Yaqindagina qabul qilingan, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan ezgu maqsadlar xalqimizning ko‘nglini tog‘day ko‘tarayotgan bir paytda, Prezidentimiz Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 78-sessiyasidagi nutqida mazkur strategiya Birlashgan Millatlar Tashkilotining “Barqaror rivojlanish maqsadlari”ga uyg‘un ekanligini qayd etib, “biz o‘z zimmamizga olgan barcha majburiyatlarni to‘la va qat’iy bajarmoqdamiz” deya e’tirof etdi. Bu ayni haqiqat.
Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, bu yil mamlakatimiz Barqaror rivojlanish maqsadlari xalqaro reytingida 2022 yilga nisbatan 8 pog‘onaga ko‘tarildi. Ya’ni O‘zbekiston 71,1 indeks bilan 166 ta mamlakat orasida 69 o‘rinni egalladi. Buning asosiy sababi, O‘zbekistonda Barqaror rivojlanishning 10 ta maqsadlari bo‘yicha ko‘rsatkichlarida ijobiy o‘sish qayd etilganidir.Ular mamlakatda kambag‘allikni qisqartirish, sog‘liqni saqlash va farovonlikni ta’minlash, sifatli ta’lim bilan ta’minlash, gender tengligiga erishish, shahar va aholi punktlarini barqaror rivojlantirish va boshqa yo‘nalishlardir.
Darhaqiqat, mamlakatimizda keyingi olti yil ichida amalga oshirilayotgan barcha sohalardagi islohotlardan ko‘zlangan asosiy maqsad xalqimizning turmush darajasini oshirish, farovonligini ta’minlash, har bir insonga, keksalar, xotin-qizlar, yoshlar, nogironligi bor shaxslar barcha-barchasiga munosib turmush sharoitlarini yaratishdan iboratdir.
Prezidentimizning mazkur nutqida ta’kidlangan barcha natijalar va rejalar dunyo e’tiborini tortgani shubhasiz. Jumladan, mamlakatimizda 2017 yildan buyon kambag‘allik ikki barobarga kamaygani, 2030 yilgacha uni 7 foizga tushirish reja qilinayotganining o‘zi bu yo‘nalishda olib borilgan ishlarning ko‘lami qanchalik keng ekanligini ko‘rsatadi. Jumladan, qisqa muddat ichida aholining ijtimoiy ahvolini yaxshilash borasida tashkiliy-huquqiy asoslarning yaratilgani, amaliy mexanizmlarning ishlab chiqilgani, tizim yaratilgani o‘z samarasini berdi. “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”, “mahallabay”, “xonadonbay” ishlash, aholining murojaatlarini o‘rganish va ularni qiynab kelayotgan muammolarni bartaraf etish borasidagi yangicha yondashuvlar xalqning, ayniqsa ijtimoiy yordamga muhtoj insonlarning yelkasidagi og‘ir yukni ag‘dardi, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.
Xalqimizning deyarli bir asr davomida qaynab kelayotgan paxta qulligidan butkul ozod bo‘lgani, majburiy mehnat va bolalar mehnatiga to‘liq barham berilgani bularning barchasi esa tarixiy voqealardir.
Prezidentimiz nutqida ta’kidlanganidek, o‘tgan olti yilda maktabgacha ta’limdagi qamrov 21 foizdan 70 foizga, oliy ta’limda esa 9 foizdan 38 foizga yetdi. Bu juda katta natija, albatta. 2030 yilga qadar har bir bolaning bog‘chaga qatnashi, maktabni bitirayotgan har ikki o‘quvchining biri esa oliygohda o‘qishi uchun imkoniyat yaratiladi.
Buni shunchaki eshitish mumkin emas. Chunki, maktabni bitirayotgan har ikki o‘quvchining biri oliy ma’lumotga ega bo‘lishi bu nafaqat barcha sohalarga har yili ko‘plagan yetuk kadrlarning kirib kelishini ta’minlaydi, balki jamiyatda bilimli, tafakkuri keng, yuksak ma’naviy salohiyatga ega insonlarning ko‘payishiga, barqaror ma’naviy muhitning shakllanishiga xizmat qiladi.
Shuningdek, o‘tgan yili oliygohlarga qabul qilingan talabalarning 49 foizini qizlar tashkil etgani, xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi ulushi esa birinchi marta 35 foizga yetgani, ayollar va voyaga yetmaganlarni zo‘ravonlikdan himoya qilish maqsadida alohida qonun qabul qilingani bularning barchasi davlatimiz tomonidan gender tenglikka erishish borasida olib borilayotgan tizimli ishlar mahsulidir.
Qoraqalpog‘iston Respublikasining o‘zida ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlarning bilim olishlari uchun qulay sharoit yaratish maqsadida 2022 – 2023-o‘quv yilida magistratura bosqichida o‘qiyotgan 2 300 dan ortiq talaba qizlarning shartnoma to‘lovlari to‘lab berilgani, 1 ming 951 nafar oliy va o‘rta maxsus o‘quv yurtlarida ta’lim olayotgan xotin-qizlarga 17 milliard 220 million so‘m miqdorida shartnoma to‘lovi uchun 7 yil muddatga foizsiz kredit ajratilgani kelajakda barcha tuman va shaharlarimizning yanada rivojlanishiga xizmat qiladigan xotin-qizlardan iborat salohiyatli kadrlarning yetishib chiqishiga zamin yaratadi.
Xulosa qilib aytganda, Prezidentimizning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 78-sessiyasidagi nutqi orqali yurtimizda erishilgan yutuq va marralar hamda xalqimizning buyuk maqsadlari dunyo minbarida yangradi.
Nazira MATYAQUBOVA,
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesidagi O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.