo, yurtboshimizning hali yana 3,5 yillik vakolat muddati bo‘la turib, o‘z tashabbusi bilan undan voz kechishi Prezidentning xalq va davlat manfaatlarini o‘z manfaatlaridan ustun qo‘yib, xalqimizga bo‘lgan chuqur hurmatini ko‘rsatdi.

Shu bilan birga, agar e’tibor bilan qarasak yangilangan Konstitutsiyada Parlament, Prezident va Hukumatning vakolatlarida sezilarli o‘zgarishlar bo‘ldi. Bu o‘z navbatida, davlat hokimiyati organlari yangicha konstitutsiyaviy muhit va sharoitda faoliyat olib borishni taqozo etadi.

Qolaversa, yangi Prezidentlik saylovlari siyosiy partiyalar uchun ham yaxshigina imkoniyat. Saylov jarayoni bu siyosiy partiyalar va ular ko‘rsatgan nomzodlar o‘zining dasturiy g‘oyalarini keng aholi qatlamiga taqdim etish, xalqni qiynayotgan masalalar bo‘yicha o‘z yechimlarini taklif etish orqali tarafdorlarini ko‘paytirish fursati hamdir.

Saylovni xalq uchun ham yaxshigina foydasi bor. Muloqot jarayonida hududlardagi muammolarning yechimi keyinchalik tezlashadi, kerak bo‘lsa unga ajratilishi qiyin bo‘lgan mablag‘lar ajratiladi, faoliyatni ham yangicha tashkil etish imkonini beradi.

Bir so‘z bilan aytganda, demokratik saylovlarda partiya emas, aslida xalq yutadi! O‘tgan saylovlar va referendum natijalari xalqimizning siyosiy madaniyati oshganligini ko‘rsatmoqda. Demak, yangi Prezidentlik saylovlariga ham xalqimiz tayyor.

 

Firdavs SHARIPOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Saylov Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish