Investitsiya — mamlakat taraqqiyotining bosh manbai

 

Shu yilning 9 iyul kuni mamlakatimizda bo‘lib o‘tgan yirik siyosiy tadbir — muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida kelgusi yetti yillik taraqqiyotimizning yo‘lboshchisi saylab olingach, oradan bir kun o‘tib, davlat rahbari boshchiligida o‘tkazilgan birinchi selektor yig‘ilishi investitsiyalarni iqtisodiyotimizga jalb etish masalalariga bag‘ishlandi.

Kechagina xalqimiz ko‘tarinki ruhda o‘tkazgan saylov shukuhi xayolimizni chulg‘ab turgan bir paytda investitsiya masalasi kun tartibiga qo‘yilishi kimgadir biroz notabiiyroq tuyulishi mumkin. Yangi O‘zbekiston kelajagi uchun munosib nomzodga ovoz berib, o‘z tanlovimizni amalga oshirganligimiz bilan investitsiyalarni, xususan, chet eldan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb etishning mantiqiy davomiyligini anglab olishimiz uchun Prezidentimiz boshchiligida o‘tgan yig‘ilishning rug‘ini teran his qilish kerak bo‘ladi.

 

Maqsadlar mushtarak

Yig‘ilishning dastlabki qismida Prezidentimizning saylov yakunlari bo‘yicha bildirgan fikrlaridan saylov O‘zbekiston xalqining ulug‘ maqsadlar yo‘lida birlashganligining yorqin ifodasi bo‘lganligini anglab olishimiz mumkin.

Darhaqiqat, siyosiy qarashlari, millati, tili va dinidan qat’i nazar, Prezidentimiz olg‘a surgan “Inson qadrini ulug‘lash” g‘oyasi atrofida 130 dan ortiq millat va elat vakillaridan iborat xalqimiz yakdillik bilan birlashganligini saylov natijalari yaqqol ko‘rsatib turibdi.

Ushbu g‘oyani ro‘yobga chiqarish mustahkam xuquqiy asosni talab etar edi. Buning uchun yangilangan xalq Konstitutsiyasi qabul qilindi. Ushbu Asosiy qonunga muvofiq xalqimiz o‘zining yuksak siyosiy ongi, xohish-irodasi va huquqiy madaniyatini yaqqol namoyon qilgan holda o‘z liderini tanlab oldi. Endigi navbat — keng ko‘lamli islohotlarni qo‘llab-quvvatlab kelayotgan barcha vatandoshlarimizning yuksak ishonchini oqlashdan iborat.

Bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda aynan Prezidentimiz xalq bildirgan ishonch muqaddas ekanligi, unga yuksak mas’uliyat, hurmat va ehtirom bilan munosabatda bo‘lishimiz kerakligini, ishonchni oqlashda har bir kun g‘animatligi, boshlangan islohotlar bir soniya ham to‘xtab qolmasligi zarurligini batafsil tushuntirib berdi.

Davlatimiz rahbari ayni chog‘da dunyoda siyosiy va iqtisodiy jarayonlar shiddat bilan bilan o‘zgarayotganligi, katta geosiyosiy ziddiyatlar nima bilan yakun topishi dargumon bo‘lib turgan bir paytda O‘zbekiston o‘z oldiga qo‘ygan ulkan maqsadlarga erishishi uchun kattayu kichik, barchamiz avvalgidan besh karra, o‘n karra ko‘proq g‘ayrat va shijoat bilan ishlashimiz talab etilishini uqtirib o‘tdi.

 

Ishlar holati ulkan marralarga mos emas

Dunyo iqtisodiyotida kechayotgan siyosiy jarayonlar hamda shafqatsiz raqobat sharoitida savdo va investitsiya oqimlari yo‘nalishlari tez o‘zgarib bormoqda. Mana shunday tahlikali, ichki va tashqi tahdidlarga to‘la vaziyatda xalqimiz munosib hayot kechirishi uchun imkoniyat yaratish, mehnat bozoriga kirib kelayotgan yuz minglab yoshlarimiz uchun yuqori daromadli ish o‘rinlarini tashkil etish, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish eng avvalo, zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlarini yaratishni talab etadi. Bularni esa innovatsiyalarni, yangi texnologiyalarni joriy etmasdan, zamonaviy bilimga ega bo‘lgan hamda malakali mutaxassislarsiz amalga oshirib bo‘lmaydi.

Tasavvur qiling, oilada tovuq boqish uchun “ham yem, ham suv kerak”dan tashqari yetarli sharoitni yaratish, zamonaviy parrandachilik sirlarini bilish talab etiladi. Shunday ekan, nafaqat mamlakat, balki dunyo bozorlariga chiqish imkoniyatiga ega bo‘lgan raqobatbardosh ishlab chiqarishni tashkil qilish uchun yoningizdagi mablag‘ yoki bankdan olgan kredit bilan uzoqqa borib bo‘lmaydi. Zamonaviy bozor talablariga javob beradigan ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan, global raqobatning pastu balandini biladigan hamkor topmasdan raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish juda mushkul. Bu to‘siqlarni chet eldan investor jalb qilish orqali yengib o‘tish mumkin.

Investitsiyalarning shunday ahamiyatiga qaramasdan, ilgari (bundan 6-7 yil avval) chetdan investitsiya jalb qilish u yoqda tursin, ichki investitsiya manbalarini topish va uni iqtisodiyotga jalb qilish hokimliklarning, hattoki, ko‘pchilik vazirlik va idoralarning kundalik vazifasi sifatida qaralmas edi. Oyda-yilda bu borada nomigagina hisobot berib qo‘yilar, u ham bo‘lsa qog‘ozda qolib ketardi.

Prezidentimiz boshlagan islohotlar investitsiyaga bo‘lgan tushunchamizni ham, munosabatimizni ham o‘zgartirdi. Investitsiyasiz rivojlanib bo‘lmasligini sekin-asta kattayu kichik anglab yetmoqda. Bu borada maxsus vazirlik va uning hududiy tuzilmalari ish boshladi. Tadbirkorlarga loyiha tayyorlab, investor axtarishda har tomonlama ko‘mak berila boshladi.

Shu bilan birga, investitsiya faoliyatiga oid qonunchilik takomillashtirildi. Endi yangi loyihalarni topib, investorlarni jalb qilish hokimliklar va tegishli tarmoq vazirliklarining kundalik ishiga aylandi. Bu ishlarga chet eldagi elchilar ham jalb etildi. Bugungi kunda elchilarimiz oldiga nafaqat tashqi siyosat bilan shug‘ullanish, balki chet ellik hamkorlarni O‘zbekiston iqtisodiyotiga jalb etish borasida ham aniq vazifalar qo‘yilgan. Ular yurtimizda xizmat yoki boshqa sabab bois bo‘lib turganida, o‘zlariga biriktirilgan hududlarga borib, tadbirkorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazmoqda, biznes loyihalar bilan joyida tanishyapti, tadbirkorlarga zarur maslahatlar ham bermoqda.

Investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha olib borilgan mana shunday mashaqqatli va keng qamrovli ishlar o‘zining ijobiy natijalarini beryapti. Agar 2016 yilda o‘zlashtirilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlar 1 917,7 mln. dollari miqdorida bo‘lsa, o‘tgan yili bu ko‘rsatkich 10 037,8 mln. AQSH dollarini tashkil qildi. Birgina joriy yilning 1-choragida 2 300,8 mln. AQSH dollari miqdorida chet el investitsiyalari jalb etildi.

Lekin, bu boradagi ishlar holati belgilangan ulkan marralarga mos emasligini hisobga olgan holda, yig‘ilishda ayrim vazirliklar, mahalliy hokimliklar va tarmoqlar rahbarlarining faoliyatiga tanqidiy baho berildi. Aksariyat viloyat, tuman va shahar hokimlari tomonidan shakllantirilgan investitsiya loyihalari hududlarning salohiyati va imkoniyatlariga to‘liq mos kelmasligi ko‘rsatib o‘tildi. Shu bois, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan so‘nggi ikki oy ichida sanoati past rivojlangan 60 ta tumanga konsalting kompaniyalar va loyiha guruhlari jalb qilinib, 6,5 mlrd. dollarlik 2 mingdan ziyod istiqbolli loyihalar ishlab chiqilgan.

Selektor yig‘ilishida Prezidentimiz tarmoq va hududlarga yil yakuniga qadar sarmoyalarni faol jalb qilish bo‘yicha har bir vazirlik, tarmoq va hudud rahbari, shuningdek, elchilar oldiga aniq vazifalar qo‘ydi.

 

Yangi tizim joriy etiladi

Joriy yilda jami 20,2 mlrd. dollar xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirilishi belgilangan. Shundan 16,3 mlrd. AQSH dollari to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlar hamda 3,9 mlrd. AQSH dollari esa xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumatlarning moliya tashkilotlari mablag‘lari hisobidan amalga oshirilishi belgilangan.

Shu bois, davlat rahbari investitsiyalar bilan ishlash bo‘yicha mutlaqo yangicha tizim joriy etilishini belgilab berdi. Ushbu tizim doirasida loyihalarni jadallashtirish bo‘yicha favqulodda choralar ko‘rgan holda davlat investitsiya dasturi doirasida 11,5 milliard dollarlik 272 ta yirik loyihani muddatidan oldin foydalanishga topshirish bo‘yicha “loyihabay” ish tashkil etiladi. Bunda har bir loyihaga biriktirilgan vazir, vazir o‘rinbosarlari, bank rahbarlari mas’ul va javobgar bo‘ladi.

Yangi tizim talablariga muvofiq hududlarda 9 mlrd. dollarlik 8 mingta loyihani ishga tushirish belgilangan bo‘lib, loyihalar yirik, o‘rta va kichik toifalarga ajratilib, ular bilan manzilli ish olib boriladi. Yil yakuni bilan investitsiyalar o‘zlashtirilishi va loyihani ishga tushirish muddatlariga qarab mas’ul rahbarlar faoliyatiga baho beriladi.

Taklif qilingan tizimda shuningdek, xalqaro moliya institutlari ishtirokidagi loyihalarni jadallashtirish, tarmoqlar va hududlardagi 89 ta yirik loyihani muddatidan oldin ishga tushirish uchun infratuzilma masalasini hal qilish, Hukumat komissiyasi shakllantirilgan 92 ta yirik sanoat loyihalarini amalga oshirishda yer va kredit ajratish masalalari qamrab olingan.

Ushbu tizim doirasida yana bir muhim yangilik, xorijiy kredit liniyalari doirasida jalb qilingan qariyb 3 mlrd. dollar bo‘sh mablag‘larni o‘zlashtirish bilan bog‘liq. Hozirgi kunda xorijiy valyutadagi kredit foizlari yuqoriligi sababli (12-13 foiz), tadbirkorlar ushbu resurslardan foydalana olmayotganligini hisobga olib, Prezidentimiz Eksport jamg‘armasiga qo‘shimcha 200 mln. dollar mablag‘ ajratish hisobiga kredit foizlarining 5 foizgacha qismini qoplab berishni taklif qildi. Shuningdek, ushbu mablag‘lar doirasida tadbirkorlarga “tayyor biznes” shaklida bino berish maqsadida sanoat ipotekasi tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Yig‘ilishda so‘nggi ikki yilda bir qator yirik davlatlar bilan o‘tkazilgan oliy darajadagi uchrashuvlarda erishilgan 71 mlrd. dollarlik investitsiya loyihalari bo‘yicha kelishuvlar ijrosiga alohida e’tibor qaratildi. Endi ushbu investorlar bilan ishlash bo‘yicha ham yangi tizim joriy etiladi. Ushbu tizimga ko‘ra, har bir hamkor davlat bo‘yicha investitsiya loyihalarining o‘z vaqtida amalga oshirilishi bo‘yicha mas’ul shaxs biriktiriladi. Shuningdek, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida har bir yangi investorga hamrohlik qilish uchun 40 kishidan iborat “investitsiya menejeri” lavozimi tashkil etiladi.

 

Xulosa o‘rnida...

Dunyoda kechayotgan murakkabliklarga qaramasdan, O‘zbekiston 2030 yilga borib yalpi ichki mahsulot hajmini aholi jon boshiga ikki barobarga oshirishdek ulkan vazifani o‘z oldiga qo‘ygan. Bu — aholi farovonligini ikki karra oshirish, degani.

Mana shunday ulug‘ maqsadni amalga oshirish iqtisodiyotda eng samarali omillarni, xususan, inson kapitalini boyitish hisobiga ilmga asoslangan, innovatsiyalarni joriy etishga tayangan holda raqobatbardosh mahsulot va xizmatlarni ichki hamda tashqi bozorlarga olib chiqishni talab etadi.

Shunday ekan, investitsiyalar, xususan, chet el investitsiyalari nafaqat real iqtisodiyot, shuningdek, ijtimoiy sohani rivojlantirishga ham jalb etilishi zarur. Mana shularni hisobga olgan holda mamlakatimiz Prezidenti fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va san’at sohalariga ham investitsiyalar jalb etish borasida aniq vazifalarni belgilab berdi.

Ilmiy adabiyotlarda investitsiyalarga ko‘plab tushunchalar berilgan. Lekin yig‘ilishda davlatimiz rahbari bir qarashda juda oddiy, shu bilan birgalikda, masalaning o‘zagini ochib beradigan ta’rifni bayon etdi. Ya’ni investitsiya, bu — texnologiya, malakali mutaxassis, zamonaviy loyihalar, raqobatbardosh mahsulotlar, valyuta tushumi va nihoyat, budjetga daromad, degani. Budjet daromadi, o‘z navbatida, xalq farovonligini ta’minlash manbaidir.

Yuqorida aytib o‘tganimizdek, Prezidentimiz olg‘a surgan “Inson qadrini ulug‘lash” g‘oyasini amalga oshirish nafaqat iqtisodiy, ayni chog‘da, ijtimoiy hamda siyosiy barqarorlikni ta’minlashni taqozo etadi. Bunda investitsiyalar jamiyatni barqaror rivojlantirishning bosh manbalaridan biri bo‘ladi, desak, ayni haqiqatdir.

 

Sharofiddin NAZAROV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

Budjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi raisi,

O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.

 

 

 

Teglar

Deputat Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish