Bizga ma’lumki, O‘zbekistonda shu davrga qadar amalga oshirib kelingan subsidiar siyosat dunyodagi aholini ijtimoiy qo‘llash faoliyatini tartibga soluvchi asosiy xalqaro hujjat mazmuniga, ya’ni – 1962 yildagi Xalqaro Mehnat Tashkiloti Konvensiyasiga mos kelmagan. Konvensiyada: “Har qanday ijtimoiy ko‘mak berish fuqarolarni ijtimoiy, intellektual yoki kasbiy rivojlantirish uchun rag‘batlantirishga yo‘nalgan bo‘lishi kerak”, deb belgilab qo‘yilgan.
Shu boisdan ham Prezidentimiz mazkur muammo yechimining eng to‘g‘ri va maqbul yo‘lini, ya’ni har bir insonni tanlagan sohasidagi bilimlarini yuksaltirish, malakali kasb-hunar o‘rgatish, yoshlarni ustozlarga biriktirib, tajriba orttirish mexanizmi eng to‘g‘ri yo‘l ekanligini ko‘rsatib berdilar. Yangi O‘zbekistonda bugungi ijtimoiy siyosat endilikda Xalqaro Mehnat Tashkiloti qoidalariga to‘la mos keladi va uning pirovard maqsadi insonni kasbiy yoki intellektual jihatdan rivojlantirish orqali uni baxtli va boy-badavlat qilishdir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 31 yanvar kuni “Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida aholining biznes tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashni yangi bosqichga olib chiqishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-39-sonli Qarori qabul qilindi.
Mazkur hujjatni mamlakatimizda kambag‘allikni kamaytirish uchun aholida tadbirkorlik ruhini uyg‘otish, insonning ichki kuch-quvvati va salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish, yangi ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha kompleks iqtisodiy va ijtimoiy siyosatni bundan keyin ham izchil amalga oshirish tizimini joriy etish maqsadida qabul qilingan qaror deb qabul qilishimiz lozim.
Qarorga asosan, 2023 yilning 1 fevralidan boshlab dasturlar doirasida:
Kreditlar ustuvor ravishda dasturlar bo‘yicha avval kreditlardan foydalanmagan aholi va tadbirkorlik subyektlariga ajratiladi. Agrar tarmoqda o‘z biznesini tashkil etishga ko‘maklashish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda dehqon xo‘jaliklarining ulushini oshirish maqsadida uzoq muddatga qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer maydonlarini ijaraga olib, belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tgan dehqon xo‘jaliklari va kichik tadbirkorlik subyektlariga 50 mln so‘mgacha garovsiz kredit beriladi.
Shuningdek, tadbirkorlik subyektlarining mahallalarda, shu jumladan tashkil etilgan mikro-markazlarda ishlab chiqarishni, xizmat ko‘rsatish sohasini va hunarmandchilikni hamda aholi bilan kooperatsiya va kasanachilikni kengaytirishga yo‘naltirilgan loyihalari uchun hokim yordamchilarining tavsiyanomasi asosida ajratiladigan kreditlar miqdori amaldagi 225 million so‘mdan 300 million so‘mgacha oshiriladi. Bunda, tashabbuskor loyihada kamida o‘ttiz foiz ulush bilan ishtirok etishi lozim bo‘ladi.
Dasturlar doirasida ilgari olgan kreditlaridan samarali foydalanib, tadbirkorligini yo‘lga qo‘ygan va kredit to‘lovlarini o‘z vaqtida amalga oshirgan kichik tadbirkorlik subyektlariga faoliyatini yanada kengaytirishi uchun mazkur kreditlardan takroran foydalanishga ruxsat etiladi.
Qarorga asosan, ajratilgan imtiyozli kreditlardan foydalanib, daromad topishga qaratilgan faoliyat bilan shug‘ullanayotgan fuqarolar qonunchilikda belgilangan yo‘nalishlar bo‘yicha o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida tasniflanadi hamda hokim yordamchisining tavsiyasiga ko‘ra kredit summasining 10 million so‘mgacha bo‘lgan qismi (hunarmandlar uchun 20 million so‘mgacha) bank kartalariga (naqdlashtirish imkoniyatini cheklagan holda) o‘tkazib beriladi.
Bugungi kunda Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida imtiyozli kreditlar yillik 14 foiz stavkada oilaviy tadbirkorlik, daromad topishga qaratilgan muayyan mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish va faoliyat turini kengaytirish istagini bildirgan aholi hamda tadbirkorlik subyektlariga umumiy tartibda asosiy qarz bo‘yicha 3 oydan 6 oygacha bo‘lgan imtiyozli davr bilan 3 yilgacha muddatga ajratiladi.
Dasturlar doirasida imtiyozli kreditlar:
- chorvachilik (qoramol, qo‘y, echki), baliqchilik va parrandachilik (tuxum yo‘nalishi) uchun – 1 yilgacha imtiyozli davr bilan 3 yilgacha muddatga;
- bog‘dorchilik, uzumchilik va limonchilikni tashkil etish, issiqxona, qishloq xo‘jaligi texnikasi va asbob-uskunalarni xarid qilish uchun – 3 yilgacha imtiyozli davr bilan 7 yilgacha muddatga;
- “Hunarmand” uyushmasi a’zolariga ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun asbob-uskuna, ehtiyot qismlari va xomashyo materiallarini xarid qilish, hunarmandchilikni rivojlantirish markazlari, “usta-shogird” maktablarini tashkil etish, uy-muzeylar va ustaxonalar qurish yoki shu maqsadlarda bino va inshootlar sotib olish uchun – 3 yilgacha muddatga hamda aylanma mablag‘larini to‘ldirish uchun 18 oygacha muddatga ajratiladi.
Dasturlar doirasida kreditlar ustuvor ravishda “Temir daftar”, “Ayollar daftari” ва “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolarga o‘zini o‘zi daromadli mehnat bilan band qilish yoki ularning doimiy mehnat bilan bandligini ta’minlashga (ish o‘rinlari yaratishga) qaratilgan loyihalarga ajratiladi;
“Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolarga kredit ajratilishi ularni ushbu ro‘yxatdan chiqarish uchun asos hisoblanmaydi va fuqarolar mazkur daftarlardan hokim yordamchisi, tuman davlat soliq inspeksiyasi va tegishli sektor rahbarlari tomonidan fuqaroning unga ajratilgan kredit hisobiga amalga oshirgan faoliyatidan doimiy va barqaror daromad manbaini shakllantirganini o‘rganish orqali beriladigan tavsiya asosida chiqariladi;
Bu esa fuqarolarimizda boqimandalik kayfiyatini oldini olishga xizmat qiladi deb hisoblaymiz.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 31 yanvarida qabul qilingan “Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida aholining biznes tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashni yangi bosqichga olib chiqishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-39 sonli Qarorida tuman (shahar) hokimlarining birinchi o‘rinbosarlari tuman (shahar) oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash markazlari bilan birgalikda dasturlar ijrosini, shu jumladan ajratilgan kreditlar samaradorligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida har chorak yakuni bo‘yicha xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlarida hisobot berib borishi amaliyoti joriy etilishi belgilangan.
Bu esa o‘z o‘zidan partiyaning mahalliy Kengashlaridagi deputatlaridan Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida aholining biznes tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash uchun ajratilgan kreditlar samaradorligini ta’minlash borasida deputatlik nazoratini olib borishni taqozo etadi.
Xulosa o‘rnida shuni alohida ta’kidlash lozimki, mazkur masalani ijobiy hal etilishi kam ta’minlangan oila a’zolari va aholining boshqa ijtimoiy himoyaga muhtoj toifalariga, mikrokreditlar berish va qayta o‘qitish xizmatlarini taqdim etish orqali yakka tartibdagi va oilaviy tadbirkorlikka jalb etish, shaxsiy tomorqa xo‘jaliklarini rivojlantirish yo‘li bilan oilalarni kam ta’minlanganlikdan chiqarish bo‘yicha individual dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha zarur sharoitlar yaratish imkonini beradi
Boymurat Yusupov,
O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi Boshqarma boshlig‘i.