O‘zbekiston Prezidenti BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida muhim tashabbuslarni ilgari surdi. Barcha bildirilgan tashabbuslar xalqimiz va dunyo hamjamiyati tomonidan juda katta qiziqish bilan kutib olindi. Shuningdek, nutq avvalida davlatimiz rahbari yurtimizda keyingi yillarda amalga oshirilgan ishlarga ham to‘xtalib o‘tdilar.
— Biz huquqiy, dunyoviy, demokratik va ijtimoiy davlat bo‘lmish Yangi O‘zbekistonni barpo etish siyosatini qat’iy davom ettirishda “Inson qadri va manfaatlari uchun” degan ezgu g‘oyani asos qilib belgilab, demokratiya va adolat tamoyillarini mustahkamlashga qaratilgan tub islohotlar yo‘lidan dadil ilgarilab bormoqdamiz. Bosh qomusimizga ham kiritilgan o‘zgarishlar amaliy qadamlarimizning yorqin ifodasi bo‘ldi.
“O‘zbekiston – 2030” taraqqiyot strategiyasi Birlashgan Millatlar Tashkilotining “Barqaror rivojlanish maqsadlari”ga uyg‘un bo‘lib, biz o‘z zimmamizga olgan barcha majburiyatlarni to‘la va qat’iy bajarmoqdamiz, dedi prezidentimiz o‘z nutqida.
Chindan ham, qisqa vaqt ichida mamlakatimizda majburiy va bolalar mehnatiga to‘liq barham berildi, xotin-qizlarni va bolalarni turli zo‘ravonlik va tazyiqlardan himoya qilish bo‘yicha huquqiy asos yaratildi.
Yangi Konstitutsiyamizda majburiy mehnat taqiqlanishi kafolatlab qo‘yildi va buning uchun jinoiy javobgarlik belgilandi. Majburiy va bolalar mehnatiga qarshi kurashni butun dunyo miqyosida kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.
Butun jahonda kuzatilgan pandemik inqiroz yoki geosiyosiy ziddiyatlarga qaramay, O‘zbekistonda inson kapitalini rivojlantirish va kreativ fikrlaydigan yosh avlodni tarbiyalash – davlatimiz o‘z oldiga qo‘ygan strategik vazifalardan biridir.
Hamma uchun ochiq va sifatli ta’lim kambag‘allikka barham berish, xalq farovonligini oshirish va barqaror iqtisodiy o‘sishga erishishning eng samarali omilidir.
Mamlakatimizda ta’lim tizimi tubdan o‘zgardi. O‘tgan olti yilda maktabgacha ta’limdagi qamrov 21 foizdan 70 foizga, oliy ta’limda esa 9 foizdan 38 foizga yetdi, 2030 yilga qadar har bir bolaning bog‘chaga qatnashi, maktabni bitirayotgan har ikki o‘quvchining biri esa oliygohda o‘qishi uchun imkoniyat yaratiladi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti huzurida Markaziy Osiyo yoshlarini rivojlantirishga ko‘maklashish bo‘yicha ishchi guruh tashkil etish bo‘yicha bergan tashabbuslari nafaqat milliy manfaatlarimizga balki, mintaqaviy, jahon manfaatlariga muvofiqligi bilan ham ahamiyatlidir.
“Markaziy Osiyo yoshlarining kun tartibi – 2030” dasturining ishlab chiqilishi esa, allaqachon o‘zi samarasini berib borayotgan beshta muxim tashabbus tajribamizdan qo‘shni davlatlar yoshlarining ham turli yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolishlarining oldini olishga, Markaziy Osiyo davlatlari taraqqiyoti uchun xizmat qiladi.
Shohista Turg‘unova,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.