Yaqinda davlatimiz rahbarining “O‘zbekiston-2030” strategiyasi to‘g‘risida”gi Farmoni hamda “O‘zbekiston-2030” strategiyasini 2023 yilda sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori imzolandi.
Mazkur tarixiy hujjatlar kelgusi yetti yilda mamlakatimizda amalga oshiriladigan keng ko‘lamli islohotlarning zarur siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy va ilmiy-ma’rifiy asoslarini yaratishga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir.
Ta’kidlash joiz, “O‘zbekiston-2030” strategiyasi muhim tarixiy hujjat bo‘lib, unda beshta ustuvor yo‘nalish bo‘yicha 100 ta maqsad belgilab olingan. Har bir maqsadda ko‘zlangan marralarimiz bor, har bir maqsad xalqimizning yaxshi yashashi va farovon turmush kechirishiga qaratilgani bilan juda muhimdir. E’tiborlisi, maqsadlar aniq, vazifalar aniq, ijrochilar, mas’ullar aniq belgilab berilgan.
Strategiya bilan tanishar ekansiz ijtimoiy sohaga ko‘proq maqsadlar qo‘yilganligiga guvoh bo‘lasiz. Masalan, 22-29-maqsadlarda ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha islohotlar o‘rin olgan. Bu maqsadlarda ijtimoiy himoya qilish tizimi bilan muhtojlarning barchasini to‘liq qamrab olinishiga erishish belgilanmoqda. Bu mamlakatimizda barcha ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarimiz ijtimoiy himoya qilinishini anglatadi.
Bundan ko‘rinib turibdiki, har bir inson bugun davlat himoyasida, ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogironligi bo‘lgan va kam ta’minlangan insonlar yagona reyestri tashkil etiladi. Xatlovdan o‘tkaziladi. Shuningdek, ijtimoiy xizmatlarni majmuaviy amalga oshirish uchun respublikamizning barcha tuman va shaharlarida “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari faoliyati tashkil etilishi belgilanmoqda.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamining manzilli va tizimli himoyasi ta’minlanadi. Bizning partiyamiz elektoratining ijtimoiy himoyasi saylovoldi dasturimizda ilgari surilgan g‘oya va maqsadlarimizga to‘liq mos keladi.
Bundan tashqari, strategiyada mamlakatda kambag‘allik darajasini qisqartirish ham o‘rin olgan bo‘lib, 2026 yilga qadar kambag‘allikni 2022 yilga nisbatan 2 barobarga, 2030 yilga qadar esa keskin qisqartirish hamda kambag‘allikka tushish xavfi mavjud 4,5 million aholi daromadini oshirish kabi muhim vazifalar belgilab olinmoqda.
Buning uchun albatta tizimli ishlar “xonadonbay”, “fuqarobay” ishlar tashkil etiladi. Kasb-hunarga o‘qitish va ish bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratiladi. Pirovardida partiyamizning elektorati bo‘lgan fuqarolarning yashash sharoit o‘zgaradi. Hayotda o‘z o‘rni va kelajagini belgilab beruvchi muhim islohotlardan rozi bo‘ladi. Muhimi inson qadri degan shior amalda o‘z isbotini topadi.
Biz deputatlar ham ushbu yetti yilga mo‘ljallangan strategiyaning maqsadlari aniq va puxta bajarilishida faol bo‘lishimiz kerak. Bu yo‘lda bor kuch va imkoniyatimizni safarbar qilsak, ko‘zlagan marralarimizga erishamiz.
Mavjuda HASANOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.