Bugun Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Kun tartibidan bir qator muhim hujjatlar muhokamasi o‘rin olgan bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat va Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish haqida”gi Qonun loyihasi shular jumlasidandir.
So‘nggi vaqtlarda g‘araz niyatli shaxslar tomonidan axborot kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanib sodir etiladigan yangi turdagi huquqbuzarliklar soni ortib bormoqda. Xususan, jinoyatchi shaxslar aholining bank hisobidagi pullarini talon-toroj qilishda yangi usullardan foydalanayotganliklari, xususan, dasturiy apparat qurilmalari yordamida qonunga xilof tarzda bank kartasi yoki boshqa to‘lov kartalarini nusxasini yasash yoki soxtalashtirish orqali o‘zganing bank hisobidagi yoxud elektron to‘lov hamyonlaridagi pullarini talon-toroj qilish holatlari kuzatilmoqda. Amaldagi qonunchilikda bunday holatlarga nisbatan javobgarlik belgilanmaganligi ushbu qilmishlarni takror sodir etilishiga sharoit yaratmoqda.
Shuningdek, axborotni nooshkora to‘plashga mo‘ljallangan maxsus vositalarning zamonaviy turlarini mamlakatimizga erkin tarzda kirib kelishi va savdosi jadallashib, internet ijtimoiy tarmoqlar orqali keng targ‘ib qilinayotganligi sababli iste’molchilari qamrovi kengayib bormoqda. Biroq, ushbu maxsus vositalarni olib kirish, ishlab chiqarish, o‘tkazish va undan foydalanishning qonuniy tartibi belgilanmaganligi g‘araz niyatdagi shaxslar tomonidan shaxsiy sir yoki davlat siri, harbiy sir va xizmat siri hisoblanadigan ma’lumotlarni qonunga xilof ravishda to‘planishiga hamda ulardan jinoiy maqsadlarda foydalanishiga sharoit yaratmoqda.
Bugungi yig‘ilish muhokamasiga kiritilgan Qonun loyihasi bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga ko‘plab o‘zgartirishlar kiritilayotgan bo‘lib, yuqorida qayd etilgan holatlar bilan bog‘liq ma’muriy va jinoiy javobgarlik choralarini belgilovchi normalar qo‘shilmoqda. Shuningdek, loyiha bilan Jinoyat kodeksini kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilik hujjatlarini buzish va qonunga xilof ravishda mayningni amalga oshirish uchun jinoiy javobgarlikni nazarda tutuvchi “27811-modda” va “27812-modda” bilan to‘ldirish taklif etilmoqda.
Loyiha deputatlarning jiddiy bahs-munozaralariga sabab bo‘ldi. Mazkur loyihaning qabul qilinishi, kelgusida axborot texnologiyalari yordamida sodir etilgan jinoyatlarni fosh etishda qo‘l kelishi, shuningdek, kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilik hujjatlarini buzish va qonunga xilof ravishda mayningni amalga oshirish uchun javobgarlik belgilanishi va yuzaga kelayotgan boshqa zamonaviy noqonuniy holatlarning oldini olishga xizmat qilishini e’tirof etgan holda ayrim normalar yuzasidan o‘z-fikr, mulohazalarini bildirishdi. Hujjatni yanada takomillashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar berilib, loyiha birinchi o‘qishda ma’qullandi.
Bugungi yig‘ilishda shuningdek, Tadbirkorlik faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish tizimi soddalashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi Qonun loyihasi ham ko‘rib chiqildi. Ushbu qonun loyihasi bilan tadbirkorlik subyektining ustav fondini (ustav kapitalini) kamaytirish to‘g‘risida qaror qabul qilinganda kreditorlarni yozma ravishda xabardor qilish va ommaviy axborot vositalarida bu haqida e’lon berish amaliyotini bekor qilish, soliq to‘lovchilarga soliq organlarining sayyor soliq tekshiruvlari va soliq auditi natijalari bo‘yicha qabul qilgan qarorlari ustidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri sudga shikoyat qilish huquqini berish ko‘zda tutilmoqda.
Muhokamadan so‘ng loyihani yanada takomillashtirish yuzasidan qator taklif va tavsiyalar berilib, 1-o‘qishda ma’qullandi.