Barchamiz guvohi bo‘layotganimizdek, keyingi yillarda mamlakatimizda xotin-qizlarning oliy ma’lumot olishi, kasb-hunar o‘rganishi uchun juda ko‘plab imtiyoz, imkoniyat va sharoitlar yaratilib berilmoqda. Bunday imkoniyatlardan to‘g‘ri foydalanish maqsadida xotin-qizlarning ham oliy ma’lumot olishga qiziqishi tobora ortib bormoqda. Tahlillarga ko‘ra, joriy yilda abituriyentlar orasida xotin-qizlarning ulushi erkaklarga qaraganda ko‘proqni tashkil etgan. Ya’ni testga kirgan abituriyentlarning 467 ming 400 nafari ayollar, 421 ming 107 nafari esa erkaklar bo‘lgan.
Bundan tashqari qizlar to‘plagan o‘rtacha ballar ham yigitlarga qaraganda yaxshiroq natijani ko‘rsatgan. Qizlar o‘rtacha 68,2 ball, yigitlar esa 65,0 ball olishgan. Bu natija ham o‘tgan yilgiga nisbatan taxminan 2 balga yuqori.
Shuningdek, respublikamizning 14 ta hududining barchasida xotin-qizlarning o‘rtacha bali yigitlarnikidan balandroq bo‘lgan. Natijalardan ko‘rinib turibdiki, xotin-qizlarning faolligi yaqqol sezilmoqda.
Imtiyoz asosida talabalikka tavsiya etilgan ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar 1,9 ming nafarni hamda 5 yil ish stajiga ega bo‘lgan xotin-qizlar 351 nafarni tashkil etmoqda
Bugungi kundagi talabalar muammolaridan biri uy-joy, yotoqxona bo‘lsa, ikkinchisi, to‘lov-shartnoma asosida o‘qishga qabul qilingan ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlarni shartnoma pulini to‘lash va ta’lim kreditini olish masalasi qiynamoqda. Va bu borada ko‘pgina murojaatlar ham kelib tushmoqda.
2022 yilning iyul oyida Oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim tashkilotlarida to‘lov kontrakt asosida o‘qiyotgan xotin-qizlarning ta’lim olishini kengaytirish maqsadida “Oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim tashkilotlarida xotin-qizlarning ta’lim olishlarini qo‘llab-quvvatlashga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida” Prezident Qarori qabul qilingan bo‘lib, ushbu qaror bilan xotin-qizlar uchun ta’lim kreditlari ajratishning yangi tizimi joriy etilgan.
Mazkur kredit O‘zbekiston Respublikasidagi barcha oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim tashkilotlarida O‘zbekiston Respublikasi hududidagi xorijiy, davlat, nodavlat, oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim tashkilotlari hamda ularning filiallarida hamda qo‘shma ta’lim dasturlari bo‘yicha bakalavriat, shuningdek, magistraturaning kunduzgi, sirtqi va kechki ta’lim shaklida to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga tavsiya etilgan yoki qabul qilingan, shuningdek, o‘qishini ko‘chirgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lgan talaba xotin-qizlarning to‘lov-kontrakt asosida tahsil olishi uchun beriladi.
Kreditning yillik foiz stavkasiga ko‘ra, foiz to‘lovlari to‘lig‘icha Ta’lim kreditini moliyalashtirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi.
Ta’lim kreditini olgan xotin-qizlar rasmiy o‘qish muddati tugagandan so‘ng, ya’ni o‘qishni bitirgandan keyin yettinchi oydan boshlab, 7 yil davomida kreditning asosiy qarz qismini qaytaradilar xolos.
Qarorda ko‘rsatilganidek, ta’lim kreditini rasmiylashtirishda va uning qaytarilishida talabaning doimiy daromad manbaiga ega bo‘lgan oila a’zolari va boshqa uchinchi shaxs birgalikda qarz oluvchi sifatida qatnashishiga ruxsat etiladi. "Ijtimoiy himoya yagona reyestri"ga kirgan oilalarning xotin-qizlariga ajratiladigan ta’lim kreditlari uchun garov va kafilliklar talab etilmaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 15 avgustdagi 447- sonli qarori asosida davlat OTMlarining magistratura bosqichida o‘qiyotgan barcha xotin-qizlarning kontrakt to‘lovlari qaytarish shartisiz Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadi.
Buning uchun talabgor to‘lov-kontraktning to‘liq summasini qoplab berish yuzasidan o‘zlari ta’lim oladigan OTM rektori (filial direktori) nomiga 15-sentabrgacha ariza bilan murojaat etishi kerak.
Agar talabgor rektor nomiga arizani 15-sentabrdan kechiktirib topshirsa, imtiyozdan mahrum bo‘ladi. Shuningdek, magistraturada qo‘shma ta’lim hamda tabaqalashtirilgan to‘lov kontrakt to‘lovlariga ushbu imtiyoz tatbiq etilmaydi.
To‘lov-kontrakt summasini qoplab berish to‘g‘risida joriy o‘quv yilining 15 oktabriga qadar tegishli OTM rektori (filial direktori) buyrug‘i qabul qilinadi.
Bundan tashqari, har yili Oila va xotin-qizlar qo‘mitasining tavsiyalariga asosan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan 150 nafardan jami 2 ming 100 nafar ijtimoiy ehtiyojmand oila vakillari, yetim yoki ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan talaba xotin-qizlarning ta’lim kontraktlari mahalliy budjetning qo‘shimcha manbalari hisobidan qaytarish shartisiz qoplab beriladi.
Xotin-qizlar uchun berilayotgan bunday imtiyoz va imkoniyatlardan to‘liq hamda to‘g‘ri foydalanishlari uchun ushbu tartibni aholi, ayniqsa xotin-qizlar orasida keng targ‘ib qilish hamda uning ijrosi ustidan jamoatchilik va deputatlik nazorati o‘rnatilishida partiyamiz faollari va deputatlari - barchamiz birdek ishtirok etishimiz maqsadga muvofiqdir.
Gulshan Asatova,
O‘zbekiston XDP MK “Ayollar qanoti” rahbari.