Mamlakatimizda 2023 yil qizg‘in siyosiy jarayonlarga boy bo‘lmoqda. Ushbu yilning 30 aprelida xalqimiz tomonidan ilgari surilgan yangilangan Konstitutsiyamizni umumxalq referendumi orqali qabul qilgan bo‘lsak, joriy yilning 9 iyul kuni barchamiz uchun ulkan tarixiy voqea — O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga o‘tkazilgan saylov mamlakatimiz, qolaversa, butun xalqimiz uchun yangi davrni boshlab berdi, desam aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.
Ushbu muhim siyosiy jarayonda xalqimizning yurt taqdiriga daxldorlik hissi yanada oshib, siyosiy ongi va dunyoqarashi yuksaldi, e’tiqodi yanada mustahkamlandi. Yurtimizdagi har bir fuqaro chin ma’noda “Yangi O‘zbekiston uchun ovoz berdi” va o‘z tanlovida aslo adashmadi.
Xalqimiz o‘z taqdiri, tinch-osoyishta, farovon hayoti uchun ham buyuk istiqbol sari boshlovchi yangi taraqqiyot yo‘lini tanlamoqda. Endilikda, bizni yangi davr qarshilamoqda. Bu esa yurtimiz uchun barcha sohalarda tub burilish va ulkan o‘zgarishlar davri bo‘lishi shubhasiz.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining O‘zbekiston Respublikasi saylangan Prezidentining lavozimiga kirishishiga bag‘ishlangan qo‘shma majlisni nafaqat deputat va senatorlar, balki butun O‘zbekiston xalqi katta qiziqish bilan kuzatdi. Chunki kelgusi 7 yilda amalga oshiriladigan islohotlarga hech kim e’tiborsiz emas. Xalqimizning bugungi kunda huquqiy ongi oshganligini saylovoldi targ‘iboti jarayonlarida kuzatdik. Har bir nomzodning saylovoldi dasturi bilan tanishib, ertangi kundagi rejalarimiz qanday bo‘lishi hech kimni e’tiborsiz qoldirmadi.
Muhtaram Prezidentimiz aytganlaridek, “Har bir kun – bu imkoniyat, har bir kun – bu kelajak poydevori” degan shior bugundan boshlab hayotimiz qoidasiga aylanishi kerak va biz har bir kunimizdan, berilgan imkoniyatlardan xalqimizni rozi qilish yo‘lida samarali foydalanishimiz zarur.
Mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli xalqchil islohotlar bardavomligi va ta’sirchanligini ta’minlash oldimizda turgan dolzarb vazifalardan sanaladi.
Zero, xalqimiz umid bog‘lagan va intiqlik bilan kutayotgan ertangi hayotimiz, yorug‘ kelajagimiz kafolati bugungi ulkan tashabbuslarning amaliy natijalari, ijobiy samaralarida o‘z ifodasini topadi.
Shuningdek, ta’lim va tarbiya, sog‘liqni saqlash, ilm-fan, madaniyat va san’at, sport sohalarini rivojlantirish, yangi uy-joylar qurish, aholini ichimlik suvi, energiya bilan ishonchli ta’minlash, ijtimoiy infratuzilmalar ishini yaxshilash bo‘yicha belgilab olingan vazifalar xalqimizning ezgu tilak va takliflaridir.
Shu bilan birga, mahalla tizimini barcha islohotlarimizning markaziy va hal qiluvchi bo‘g‘inga aylantirish, aholining ehtiyojmand qatlamlari, nogironligi bo‘lgan shaxslar, yolg‘iz keksalarni qo‘llab-quvvatlash, kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan ishlarni yangi bosqichga olib chiqish masalalari esa biz oliyjanob xalq ekanligimizni anglatadi.
Prezidentimiz mamlakatimizda sanoat salohiyatini yanada rivojlantirish, yurtimizni qudratli industriya makoniga, yuqori texnologiyalar, innovatsiyalar, jahon bozorida raqobatbardosh bo‘lgan sifatli mahsulotlar ishlab chiqaradigan zamonaviy mamlakatga aylantirish bo‘yicha katta-katta dasturlar qabul qilinishini aytib o‘tdi. Bu esa, yurtimizda qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratilishiga imkon beradi.
Albatta, kelgusi 7 yilda amalga oshirilishi rejalashtirilgan maqsad va vazifalar mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatining yanada yuksalishiga hamda xalqimizning turmushi yanada farovon va to‘kin-sochin bo‘lishiga xizmat qiladi.
Dilbar MAMAJONOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.