Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Fraksiya a’zolari Davlat mulkini xususiylashtirish to‘g‘risidagi qonun loyihasini 2-o‘qishda moddama-modda muhokama qildilar. Ushbu Qonun bilan davlat mulkini xususiylashtirish sohasidagi munosabatlar takomillashtirilmoqda.
Xususan, 11-moddada Davlat mulkini xususiylashtirish jarayonida xaridor sifatida ishtirok etishi qonunchilikka muvofiq taqiqlangan shaxslar, shuningdek ishtirok etishi insofsiz raqobatga olib kelishi mumkin bo‘lgan, talabgorlarga nisbatan affillangan shaxslar davlat mulki xususiylashtirilayotganda xaridor bo‘lishi mumkin emasligi belgilanmoqda. Bu nohalol raqobatning oldini olishga xizmat qiladi. Fraksiya a’zolari Qonun bilan sohaga kiritilayotgan o‘zgartirishlarni muhokama qilib, ayrim moddalar yuzasidan o‘z takliflarini bildirdilar. Munozaralardan so‘ng loyiha o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilgan holda ma’qullandi.
Yig‘ilishda “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun loyihasi 1-o‘qishda muhokama qilindi.
Bugungi kunda nodavlat elektron arxivlarni tashkil etishda ma’lumotlar uzatish tarmoqlari xizmatlarini ko‘rsatish uchun litsenziya olish talabi mavjud. Loyiha bilan tadbirkorlik subyektlarigi qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadida nodavlat arxivlarni tashkil etish xabardor qilish tartib-taomiliga o‘tkazilmoqda. Mazkur hujjat amaliyotga tadbiq etilsa, nodavlat elektron arxivlarni tashkil etish bilan bog‘liq tartib-taomillar soddalashtiriladi hamda nodavlat arxivlarni tashkil etishda uning tashkiliy hujjatlari (ustav, ta’sis shartnomasi, muassislar yig‘ilishi qarori) arxiv ishi hududiy boshqarmalari bilan kelishish va hududiy boshqarmalar tomonidan ekspert-tekshiruv komissiyasining arxiv hujjatlarini saqlash sharoitlari va arxivning ta’minlanganligini o‘rganish natijalariga asosan ijobiy xulosani olish bekor bo‘ladi.
Deputatlar qonun tadbirkorlik subyektlariga qo‘shimcha qulayliklar yaratishini alohida e’tirof etgan holda uni yanada takomillashtirish yuzasidan o‘z taklif va mulohazalarini bildirib, loyihani 1-o‘qishda konseptual jihatdan ma’qulladilar.
Yig‘ilishda shuningdek, Oilaviy tadbirkorlik to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga oilaviy tadbirkorlik faoliyatini yuritishni takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirishlar kiritish haqida»gi Qonun loyihasi ham ko‘rib chiqilib, ma’qullandi.