Nukus shahridagi “Do‘stlik uyi”da O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublika Kengashi va Nukus shahar kengashi tomonidan hamkor tashkilotlar bilan birgalikda “Yangi O‘zbekistonni yoshlar bilan quramiz!” mavzusida mustaqilligimizning 32 yilligi bayrami oldidan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston XDP Qoraqalpog‘iston Respublika Kengashi, Nukus shahar kengashi mas’ul xodimlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesidagi partiya fraksiyasi a’zolari, partiya faollari, O‘zbekiston Karlar jamiyati hamda O‘zbekiston Nogironlar assotsiatsiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy bo‘limlari, ommaviy axborot vositalari vakillari, nogironligi bo‘lgan yoshlar ishtirok etdi.
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi raisi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesidagi partiya fraksiyasi rahbari Xalilla Yeshimbetov, hamkor tashkilotlar vakillari tadbir ishtirokchilarini yaqinlashib kelayotgan mustaqilligimizning 32 yilligi bayrami bilan tabriklab, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan istiqlol yillarida yurtimizda amalga oshirilgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari, erishilgan yutuqlar, kelgusidagi maqsad va vazifalarning ahamiyati xususida to‘xtalib o‘tdi.
Tadbir davomida partiya dasturiy maqsadlarini amalga oshirishda, aholi orasida keng targ‘ib qilishda faol ishtirok etayotgan faollarga tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Dovud ABIBULLAEV,
O‘zA