Yurtimiz taraqqiyoti bilimli avlod salohiyatiga bevosita bog‘liq

 

Mamlakatimizda ta’lim sohasini isloh qilish, o‘sib kelayotgan yosh avlodni har tomonlama zukko, bilimli qilib tarbiyalashga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Bu bejiz emas. Chunki jonajon mamlakatimizning taqdiri, kelajagi, ertangi kuni yigit-qizlarimizning salohiyatiga bevosita bog‘liq.

Alohida qayd etish joiz, maktablarda ta’lim sifatini yanada oshirish, o‘quvchi o‘rnini ko‘paytirish hamda o‘qituvchilar malakasini oshirish va ularga munosib sharoit yaratish davlatimiz rahbarining doimiy e’tiboridagi masalalardan sanaladi.

Davlatimiz rahbarining shu yil 11 sentyabrdagi Farmoni bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston — 2030” strategiyasining har bir insonga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun munosib sharoitlar yaratish yo‘nalishi doirasida ta’lim sohasiga oid bir qator muhim chora-tadbirlar ko‘zda tutilgani e’tiborga molik.

Xususan, dasturilamal hujjatga ko‘ra, 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab, umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining kasb-hunar egasi bo‘lish istagidagi 10-sinf o‘quvchilari uchun tegishli hududlarda talab yuqori bo‘lgan kasb-hunarlarga o‘rgatish kurslari joriy etiladi. Bunda, dastlabki bosqichda ushbu tartib zarur kadrlar salohiyati va moddiy-texnika bazasiga ega bo‘lgan hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan belgilangan umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida tatbiq etiladi.

Shuningdek, 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab Prezident maktablari va ixtisoslashtirilgan maktablar umumiy o‘rta ta’lim muassasalari uchun “tayanch maktab” etib belgilandi. Bunda umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘qituvchilari “tayanch maktablar” tomonidan yangi ta’lim dasturlari, dars o‘tishning ilg‘or metodikalari va o‘quvchi bilimini baholashning zamonaviy usullariga o‘rgatiladi.

Strategiyaning yana bir muhim jihati, unda nodavlat ta’lim tashkilotlarining yanada samarali faoliyat yuritishlari uchun keng imkoniyat berilayotganidir. Hujjatga ko‘ra, banklarning nodavlat umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun milliy valyutada ajratiladigan, qiymati 20 milliard so‘mgacha bo‘lgan kreditlar bo‘yicha, foiz stavkasining Markaziy bank asosiy stavkasidan oshadigan, lekin uning 1,5 baravaridan ko‘p bo‘lmagan qismini qoplash uchun Davlat budjeti hisobidan kompensatsiya taqdim etish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi. Albatta, bular soha rivojiga shak-shubhasiz, xizmat qiladi.

Maktab ta’limi — kelajagimiz masalasi. Shunday ekan, buni yoddan chiqarmaslik kerak. Shu ma’noda, farzand tarbiyasiga, bilimiga nafaqat o‘qituvchi, balki ota-ona ham javobgardir. Jadid bobomiz Abdulla Avloniy “Kim nimani yaxshi ko‘rar?” nomli badiasida bundan yuz yil muqaddam jamiyatdagi holatni shunday baholagan: “Ehtimol, bizning xalq ilmu ma’rifatni, tarbiya va ta’limni, hunar va sanoatni yaxshi ko'rar, deb o‘ylaydurg‘ondursiz? Yo‘q, bu fikringiz yanglish... Onalarimiz bilim va tarbiya o‘rniga erlari ila urushub-talashub qizlarig‘a mol qilmakni yaxshi ko‘rurlar”.

Bundan anglashiladiki, o‘sha vaqtdayoq, jamiyatga yot unsurlar kirib kelgan, maqsad sari intilish o‘rniga ozgina maydalashish, moddiyatchilikka intilish jarayoni boshlangan. Albatta, bu kabi qarashlar ushbu yo‘nalishda mamlakatimizda olib borilayotgan siyosiy islohotlar tufayli o‘zgarib bormoqda.

Jamiyatda bilimli insonlar ko‘paysa ular davlatga suyanchiq bo‘ladi. Shu bois, mustaqillikni qo‘lga kiritganimizdan keyin davlat tomonidan ta’limni rivojlantirish, uni dunyoda o‘sib kelayotgan ehtiyojlarga javob berishga qaratilgan bir qator hujjatlar qabul qilindi, amaliy harakatlar ham bo‘ldi. Ammo bu soha ham milliy davlatchiligimizning shakllanish jarayonida amalga oshirilishi zarur bo‘lgan vazifalarga uyg‘un holda, ko‘zlangan iqtisodiy natijalarga erishish murakkab kechgani bois, insonning har jihatdan yuksalishiga olib kelmadi. Albatta, bu moddiy-texnika baza nochorligi va sobiq tuzumdan meros qolgan psixologik muhit, o‘qitish usullarining eskirganligi bilan bog‘liq jarayonlar edi. O‘zbekiston mustaqillikka erishgandan keyingi qariyb 20 yil eski boshqaruv andoza va shakllaridan voz kechish, demokratik qadriyatlarga o‘rganish davri bo‘ldi, desak xato bo‘lmaydi.

Prezidentimiz rahbarligida so‘nggi yillarda ko‘rilgan aniq chora-tadbirlar natijasida ushbu andoza va shakllar bugungi zamonga moslashdi. 2017 yilning fevral oyida tarixiy hujjat — Harakatlar strategiyasi qabul qilindi, bu — mamlakatni rivojlantirishning takomillashgan modeli bo‘ldi. Yurtboshimiz fuqaro, shaxs huquqlarini kengaytirish yo‘lida dadil qadamlarni tashladi. “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak!” degan g‘oya, shior ko‘pchilikning ko‘nglidagi uzoq yillik orzular edi. Inson qadri yuksaldi. Mazkur siyosat davom etmoqda. Negaki, bugungi raqobat kuchayib borayotgan, dunyo taqdirini ilg‘or texnologiyalar va sun’iy intellekt hal etayotgan bir davrda bizning boshqalardan ortda qolib ketishga haqqimiz yo‘q.

Shu nuqtai nazardan aytganda, tarixiy hujjat — “O‘zbekiston — 2030” strategiyasida belgilab berilgan ustuvor maqsad va vazifalar yangi O‘zbekiston hozirda oqilona yo‘lni tanlaganidan dalolat beradi.

 

Muqaddas O‘RAZALIYEVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish