Oila mustahkamligini ta’minlashda erkak va ayolning o‘rni

 

15-may Xalqaro oila kuni

O‘zbek xalqi azaldan oilani muqaddas, muborak dargoh sifatida e’zozlagan, bu qo‘rg‘onga zavol yetmasligi uchun bor mahoratini ishga solgan. Oila qanchalik mustahkam bo‘lsa, jamiyat ham shunchalik barqaror taraqqiy etishini ajdodlarimiz yaxshi anglashgan. Zero oilani boshqarish, farzandlarni xalqqa, vatanga munosib avlod qilib yetishtirish katta san’atdir.

Ajdodlarimiz an’analarini davom ettirgan holda bugungi kunda ham oilani e’zozlash, zamonaviy, namunali va farovon oilani barpo etish davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.

Mamlakatimizda oila institutini mustahkamlash, oilada gender tenglikni ta’minlash, oila a’zolarining turmush sharoitlarini yaxshilash, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish maqsadida mustahkam qonunchilik bazasi yaratilgan desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Jumladan, yangi tahrirdagi konstitutsiyaning XIV bobi “Oila, bolalar va yoshlar” deb nomlangan. Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasining “Oila” kodeksida oila mustahkamligi uchun xizmat qiladigan normalar, 2019 yil 2 sentabrda qabul qilingan “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunda davlat xotin-qizlar va erkaklarga shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarni amalga oshirish chog‘ida teng huquqlilikni kafolatlashi belgilab qo‘yilgan.

Davlat tomonidan olib borilayotgan sa’y-harakatlar, qilinayotgan ishlarga qaramay, afsuski, ba’zan bu borada bilim, tajriba va tarbiyaning yetarli bo‘lmagani tufayli ko‘proq yoshlar o‘rtasida ajrashish holatlari uchrab turibdi. Arzimagan bahonani sabab qilib oilalar buzilib, begunoh farzandlar tirik yetim bo‘lib qolmoqda. Statistika qo‘mitasining ma’lumotiga ko‘ra, 2022 yilda nikohdan ajralishlar soni 48,7 mingtani tashkil etib, so‘nggi 5 yilda sezilarli ko‘paygan. Misol uchun, 2018 yilda 32,3 mingta, 2019 yilda 31,4 mingta, 2020 yilda 28,2 mingta, 2021 yilda 39,3 mingta nikohdan ajralish qayd etilgan edi.

Umumiy hisobda so‘nggi besh yil ichida 1521,0 mingta nikoh qayd etilgan bo‘lsa, 179,9 mingta ajrimlar ro‘yxatga olingan (ro‘yxatga olinmaganlar qancha?). Ya’ni o‘rta hisobda ajralishlar jami nikohlanganlarga nisbatan 12 foizga to‘g‘ri kelgan. Aniqrog‘i har mingta oiladan 120 tasi ajrashgan.

179,9 mingta ajrim degani 359,8 mingta fuqaro degani, agar o‘rtacha ikkitadan farzandi bo‘lsa 719,6 ming nafar odam degani. Bitta shaharda o‘rta hisobda 100 ming aholi bo‘lsa, bu 7 ta shahar ajrashganlar shahriga teng bo‘lib qolmoqda. Bir tomondan bu raqamlar odamni xavotirga solsa, ikkinchi tomondan, nikoh va ajrim masalasi oddiy bir holga aylanib qolishidan inson tashvishga tushadi. Bu masalaga o‘ta jiddiy muammo sifatida qarab, uni oldini olishga barcha birdek harakat qilishi lozim.

Chunki, davlat va jamiyat bizning oilamiz uchun qayg‘urayotgan bir paytda, biz o‘zimiz ham oilamiz baxti, saodati, farovonligi, uni asrab-avaylash uchun barcha mahoratimizni ishga solishimiz to‘g‘ri hisoblanadi. Bu vazifalar ko‘proq ayol va erkak, ya’ni ota-ona zimmasiga tushadi. Ayol oqila, fozila, jonkuyar, har narsada er qadrini yuksak qo‘yadigan bo‘lsa, er ham bosiq, jiddiy, mehribon, farzandlari, ahli ayoliga jonkuyar bo‘lsa er-xotin o‘rtasida mehr – oqibat bo‘ladi. Mehr-oqibat asosida qurilgan oila esa, albatta mustahkam bo‘ladi.

Demak, oilaviy munosabatlarda ayol va erkak, ota-ona birdek mas’ul hisoblanadi. Har qanday vaziyatda ham er va xotin bir-birini tushunishi, qo‘llab-quvvatlashi, kamchiliklarini yuziga solmasdan hamjihatlikda bartaraf etishi faqat va faqat oila tinchligi, uning mustahkam bo‘lishiga xizmat qiladi.

Birinchi navbatda yoshlarni, farzandlarimizni oilaviy hayotga tayyorlab borish bilan birgalikda, ularga ota-onalik mas’uliyati va vazifalarini ham o‘rgatib borish muhim jihatlardan biri hisoblanadi. Ushbu masalada qiz bola va o‘g‘il bolalarga alohida-alohida e’tibor qaratiladi. Tarbiya ota-onalarning bolalariga qoldiradigan eng umri uzoq merosidir. Avvalambor ota-onalar farzandlariga shaxsiy namuna, o‘rnak bo‘lishlari lozim.

Insonga yoshligidan berilgan tarbiya kelajagiga albatta ta’sir qiladi, shuning uchun yoshlarni hayotga tayyorlash, ularni o‘qitish, kasb-hunarli qilishga, ma’naviy, huquqiy, diniy, dunyoviy ta’lim va tarbiyani birdek berishga alohida e’tibor qaratish lozim. Oila muqaddasligini anglab yetgan har bir inson, uni asrab avaylashga harakat qilishi aniq. Zero, inson uchun bir marotaba beriladigan sinovli bu hayotda har bir shaxs o‘z oilasida baxtli yashashga haqli.

 

Gulshan Asatova,

O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi “Ayollar qanoti” rahbari,

Respublika “Oqila ayollar” harakati a’zosi.

 

 

 

Teglar

«Faol ayollar» qanoti
← Roʻyxatga qaytish