Yalpi majlis: Muhim, ammo noaniqliklar bor

 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi boshlandi. An’anaviy tarzda kun tartibidan o‘rin olgan masalalar ketma-ketlik asosida ko‘rib chiqila boshladi. Bir me’yorda o‘tadigan majlisda doimgi faol deputatlar so‘z so‘raydi, fikr aytadi, izoh talab qiladi yoki e’tiroz bildiradi. Bu gal ham faollar qonun loyihasiga nima sababdan ehtiyoj borligini va undagi me’yorlarning mazmunini tushuntirib berilishini astoydil so‘radi.

Xususan, «O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi. Unda mobil qurilmaning xalqaro o‘ziga xos identifikatsiya kodini yoki abonent qurilmasining identifikatsiyalash modulini qonunga xilof ravishda o‘zgartirganlik yoki uning nusxasini ko‘chirganlik uchun ham ma’muriy va jinoiy javobgarlikni nazarda tutuvchi me’yorlar belgilanmoqda.

Yodingizda bo‘lsa, ushbu tizim joriy etilganda ko‘plab e’tirozlarni keltirib chiqargan edi. O‘shanda nega bunga ehtiyoj yoki zarurat tug‘ilgani odamlarga kerakli tarzda tushuntirib berilmagan bo‘lishi mumkin.

Endilikda nega javobgarlik belgilanyapti, uyali aloqa vositasidagi kodga ham parlament vakillari bosh qotiradimi, deyishga shoshilmang. Chunki ushbu me’yor orqali sizu-biz kabi oddiy odamlar, ya’ni telefon apparatidan foydalanuvchilarning huquqlari, asosiysi, xavfsizligi himoya qilinar ekan. IIVning ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda bitta identifikatsiya kodi 5 mingtagacha uyali aloqa vositasida foydalanilayotgan holatlar bor ekan. Bu esa jinoyat holatlarini aniqlashda ana shu kod bilan telefon apparati ishlatayotgan shuncha fuqaroning shaxsiga oydinlik kiritish kerakligini anglatadi. Soddaroq qilib aytganda, jinoyatchi bitta, gumondor esa besh mingta, degani.

Masalaning yana bir jihati, bir necha o‘n milliardlab tovarlarning kontrabanda yo‘li bilan olib kelinishiga chek qo‘yildi. Ammo firibgarlikning yangi shakli, ya’ni bitta telefon uchun mo‘ljallangan kodni bir necha minglab nusxada klonlashtirish holatlari avjiga chiqdi. Vaholanki, bu axborot va shaxs xavfsizligiga ham daxl qiluvchi omillardan sanaladi.

Masalan, telefon apparatida faollashtirilgan kod orqali kartadan to‘lovlar, pul o‘tkazmalarini amalga oshirish yoki boshqa turdagi xizmatlardan foydalanish imkoni mavjud. Bitta kodning ko‘plab telefonlarda bo‘lishi esa ana shunday holatlarda xavfsiz sanalmaydi. Kiberjinoyatlar soni oshib ketishiga olib keladi. Yoxud yo‘qolgan apparatni topish, uning egasi turgan joyni aniqlash kabi vaziyatlarda ham har bir vositaga alohida raqam bo‘lishini talab etadi.

Demak, uyali aloqa vositalarining identifikatsiya raqamini ro‘yxatdan o‘tkazish faqatgina davlat g‘aznasini boyitishga qaratilgan harakat emas. Bu orqali axborot xavfsizligini ta’minlabgina qolmay, fuqarolarning axborot almashish huquqlari himoyalanadi. Bundan buyon esa ularni klonlashtirish javobgarlikka tortishga sabab bo‘ladi va bu to‘g‘ri qaror, degan fikrlar bildirildi. Deputatlar har bir savol bo‘yicha berilgan izohlardan so‘ng, loyihani ma’qulladi.

 

Nodavlat arxiv tashkiloti qanday huquq va majburiyatlarga ega?

Navbatdagi loyiha «Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga qo‘shimchalar kiritish haqida bo‘ldi. Ikkinchi o‘qishda ko‘rilayotganiga qaramasdan, tuzatishlar, o‘zgartirishlar qolib ketgan holatlar anchayin muhokamaga qizg‘in tus berdi.

Mazkur hujjat bilan «Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida»gi qonunga nodavlat arxivlar faoliyatini boshlaganlik va tugatganlik to‘g‘risida xabarnoma yuborishni nazarda tutuvchi xabardor qilish tartibini joriy etishga qaratilgan qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Shuningdek, nodavlat arxiv faoliyatini boshlaganlik bo‘yicha vakolatli organni xabardor etmasdan faoliyatni amalga oshirganlik, xabardor qilish tartibida faoliyat yuritish uchun belgilangan talablar va shartlarning bajarilganligi yuzasidan vakolatli organga yolg‘on yoki noto‘g‘ri ma’lumotlar berganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda.

Ammo loyihada ayrim tushunarsiz jihatlar ham yo‘q emas ekan. Masalan, nodavlat arxiv faoliyatini boshlash va tashkil etish orasida katta farq bor. Bu amaliyotda muammolarga sabab bo‘lib qolishi mumkinligi ta’kidlandi. Ushbu holat tashkil etuvchi subyekt kim degan savolni yuzaga keltirdi. Qonun tashabbuskorlari deputatlarning fikrlarini inobatga olib, mazkur xatoni to‘g‘rilash vazifasini zimmasiga oldi. Chunki arxiv faoliyatini tashkil etish vakolati amaldagi qonunchilikka ko‘ra, davlat arxiviga tegishlidir. Loyihadan asosiy maqsad esa nodavlat tashkilot faoliyatini tugatadigan bo‘lsa, undagi hujjatlarning tegishli tartibda boshqa fondga o‘tkazilishini ta’minlashdan iborat.

Zero, shu kungacha ishi to‘xtagan tashkilotlar bu haqida hujjat egalarini xabardor qilmagan va natijada arxivlarning yo‘qolib qolish holatlari uchrab kelgan. Mazkur loyiha ana shunday vaziyatlarda javobgarlikni oshirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir. Shunga qaramay, ayrim moddalar o‘zgartiriladigan va mavhum me’yorlar chiqarib yuboriladigan bo‘ldi. Ana shunday shart bilan deputatlarning aksariyati ikkinchi o‘qishda loyihani ma’qulladi.

 

Pensiyalar yillik inflatsiyadan kelib chiqib oshiriladi

Majlis davomida xalqimizni birdek qiziqtiradigan va ularning mamnuniyatiga sabab bo‘ladigan loyiha ko‘rib chiqildi. Gap shundaki, o‘z vaqtida olinmagan pensiyalarni to‘lash muddati 24 oygacha uzaytirilmoqda.

Bu «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonunlariga nogironligi bo‘lgan shaxslarning ijara munosabatlaridagi huquq va erkinliklarini yanada mustahkamlash hamda pensiyalarni tayinlash va to‘lash tartibini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirishlar kiritish haqida»gi qonun loyihasida ko‘rsatilmoqda.

«Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida»gi qonunga tegishli o‘zgartishlar kiritish yo‘li bilan aholining hayot darajasini yanada oshirish, shuningdek, ijtimoiy himoya dasturlarining samaradorligini qayta ko‘rib chiqish, xalqaro standartlarga va zamon talablariga muvofiqlashtirish nazarda tutilmoqda. Jumladan, amaldagi qonunchilikka ko‘ra, pensionerlarga hisoblab qo‘yilgan, lekin ular tomonidan talab qilib olinmagan pensiyalari murojaat qilingan vaqtdan oldingi 12 oy uchun to‘lab beriladi. Natijada pensionerlar 12 oydan ko‘p vaqt respublika hududida bo‘lmaganda ularga o‘n uchinchi va undan oldingi oylar uchun pensiya to‘lanmaydi.

Vaholanki, bunday pensionerlar yiliga o‘rtacha 820 nafarni tashkil etadi. Ularga to‘lanmagan pensiya miqdori esa 15 milliard so‘mga yetadi. Demak, loyiha bilan shuncha fuqaroning huquqlari himoyalanishi ko‘zlangan.

Taklif etilayotgan qonun loyihasiga ko‘ra, 2024 yil 1 yanvardan boshlab hisoblab chiqarilgan, lekin olinmagan pensiyalarni to‘lash muddati ikki barobarga, ya’ni 12 oydan 24 oygacha uzaytirilmoqda. Shuningdek, pensiyalar miqdori yil davomida tovarlar va xizmatlarning iste’mol narxlari indeksi darajasining o‘sish sur’atlarini hisobga olgan holda, oshirib borilishini, mahkumlar ozodlikdan mahrum qilingan davrlarida amalga oshirgan faoliyati davrlari pensiya olish huquqini beradigan faoliyat turi sifatida belgilanishini nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilishi nazarda tutilmoqda.

Deputatlar ushbu loyihaning muddatidan kechikkanini tanqid qildi. Zero, ushbu qonun loyihasi o‘tgan yili 1 noyabrda kirib kelishi kerak edi. Shuningdek, daromadlar indeksatsiya qilingan taqdirda, pensiya qayta hisoblanishi bilan bog‘liq me’yorga oydinlik kiritish zarurligi qayd etildi. Loyihaga ko‘ra, mazkur masala O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari asosida amalga oshirilishidagi mavhumlik ochiqlanishi kerak, degan fikr bildirildi. Majburiyat nega Moliya vazirligi yoki hukumatga qaratilmagani savollarni keltirib chiqardi.

Ya’ni, indeksatsiya qay tartibda va kim tomonidan amalga oshirilishi bilan bog‘liq masala ochiq qolgan. Yana bir jihati, qaysi davrda amalga oshirilishi bilan bog‘liq aniq muddat ko‘rsatilmagan. Vaholanki, pensiya oluvchilar narxlari oshgan tovarlar va xizmatlardan o‘sha vaqtda foydalanishi kerak, kelajakda emas.

Inflatsiya o‘sish sur’atlariga ko‘ra pensiyalarning miqdori oshirilishi budjetdan qancha mablag‘ talab qilishi va buni kim belgilashi bo‘yicha tizim ishlab chiqilishi zarur. Tashabbuskorlar esa majburiyatni davlat rahbariga qaratish bilan kifoyalangan.

Deputatlar ehtiyoj bo‘lgan hujjatni birinchi o‘qishda ma’qulladi. Ammo hali o‘zgartirilishi kerak bo‘lgan jihatlari anchagina ko‘rinadi.

Shundan kelib chiqib, taklif etilayotgan me’yorlarga aniqlik kiritish, Prezident hujjatlariga ko‘ra amalga oshirilishi bilan bog‘liq masalani qayta ko‘rib chiqish va bu borada tizim yaratish zarur, degan xulosa berildi.

Quyi palata majlisida yana bir qator qonun loyihalari ko‘rildi va ular tuzatish, g‘alizlik hamda noaniqliklarni bartaraf etish shartlari bilan ko‘pchilik ovozda ma’qullandi.

 

Zilola UBAYDULLAYEVA,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.

«O‘zbekiston ovozi», 20.09.2022, №37

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish