Hammamiz uchun muhim

 

Beshta ustuvor yo‘nalish, 100 maqsad, 7 yilga mo‘ljallangan chora-tadbirlar dasturi. 15 avgustda Jamoatchilik muhokamasidan o‘tgan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi yurtimizning taraqqiyot yo‘lini, jamiyatimizning keyingi rivojlanishini ta’minlovchi tarixiy hujjat bo‘lishi haqida fikrlar bildirilmoqda.

Strategiyada insonga avvalo shaxs sifatida qarash, ularning imkoniyatlari bilan hisoblashish, o‘zini, salohiyatini namoyish etishi uchun sharoit yaratish, ko‘maklashish kabi muhim jihatlar qamrab olingan. Shuningdek, fuqarolarning tug‘ilishidan to keksaligiga qadar munosib hayot kechirishi uchun zarur hech bir masala e’tibordan chetda qolmagan.

Ona va bola salomatligi, sog‘lom bolalik, ta’limning barcha bosqichlari, hatto olimlik darajalariga erishish va ularni qo‘llab-quvvatlash ham hujjatdan o‘rin olmoqda. Ayollar, oilaviy muhit, mahalla ishi, nuroniylar, ijtimoiy himoyaga ehtiyojmand kishilar, ekologiya muhofazasi, suv resurslaridan foydalanish, qo‘yingki, har bir qatlam va sohaga alohida e’tibor berilgan.

 

Nuroniylar hamisha e’zozda

Botir TEMIROV,

O‘zbekiston Qahramoni:

— Inson borki, o‘z oldiga katta-kichik maqsadlar qo‘yadi. Uni amalga oshirish uchun imkoniyatidan kelib chiqib, rejalar tuzadi. Umuman, hayotning o‘zi maqsadlar sari harakat qilish, yangi-yangi orzularga intilish mezoni asosiga qurilgan, deb bilaman. Endi ushbu masala mamlakat miqyosida olinganda bu maqsadlar jamlangan yirik strategiyaga aylanadi va jamiyat ana shu asosida rivojlanadi, taraqqiy etib boradi. Shundan kelib chiqib, yurtimizda amal qilib turgan strategiya va 2030 yilgacha mo‘ljallangan masalalarni qamrab olgan strategiya loyihasi chin ma’noda yaxshi qadamlarga zamin, deb ayta olaman.

Yoshi ulug‘ insonlar nimani istaydi? Tabiiyki, yillar davomida ozmi-ko‘pmi qilingan mehnatning samarasini, farzandlar kamolini va albatta o‘z Vatanining gullab-yashnayotganini ko‘rishni xohlaydi. Buning uchun birinchi galda sog‘lom bo‘lish talab etiladi. Strategiyada taklif etilayotgan sog‘lom va faol keksalikni ta’minlash maqsadi, o‘ylashimcha, shu ma’noda kiritilmoqda.

Unda Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Faol keksalik konsepsiyasi va Keksa odamlarning salomatligi hamda farovonligini baholash indikatorlarini amaliyotga joriy etish masalasi asos qilib olinmoqda. Demak, hujjatda aytilishicha, avvalo keksa yoshdagi aholining salomatligini va faolligini baholash tizimini joriy etish lozim. Chunki ba’zi insonlar 60 yoshdayoq biror jiddiy ishga yaramay qolishi mumkin. Ayrimlar esa, aksincha, 80 dan oshsa ham kuch-g‘ayratga to‘la bo‘ladi. Agar faqatgina pasportdagi yoshga qarab baholansa, bu xato bo‘ladi. Insonning biologik holatini aniqlovchi tizim yaratilsa, kimga qanday ko‘mak yoxud qanaqa vazifa berish mumkin, degan savolning javobi kelib chiqadi. Natijada ijtimoiy ko‘makning va davlat yo‘naltirayotgan mablag‘ning maqsadliligi ham ortadi.

Albatta, katta yoshdagi aholini har yili profilaktik ko‘rikdan o‘tkazib turish ham ish unumdorligini oshiradi. Ana shunda kimdadir surunkali kasallik aniqlansa, ambulator va statsionar sog‘lomlashtirish masalalari jadallashadi, deb o‘ylayman. Mazkur yo‘nalishda ham strategiyada alohida me’yorlar belgilanayotgani quvonarli, albatta.

Hujjatda yuqumli bo‘lmagan kasallikka chalingan keksa yoshdagi bemorlar va ularning farzandlarini “O‘z o‘zini parvarish qilish”ga o‘rgatish maqsadida ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarda “Profilaktika maktabi” mashg‘ulotlarini o‘tkazish zarurati belgilanyapti ekan. Mazkur me’yor ham juda o‘rinli, deb o‘ylayman. Ya’ni, odamlarning tibbiy madaniyatini oshirishga xizmat qiluvchi o‘z-o‘zini ehtiyot qilish, salomatligini asrashni o‘rgatish ayni muddao. Rivojlangan mamlakatlarda bu masalalar odatiy holga aylangan. Aslida ham, to‘g‘ri ovqatlanish, ortiqcha vazndan himoyalanish, badantarbiya va oddiy gigiyenik talablarga amal qilish bilan o‘z salomatligini himoyalashi mumkin.

Achchiq bo‘lsa ham, bir haqiqatni aytaman. Odamlarga avvalo to‘g‘ri yashashni, turli foydasiz marosimlardan voz kechib, dabdabaga emas, ilm, sog‘lom bo‘lishga mablag‘ sarflashni o‘rgatmay turib, juda katta natijalar haqida o‘ylashdan voz kechganimiz ma’qul. Shu jihatdan olib qaraganda ham strategiya me’yorlari hayotiy, deb bilaman.

 

Xalq manfaatlari uchun xizmat qiladi

Tursunboy SOLIEV,

O‘zbekiston XDP Toshloq tuman kengashi raisi, tuman Kengashidagi partiya guruhi a’zosi:

– Barqaror iqtisodiy o‘sish orqali aholi farovonligini ta’minlash, atrof-muhitni muhofaza qilish, qonun ustuvorligi, xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etish, mamlakatni tinchliksevar va xavfsiz davlatga aylantirish masalalarini o‘z ichiga olgani bilan taklif etilayotgan hujjat ahamiyatlidir.

Belgilanishicha, maktabgacha ta’lim bilan qamrov darajasini 74,5 foizga yetkazish, bunda, davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari sonini 6,7 ming, davlat-xususiy sheriklik asosidagi muassasalarni 26 mingtaga yetkazish, 6 yoshli bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasini 93 foizga oshirish rejalashtirilgan.

Tumanimiz miqyosida oladigan bo‘lsak, bundan besh-olti yil avval bor-yo‘g‘i 19 ta davlat maktabgacha ta’lim muassasasi faoliyat ko‘rsatar edi. Qamrov esa 30 foizga ham bormasdi. Intilishlar samarasi o‘laroq bugun 28 ta davlat, 185 ta oilaviy, 8 ta davlat-xususiy sheriklik asosida bolalar bog‘chalari bunyod etildi. Qamrov esa 70 foizni tashkil qilmoqda. Bundan tashqari, tumandagi “Tog‘liq”, “Teraktagi” hamda “Qo‘rg‘oncha” MFYlar hududida kamida 450 o‘rinli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti investitsiya dasturi asosida qurilishi rejalashtirilgan.

O‘zbekiston ijtimoiy davlat, deb e’lon qilingandan so‘ng davlatning ijtimoiy majburiyatlari deyarli uch barobarga ko‘paytirildi. Ta’lim, tibbiyot va aholi farovonligini ta’minlash bo‘yicha davlat o‘z majburiyatlarini bajarishi yo‘lidagi islohotlar yangi bosqichga chiqmoqda. “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi maqsadlari, jumladan, ijtimoiy yo‘naltirilgan maqsadlari O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining dasturiy g‘oyalariga hamohang ekani bilan ahamiyatlidir.

Shu tariqa belgilangan chora-tadbirlarga muvofiq, 2030 yilga borib, maktabgacha ta’limga bo‘lgan ehtiyoj to‘la qoplanib, bog‘chalarning kengayishi va moddiy-texnika bazasini rivojlantirish evaziga qamrov sonini 100 foizga yetkazish ko‘zda tutilmoqda. Bunda, ayniqsa, ehtiyojmand oilalar farzandlari uchun bog‘cha va xususiy bog‘cha xarajatlarini davlat tomonidan qoplab berish tartibi joriy etiladi. Maktabgacha ta’lim muassasalarida oqsil, vitamin va minerallar bilan boyitilgan sut, yod bilan to‘yintirilgan non mahsulotlari berilishi yo‘lga qo‘yiladi.

Shuningdek, kelgusi yetti yilda maktablarda ikki yarim million o‘quvchi o‘rnini yaratgan holda ta’lim sifatini tubdan yaxshilashga ustuvor vazifa, deb qaralmoqda. Bu borada yiliga 500 ming o‘quvchi o‘rni dasturi ishlab chiqilgani quvonarli holdir.

Aholi, ayniqsa, ta’lim muassasalarida toza ichimlik suvi va sanitariya-gigiyena infratuzilmasi bilan ta’minlash masalalariga katta e’tibor qartilmoqda. Masalan, avvallari aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash darajasi 60 foizga yetgan bo‘lsa, keyingi yillarda bu borada katta loyihalar amalga oshirilib, ijobiy natijalarga erishildi. Mahallalarning ijtimoiy infratuzilmasini rivojlantirish masalasi bo‘yicha Prezident qaroriga muvofiq, joriy yilning o‘zida aholini va ijtimoiy obyektlarni toza ichimlik suvi bilan ta’minlash masalasida 17 ta loyiha amalga oshirildi. Natijada 95 foiz tumanimiz ahli toza ichimlik suviga ega bo‘ldi.

Maktab tizimini tubdan isloh qilish, asosiysi, bolalar salomatligini asrash, sog‘lom ovaqtlanish, iqtidorli farzandlarimiz uchun ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil etish va ularda Prezident maktablaridan kam bo‘lmagan sharoitlarni yaratish yaxshi yangiliklar, yuksak marralardan darak beradi. Bularning barchasi Yangi O‘zbekiston — ijtimoiy davlat ekanining yorqin isboti bo‘ladi.

 

Rahbar ayollar ko‘payadi

Nigora ALIYEVA,

O‘zbekiston XDP Sirdaryo viloyat kengashi raisi o‘rinbosari:

— Oilada ayol o‘qimishli bo‘lsa, 10 nafarning bolaning 9 tasi ziyoli bo‘ladi, degan qarash bor. Aslida ham oqila va o‘qimishli onalar chinakam buyuk millatni tarbiyalaydi. Chunki bilimli va zukko ona o‘z bolasini ham ana shunday xususiyatlar bilan tarbiyalaydi. Oqilalik esa yaxshi hulq va tarbiya, kitobga bo‘lgan muhabbat, keng dunyoqarash kabi jihatlarni o‘zida mujassam etadi. Davlatimiz rahbari ta’biri aytganda esa bir qizni o‘qitish bilan butun oilani o‘qitgan bo‘lamiz.

Afsuski, ilgari jamiyatimizda bu qarashlarning aksi shakllangan edi. Shukrki, bugun odamlar qiz bolaning bilimli bo‘lishi oila, kelajak avlod, butun bir jamiyat uchun naqadar muhimligini anglab yetmoqda. Tan olish kerakki, bunda amaliyotga tatbiq etilayotgan turli me’yoriy hujjatlarning ta’siri katta.

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasidagi maqsad va unga eltuvchi choralarda ham bu yaqqol ifoda etilgan. Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini kuchaytirish, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy faolligini oshirish va gender tenglikni ta’minlash.

Bu taklif etilayotgan hujjatdagi maqsadlardan biridir. Unda tilga olingan dastlabki masala davlat xizmati, ta’lim, ilm-fan, sport, sog‘liqni saqlash hamda boshqa ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish bo‘yicha maqsadli chora-tadbirlarni amalga oshirish bilan bog‘liqdir. O‘z navbatida buning uchun nimalarga e’tibor qaratish zarurligi ham keltirib o‘tilgan.

Masalan, davlat va jamiyat boshqaruvi, ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda xotin-qizlar va erkaklarning teng ishtirokini ta’minlash zarurligi ta’kidlanmoqda. Bugun viloyatimizda 320 nafar mahalliy Kengash deputati faoliyat olib borayotgan bo‘lsa, ularning 59 nafarini xotin-qizlar tashkil etadi. Bundan ko‘rinadiki, xotin-qizlar muammolarini hal qilish bo‘yicha imkoniyatlar to‘liq ta’minlanmagan. Strategiyadagi vazifalar ijrosi mazkur yo‘nalishda ham sirdaryolik opa-singillarimiz uchun alohida imkoniyat demakdir.

Mahallalarda “Mamlakat taraqqiyotida xotin-qizlar ulushi” mavzusida davra suhbati hamda uchrashuvlar haftaliklari o‘tkazilib kelinmoqda. Davlat boshqaruvida xotin-qizlar ishtirokini oshirish maqsadida 15 ming 483 nafar faol xotin-qizlar zaxiraga olingan. Ulardan 6 nafar nomzod saralanib, Davlat boshqaruv akademiyasi “Rahbar ayollar maktabi”da o‘qitildi.

Shuningdek, oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan ehtiyojmand oilalardan bo‘lgan 126 nafar talaba xotin-qizlarning 923 mln so‘m kontrakt to‘lovlari mahalliy byujet mablag‘lari hisobidan to‘lab berildi. 5 mingdan ortiq xotin-qizga 7 yil muddatga 50 mlrd so‘m foizsiz ta’lim kreditlari ajratildi. Guliston davlat universitetida 210 nafar magistraturada ta’lim olayotgan xotin-qizlarga 3 mlrd so‘m kontrakt to‘lovlari davlat byujetidan qoplab berildi.

Gender tenglikni ta’minlash, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish bo‘yicha 8 nafar murabbiy hamda 6 ta targ‘ibot guruhi shakllantirildi. “Gender-madad” elektron huquqiy maslahat platformasi hamda uning mobil ilovasi ishga tushirilgan. Ularga “Ayollar huquqiy himoyasi”, “Gender tenglik”, “Ayollarga imtiyozlar”, “Oilaviy munosabatlar” va “Oilaviy zo‘ravonlik” kabi huquqiy mavzularga oid ma’lumotlar bazasi joylashtirildi hamda huquqiy maslahatlarni onlayn chat orqali berish tizimi yo‘lga qo‘yilgan.

Albatta, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish lozim. Bu borada loyihaga ko‘ra, qabul qilingan qonun va qonun osti hujjatlar ijrosini ta’minlash maqsadida chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqiladi. Tizimli ravishda o‘qitish, bilim va ko‘nikmalarini boyitib borish orqali barkamol, oqila xotin-qizlarni voyaga yetkazishga erishiladi.

Ayollarga zaif jins vakillari sifatida emas, nozik xilqat deb qarashni ham o‘rganishimiz zarur. Ana shunda ular orasidan olimalar, fan doktorlari, mahoratli injener-texnologlar, tengsiz fermeru nomdor tadbirkorlar ko‘proq yetishib chiqadi.

 

Muzaffar TUROPOV,

O‘zbekiston XDP Qashqadaryo viloyat kengashi raisi o‘rinbosari:

— O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Qashqadaryo viloyat tashkilotlari faollari hamda partiyamizdan saylangan xalq deputatlari mahalliy Kengashlar deputatlari “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi loyihasini atroflicha o‘rganib, fikr-mulohazalarini bildirdilar. Mahalliy Kengashlarning maqomini oshirish bilan bog‘liq maqsadni to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz.

Xususan, hokimlarning mahalliy Kengashga rahbarlik qilish amaliyotini to‘liq bekor qilib, Kengash raisining huquqiy maqomi, asosiy vazifa va funksiyalari hamda javobgarlik doirasini aniq belgilash ilgari surilmoqda. Uzoq yillar partiya tizimida ishlagan, xalq deputatalri viloyat va Qarshi shahar Kengashlari deputatligini ko‘rgan inson sifatida bu juda ham muhim, deb hisoblayman.

Chunki Kengash raisi hamda hokimning vazifalari aniq belgilanadi. Viloyat hokimi deputat bo‘lsa, o‘z fikrini bildirishi mumkin. Tuman yoki shahar hokimi ham shunday. Lekin Kengash ishiga hamda qarorlariga aralashmaydi. Shunga muvofiq, aniq mezonlar, funksional vazifalar belgilanadi.

Hokimlarning mahalliy Kengashlarga rahbarlik qilish amaliyotini 2024 yildan viloyatlarda hamda 2026 yildan tuman va shaharlarda bekor qilinishi maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Sababi, 2024-2025 yillarda xalq deputatlari viloyat Kengashida tajriba to‘planadi. Qashqadaryo viloyati katta hudud bo‘lgani sababli yechimini kutayotgan masalalarni umumlashtirish amaliyoti yaxshi samara beradi.

2024 yildan boshlab 5 ta doimiy asosda faoliyat olib boruvchi professional deputat ishlashi ushbu amaliyotning samaradorligini ta’minlaydi. Sababi, hozirda doimiy komissiyalar raislari jamoatchilik asosida faoliyat yuritadi. Ularning o‘z asosiy vazifalari bor.

Muhimi, 5 nafar doimiy asosda ishlovchi deputat tajribali hamda bilimli bo‘lishi lozim. Hozirda barcha 59 nafar deputat jamoatchilik asosida faoliyat olib boradi. Agar doimiy ishlovchi xalq vakillari bo‘lsa, sifatli masalalar doimiy komissiyalar hamda sessiyalarga kiradi. Ijro intizomi ham yaxshilanadi. Kengash qarorlari ijrosi ta’minlanadi. Reja aosida faoliyat tashkil etiladi. Buning uchun ish tizimli bo‘lishi kerak. Viloyat Kengashi hamda tuman(shahar) Kengashlarida ham doimiy ishlovchi deputatlar bo‘lishi lozim.

Shuningdek, loyihadagi 300 dan ortiq mahalliy Kengashlarning funksiyalarini qayta ko‘rib chiqib, o‘ziga xos bo‘lmaganlarini bekor qilish hamda 500 dan ortiq qonun xujjatlarini tizimlashtirish taklifini qullab-quvvatlayman. Loyihada e’tibor qaratilgan mahalliy Kengashlar faoliyatida jamoatchilik ishtiroki uchun zarur sharoitlarni yaratish, fuqarolik jamiyati institutlarini keng jalb qilish, ularning faoliyatini bosqichma-bosqich raqamlashtirish davr talabidir.

Muxtasar aytganda, xalq deputatlari mahalliy Kengashlari samarali ishlashi uchun belgilangan vazifalar ijro hokimiyatini xalq oldidagi mas’uliyatsizlikdan tiyib turishda, mamlakatimizda ijtimoiy barqarorlik mustahkam bo‘lishida, jamiyatdagi befarqlikni yo‘qotishda katta demokratik samara berishiga ishonamiz.

 

Sahifani “O‘zbekiston ovozi” muxbiri

Zilola UBAYDULLAYEVA tayyorladi.

«O‘zbekiston ovozi», 16.08.2022, №31

 

 

 

Teglar

Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish