Inson tug‘ilgandan oxirgi kuniga qadar o‘rganadi, o‘rganganlarini hayotiga tatbiq qiladi. Har bir insonda ma’lum darajada maqsadlar bo‘ladi. Ularning katta-kichikligi esa keyingi masala. Asosiysi, yetish yo‘li, strategiya bo‘lishi zarur. Maqsadga erishish yo‘li, ya’ni strategiyasi aniq va puxta tuzilgan bo‘lsa, yetish osonroq va reallikka yaqin bo‘ladi.
Davlat, mamlakat-chi?..
Davlatni ham tirik organizmga o‘xshatishadi. Davlatni insonlar, ya’ni ongli mavjudotlar birlashgan, yagona maqsad va umummanfaat yo‘lida harakatlanadigan tizimga asoslangan murakkab tuzilmaga qiyoslash mumkin. Uning ham aniq maqsadi va o‘sha maqsadni amalga oshiradigan strategiyasi bo‘lishi muhim.
Umuman, hayotning o‘zi oldinga yangi-yangi maqsadlar qo‘yish va u sari harakat qilish, orzularga intilish mezoni asosiga qurilgan. Inson ham, mamlakat ham maqsadlar uchun intilib yashashi katta natijadir.
Joriy yilning 31 iyul kunidan boshlab “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi va uni 2023 yilda amalga oshirish chora-tadbirlari loyihalari keng jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan edi. 11 sentabr kuni:
— har bir insonga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun munosib sharoitlar yaratish;
— barqaror iqtisodiy o‘sish orqali aholi farovonligini ta’minlash;
— suv resurslarini tejash va atrof-muhitni muhofaza qilish;
— qonun ustuvorligini ta’minlash, xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etish;
— “xavfsiz va tinchliksevar davlat” tamoyiliga asoslangan siyosatni izchil davom ettirish, deb nomlangan 5 yo‘nalish va 100 ta maqsadni qamrab olgan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi qabul qilindi.
Strategiya bilan tanishgan har qanday kishi unda katta maqsadlar mujassamlashgani, uning amalga oshishi har bir mahallaga, oilaga, kerak bo‘lsa, har bir fuqaroning hayotiga yaxshilik kirib borishini anglashi mumkin.
Nigora Eshmetova,
O‘zbekiston XDP Toshkent shahar kengashi raisi,
xalq deputatlari shahar Kengashidagi partiya guruhi rahbari:
– Strategiya bilan uning loyihasi muhokamaga qo‘yilgan paytda tanishganman. Qabul qilinganidan so‘ng yana bir bor tanishib chiqdim. Xursand bo‘ldim, g‘ururlandim.
Strategiyada kelgusi 7 yil ichida aholini ijtimoiy himoya qilish tizimining manzilliligi va samaradorligini kuchaytirish, ijtimoiy himoya qilish choralari doirasiga muhtojlarning barchasi to‘liq qamrab olinishiga erishish bo‘yicha aniq ko‘rsatma va topshiriqlar o‘rin olgan. Bu partiyamiz maqsadlari bilan naqadar uyg‘un ekanini har birimiz chuqur anglab turibmiz.
Kambag‘allikni keskin qisqartirish, aholi daromadlarini oshirish yo‘nalishlarida ham aniq tizimli ishlar belgilandi. Mazkur vazifalarni amalga oshirish uchun esa respublikaning barcha hududlarida “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari faoliyatini tashkil qilish nazarda tutilgan.
Shuningdek, muhtoj nogironligi bo‘lgan shaxslarni sifatli va zamonaviy protez-ortopediya buyumlari bilan ta’minlash darajasini 100 foizga yetkazish nazarda tutilmoqda. Bundan ko‘rinadiki, nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha mutlaqo yangi tizim yaratiladi. Fuqarolik jamiyati institutlarining ham roli oshiriladi. Nogironlar jamiyatlari bilan hamkorlikda faoliyat olib borish, ularning hayot tarzini yaqindan o‘rgangan holda ish tashkil etish orqali tenglik ta’minalanadi.
Strategiyada ijtimoiy sohaga ko‘proq e’tibor berilgan. Sababi, keyingi yillardagi iqlim o‘zgarishlari, global pandemiya va xalqaro maydondagi notinchlik ijtimoiy sohalarni rivojlantirishni talab etmoqda. Asosiysi, ijtimoiy himoya bo‘yicha belgilangan vazifalarning tub mohiyati ijtimoiy-iqtisodiy faollikni oshirishga yo‘naltirilgan. Bu yondashuvni Xalq demokratik partiyasining barcha faollari qo‘llab-quvvatlashiga aminman.
Zokirjon Zohidov,
O‘zbekiston XDP Farg‘ona viloyat kengashi raisi,
xalq deputatlari viloyat Kengashidagi partiya guruhi rahbari:
— Strategiya bilan tanishib chiqar ekanman, undagi qonun ustuvorligini ta’minlash, xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etish bilan bog‘liq maqsadlar ko‘proq e’tiborimni tortdi. Bunda, ayniqsa, parlament hamda mahalliy Kengashning jamiyat hayotidagi rolini oshirish nazarda tutilgan.
Bugungi kunda qonunlar huquqiy, lingvistik, gender kabi bir necha ekspertizadan o‘tkaziladi. Lekin ilmiy ekspertiza ham juda muhim sanaladi. Shundan kelib chiqib, to‘g‘ri maqsad va to‘g‘ri band qo‘yilganini alohida e’tirof etish kerak. Zero, har bir masalada ilmiylik ustuvorlikka ega. Qonun loyihalarini ilmiy ekspertizadan o‘tkazish hajmini 100 foizga yetkazish bilan bog‘liq me’yor qonunlar sifati hamda natijadorligida alohida ahamiyat kasb etadi.
Shu o‘rinda yana bir muhim masala. Davlat va jamiyat hayotida siyosiy partiyalar rolini yanada oshirish maqsadida vakillik organlariga saylovning aralash (majoritar-proporsional) tizimga o‘tish maqsadi qo‘yilgan. Avvalo, ta’kidlash kerakki, hozirda mamlakatimizda majoritar tizimda saylov bo‘lib o‘tadi. Bu o‘z saylov okrugida eng ko‘p ovoz olgan nomzod saylangan deb topiladigan tizim hisoblanadi. Masalan, Qonunchilik palatasiga 150 nafar deputat saylashda xuddi shuncha saylov okrugi shakllantiriladi. Ularning har biri fuqarolar ovoz beradigan hududlarga bo‘linadi va eng ko‘p ovoz egasi g‘olib, deb topiladi.
Saylovda proporsional tizim ham mavjud bo‘lib, unda har bir partiya parlamentda qo‘lga kiritadigan o‘rinlar soni saylovda unga berilgan ovozlar soniga ko‘ra belgilanuvchi tizim sanaladi. Majoritar tizimdan farqi shundaki, saylovchilarga partiyadan muayyan nomzodga emas, partiyaning o‘ziga ovoz berish taklif etiladi. Proporsional tizimda har bir partiya deputatlikka nomzodlar mustaqil ravishda tuzilgan ro‘yxatni ovozga qo‘yadi. Ularga eng faol va eng taniqli siyosiy arboblarni kiritishga harakat qilinishi ham tabiiy. Deputatlikka nomzodlar bilan tanishib chiqqach, saylovchi ulardan bittasiga, muayyan biror bir partiya foydasiga tanlov qiladi.
Endi aynan ushbu ikkisiga birlashtirilgan aralash saylov tizimi ham bor. Aralash saylov tizimining mohiyati shundan iboratki, deputatlik mandatlarining bir qismi hukumatning barqaror shakllanishiga hissa qo‘shadigan majoritar tizim tamoyillari bo‘yicha, ikkinchi qismi esa proporsional tizim tamoyillariga muvofiq taqsimlanadi.
Buning o‘ziga xosligi shundaki, avvalo aholi bilan munosabatlar ta’sirchan va natijali bo‘lishiga asos yaratiladi. Shuningdek, partiyalar asosiy o‘ringa chiqadi.
Demak, partiyalar o‘z imkoniyatlarini yangi jihatlar bilan ko‘rsatish imkoniga ega bo‘ladi, yanada xalq ichiga chuqurroq kirib boradi. Eng muhim jihati, jamiyatda g‘oya va fikrlar rivojlanadi, fuqarolarning ijtimoiy-siyosiy jarayonlardagi faolligi va daxldorligi ortadi. Bu davlat va jamiyat yanada ravnaq topishining eng muhim shartlaridan biridir.
Strategiyani bajonidil qo‘llagan holda, undagi maqsadlarni ro‘yobga chiqarish uchun astoydil mehnat qilishni ko‘zlaganmiz.
“O‘zbekiston ovozi” muxbiri
Ahmad Qurbonov tayyorladi.
«O‘zbekiston ovozi», 13.09.2022, №36