Taʼlim va tarbiya sohasida belgilangan marralar yuksak, rejalar ulkan


Prezidentning Oliy Majlis palatalari qo‘shma majlisidagi nutqi oldindagi yetti yillikka mo‘ljallangan keng ko‘lamli dastur bo‘ldi, desak, ayni haqiqat. Zero, unda barcha sohalarda amalga oshirishimiz zarur bo‘lgan dolzarb vazifalar aniq-tiniq qilib belgilab berildi.

Tabiiyki, bularga osonlik bilan erishib bo‘lmaydi. Buning uchun har birimizdan katta kuch va masʼuliyat talab etiladi. Davlatimiz rahbarining taʼbiri bilan aytganda, “Har bir kun — bu imkoniyat, har bir kun — bu kelajak poydevori” degan shior bugundan boshlab hayotimiz qoidasiga, har qaysi rahbarning, barcha xalq noiblari, vazir va hokimlarning kundalik faoliyat dasturiga aylanishi shart”.

Guvohi bo‘lganingizdek, nutqda Yangi O‘zbekistonning asosiy ustuni — bilim, taʼlim va tarbiya sohasini yana-da rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lishi yana bir bor aytib o‘tildi. Bu bejiz emas. Rivojlangan qaysiki davlat tarixini kuzatmang, ularning barchasida ilm-fanga alohida eʼtibor qaratilgani ko‘zga yaqqol tashlanadi.

Shu maʼnoda aytadigan bo‘lsak, bu borada belgilangan marralar yuksak, rejalar ulkan. Eʼtibor qarataylik, 2030-yilga qadar aholining maktabgacha taʼlimga bo‘lgan talab va ehtiyojini to‘liq qoplash va qamrov darajasini 100 foizga yetkazish, bog‘chalar moddiy-texnik bazasi yana-da rivojlantirish ko‘zda tutilgan.

Yana bir muhim jihati, ushbu maqsadga erishish uchun 7 foizlik stavkada 10 yil muddatga kredit berish, ishlab chiqarish korxonalarining bog‘cha qurishga sarf etiladigan xarajatlarini soliqlardan to‘la ozod qilish tartibi ishlab chiqiladi. Ayni chog‘da 2030-yilga qadar qo‘shimcha, eʼtibor bering, 2 mingta bog‘cha qurish maqsad qilinmoqda. Bu raqamlarning ortida qanchadan-qancha mehnat, eʼtibor, mablag‘, davlat g‘amxo‘rligi va kelajakka bo‘lgan ishonch mujassam, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.

Bundan tashqari, bolalarni erta yoshdan boshlab zamonaviy axborot texnologiyalariga o‘rgatish maqsadida har bir bog‘chani kompyuter sinfi bilan taʼminlash bo‘yicha ham aniq rejalar, dasturlar ishlab chiqilib, hayotga tatbiq etiladi.

Umuman olganda, taʼlim va tarbiya yo‘nalishiga bo‘lgan eʼtibor yana-da kuchaytiriladi. Pirovard maqsad esa aniq. Yaʼni maqsadimiz — ana shunday zamonaviy sharoit yaratish orqali yangi O‘zbekistonning mustahkam fundamenti, suyanchi va porloq kelajagini taʼminlashdan iborat.

Shomansur SAGDULLAYEV,

Oliy Majlis Senatining Fan, taʼlim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi aʼzosi, xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashidagi O‘zXDP deputatlik guruhi a‘zosi.

Teglar

Deputat Faollarimiz davlat boshqaruvida Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish