Subsidiya ajratishning yangi mezonlari

 

Bugun O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi mediya markazida “Subsidiya ajratishning yangi mezonlari” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, partiya Markaziy Kengashi mas’ul xodimlari, Xalq deputatlari Toshkent shahri va tumanlari Kengashlari deputatlari, O‘zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, davlat va tijorat banklari mutaxassislari ishtirok etgan tadbirda Prezidentimizning 2023 yil 13 apreldagi “2023 yilda bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan ta’minlash dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlar muhokama qilindi.

Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, keyingi yillarda ijtimoiy kam ta’minlangan aholi, ehtiyojmand, ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarimizni kambag‘allikdan chiqarish, uy-joy bilan ta’minlash orasida juda ko‘plab ishlar amalga oshirildi. Prezidentimizning 2023 yil 13 apreldagi 51-sonli Farmoni esa bu boradagi amaliy choralarning mantiqiy davomidir.

Dastlab yig‘ilishda O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi Boshqarma boshlig‘i Boymurat Yusupov Prezident Farmoni ijrosini ta’minlashda Xalq deputatlari mahalliy Kengashlardagi partiya guruhining ishtiroki haqida so‘zlab, ijro deputatlar tomonidan jamoatchilik nazoratiga olinishi muhimligiga e’tibor qaratdi.


Subsidiya banklar orqali ajratilar ekan, bu borada moliyaviy muassasalar faolligi va shaffofligini oshirish masalasi ham alohida ahamiyatga ega ekanligi ta’kidlandi. Subsidiya kimlarga va qay tartibda ajratilayotgani, adolatga erishish uchun qanday tartib joriy qilingani, banklarda rasmiy daromadga ega bo‘lmagan shaxslarga ipoteka kreditini ajratishda ularning to‘lov qobiliyatini aniqlashning muqobil usullaridan foydalanish va qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa xarajatlarini inobatga oluvchi skoring tizimini joriy qilish yuzasidan savollar berildi. Deputatlarning shu va boshqa savollariga Xalq banki Kredit anderraytingi departamenti Jismoniy shaxslar kredit anderraytingi boshqarmasi boshlig‘i - Mardiyev Akrom Djumaboyevich hamda Qishloq qurilish banki ipoteka kreditlash departamenti boshlig‘i o‘rinbosari. Xasanov Dilshod G‘ayratovichlar javob qaytarishdi.

Davra suhbatida shuningdek, ko‘p qavatli uy-joylarning qurilishi yakunlangan qismini (qavatlarini) garovga qo‘yish amaliyotini joriy qilish, “Mening birinchi uyim” dasturi ijrosi yuzasidan olib borilayotgan ishlar haqida suhbatlashildi va O‘zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligidan kelgan mas’ullar bilan ayrim masalalar yuzasidan savol-javob qilindi.

Qizg‘in baxs-munozaralarga boy tarzda kechgan uchrashuvda ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan ta’minlashda yuzaga kelayotgan ayrim kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha takliflar va fikr-mulohazalar bildirildi.

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Deputat Jamoatchilik qabulxonasi Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish