Partiya tomonidan ilgari surib kelinayotgan tashabbuslar Qonunda o‘z aksini topmoqda

 

Bugun O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Fraksiya a’zolari «Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi Qonun loyihasini birinchi o‘qishda ko‘rib chiqdilar.

2022 – 2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 68-bandida davlat hisobidan ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarga bepul yuridik yordamni jinoyat ishlari bilan bir qatorda fuqarolik va ma’muriy ishlar bo‘yicha ham ko‘rsatish tizimini joriy etish vazifasi belgilangan.

Loyihani ishlab chiqishdan asosiy maqsad “Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida”gi Qonunning amaldagi ijrosini ta’minlash bo‘lib, bu qator Qonunchilik hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritishni taqozo etmoqda. Deputatlar loyihani muhokama qilar ekanlar, uning muhimligini, partiya elektorati manfaatlariga to‘la mos kelishini e’tirof etib o‘tdilar.

Jismoniy shaxslarga O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va xalqaro shartnomalar bilan kafolatlangan o‘z huquq va qonuniy manfaatlarini ro‘yobga chiqarish hamda himoya qilish uchun zarur bo‘lgan barqaror va ishonchli davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish tizimining yaratilishi qonun ustuvorligiga xizmat qilishi barobarida yuridik yordam olish va odil sudlovga erishish imkoniyatlarini oshiradi. Deputatlar ayrim moddalar yuzasidan fikr-mulohazalar almashib, taklif va tavsiyalarini bildirgach, Qonun loyihasi birinchi o‘qishda ma’qullandi.

Yig‘ilishda shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonunlariga nogironligi bo‘lgan shaxslarning ijara munosabatlaridagi huquq va erkinliklarini yanada mustahkamlash hamda pensiyalarni tayinlash va to‘lash tartibini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirishlar kiritish haqidagi Qonun loyihasi ham ko‘rib chiqildi. Mazkur Qonun loyihasi orqali O‘zbekiston Respublikasining “Ijara to‘g‘risida”gi va “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonunlariga tegishli o‘zgartishlar kiritish yo‘li bilan aholining hayot darajasini yanada yuksaltirish hamda “Inson qadri uchun” tamoyili asosida shaxslarning farovonligini yanada oshirish, shuningdek, ijtimoiy himoya qilish dasturlarining samaradorligini qayta ko‘rib chiqish, xalqaro standartlarga va zamon talablariga muvofiqlashtirish ko‘zda tutilgan.

Xususan, “Ijara to‘g‘risida”gi va “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida” Qonuniga tegishli o‘zgartishlar kiritish orqali nogironligi bo‘lgan shaxs deb topilgan ijarachi amaldagi ijara shartnomasi bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarishni davom ettirish istagini bildirgan taqdirda shartnomaning amal qilishi to‘xtatilmasligi, mahkumlarni ozodlikdan mahrum qilingan davrlarida amalga oshirgan mehnat faoliyati davrlarini pensiya olish huquqini beradigan faoliyat turi sifatida belgilash, pensiyalarning miqdori iste’mol narx (tarif)lari indeksi (inflatsiya) darajasining o‘sish sur’atlarini hisobga olgan holda amalga oshirish belgilanmoqda. Shuningdek, o‘z vaqtida talab qilib olinmagan pensiya puli pensiyani olish maqsadida murojaat etilganidan oldingi yigirma to‘rt oydan oshmagan davr uchun ham pensiyalarni to‘lash tartibi joriy etilmoqda.

Fraksiya a’zolari Qonun loyihasini muhokama qilar ekanlar loyiha insonlar manfaatlarini himoya qilishga, fuqarolarning kundalik turmush tarzini yaxshilashga xizmat qilishini ta’kidladilar. Shuningdek, ushbu hujjat partiya tomonidan ilgari surib kelinayotgan tashabbuslar Qonunda o‘z aksini topayotgani bilan ham ahamiyatlidir. Fikr va mulohazalardan so‘ng Qonun loyihasi birinchi o‘qishda deputatlar tomonidan ma’qullandi.

 

 

 

Teglar

Deputat Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish