Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasi 78- sessiyasi nutqidagi har bir taklif va tashabbuslar, fikrlar bashariyat muammolariga daxldorligi bilan qalbimizni g‘urur iftixorga to‘ldirdi. Zero, bugun dunyoda geosiyosiy ziddiyatlar fonida sayyoramizda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik va ishonchni tiklashga qaratilgan da’vatlar muhim o‘rin tutadi. Boz ustiga davlatimiz rahbari insoniyatni tashvishga solayotgan muammolarga va ularni yechish yo‘llariga xalqaro hamjamiyat e’tiborini qaratdilar. Ekologiyani asrash, suvni tejash va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash dolzarb vazifalardir.
Hech kimga sir emas, bugungi kunda dunyoda keskin ekologik vaziyat kuzatilmoqda. Ana shunday murakkab sharoitda Orol dengizi fojiasiga qarshi kurashni davom ettirayotgan Markaziy Osiyo iqlim o‘zgarishlari oldida eng zaif mintaqalardan biriga aylanmoqda. Global muammo bo‘lgan Orol fojiasi oqibatlarini bartaraf etish yo‘lida O‘zbekiston o‘z imkoniyatlari darajasida harakat qilmoqda. So‘nggi yillarda Orol dengizining qurigan tubida 1,7 million gektar maydonda qurg‘oqchilikka chidamli o‘simliklardan iborat yashil hududlar barpo etildi. Ammo fojia ko‘lami shu qadar kengki, uning ko‘lamini kamaytirishda bitta davlatning imkoniyatlari yetmaydi. Bu sa’y-harakatlarni davom ettirish uchun Prezidentimiz nutqida aytilganidek, xalqaro hamjamiyatning qo‘llab-quvvatlashi juda muhim.
Bugun zamonamizning yana bir og‘riqli masalasi global miqyosda suv yetishmovchiligi xavfidir. Keyingi 30 yilda mintaqamizda havo harorati bir yarim darajaga ko‘tarildi. Bu – dunyodagi o‘rtacha isishdan ikki karra ko‘pdir. Oqibatda muzliklar umumiy maydonining qariyb uchdan bir qismi yo‘qolib ketdi. Ushbu tendensiya saqlanib qolsa, yaqin yigirma yilda mintaqamizdagi ikkita yirik daryo – Amudaryo va Sirdaryo oqimi 15 foizga qisqarishi mumkin. Jon boshiga suv bilan ta’minlanish darajasi 25 foizga, qishloq xo‘jaligi ekinlari hosildorligi esa 40 foizga kamayishi kutilmoqda. Muzliklarning erishi, tabiiy ofatlar, shuningdek, shiddatli demografik o‘sish, urbanizatsiya jarayonlari va sanoatlashuv natijasida yuzaga kelayotgan texnogen omillar tufayli mintaqada suv va ekologiya bilan bog‘liq vaziyat yomonlashib borayotgani va uning oqibatlari xavotir uyg‘otmay qolmaydi. Ekspertlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, Markaziy Osiyoning ayrim mintaqalarida 2040 yilga borib suv resurslariga bo‘lgan ehtiyoj uch barobar oshadi. Vaqt o‘tishi bilan iqtisodiy zarar yalpi mintaqaviy mahsulotning 11 foiziga yetishi mumkin. Birlashgan Millatlar Tashkilotining ma’lumotiga ko‘ra, hozirning o‘zidayoq mintaqa davlatlari suv resurslari taqchilligi va undan samarasiz foydalanish oqibatida yiliga 2 milliard dollargacha mablag‘ yo‘qotmoqda. Bu oxir-oqibatda oziq-ovqat bo‘hronini keltirib chiqarishi mumkin. Agar o‘z vaqtida ta’sirchan choralar ko‘rilmasa, ushbu muammolar oqibatlari mintaqamizdagi ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlikka jiddiy putur yetkazadi. Shu nuqtai-nazardan davlatimiz rahbari Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibining Suv resurslari bo‘yicha maxsus vakili lavozimi ta’sis etilishini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Chunki Markaziy Osiyo suvni tejaydigan texnologiyalar platformasini yaratish jarayonida “Birlashgan Millatlar Tashkiloti – suv resurslari” mexanizmini ishga solib, eng ilg‘or texnologiyalarni jalb etish va tatbiq qilish muhim vazifa. Shu o‘rinda mamlakatimizda suvdan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha katta miqyosdagi chora-tadbirlar amalga oshirilayotganini eslatib o‘tmoqchiman. Oxirgi 7 yil mobaynida mamlakatimizda sug‘oriladigan yerlarning to‘rtdan bir qismini tashkil etadigan 1 million gektardan ortiq maydonda suvni tejaydigan texnologiyalar joriy etildi. Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi doirasida ham suvni tejash bo‘yicha milliy dasturni ishlab chiqish rejalashtirilgan. Boz ustiga, 2024 yili Samarqandda o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan Xalqaro iqlim forumi doirasida jahonning yetakchi kompaniyalarining suvni tejash borasidagi texnologiyalari ko‘rgazmasi ham o‘tkaziladiki, bu mintaqa davlatlari uchun ham ilg‘or texnologiyalarni jalb etishlari uchun qulay maydon vazifasini o‘taydi.
Davlatimiz rahbari mintaqamizda qabul qilingan Yashil taraqqiyot dasturi doirasida tizimli hamkorlik yo‘lga qo‘yilganiga ham to‘xtaldi. Bunday sheriklik iqlim o‘zgarishlari bilan bog‘liq tahdidlarning oldini olishga xizmat qiladi. Bu borada Prezidentimiz nutqida ilgari surilgan “Markaziy Osiyo iqlim muloqoti”ni joriy etish taklifi o‘rinli bo‘ldi. Shuningdek, davlatimiz rahbari Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining “Markaziy Osiyo global iqlim tahdidlari qarshisida: umumiy farovonlik yo‘lida hamjihatlik” rezolutsiyasini qabul qilish tashabbusini ilgari surdi. Mintaqamiz xalqlarining manfaatlariga, farovonligiga xizmat qilishi mumkin bo‘lgan ushbu rezolutsiyaning asosiy mazmunini kelgusi yil Samarqandda bo‘lib o‘tadigan xalqaro iqlim forumida muhokama qilish taklif etildi.
Prezidentimiz nutqida ilgari surilgan ekologiyaga oid tashabbuslar ro‘yobi albatta, O‘zbekiston iqtisodiyotining asosiy tarmoqlarini iqlim o‘zgarishlariga moslashtirish, uglerod neytralligiga erishish va “yashil” energetika ulushini keskin oshirishdek mamlakatimizning strategik maqsadlarining tayanchi bo‘lishiga shubha yo‘q.
Boshqa tomondan davlatimiz rahbarining BMT dek nufuzli tashkilot minbaridan turib ilgari surgan takliflari “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan ekologik vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha vazifalar bilan hamohang. Strategiyada ko‘rsatilgan vazifalarga ko‘ra, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 444 ta yashil bog‘lar barpo etiladi. Buning uchun barcha davlat idoralari, korxonalar, ta’lim muassasalarining hududida “yashil bog‘lar” tashkil qilinadi. Ayniqsa, yirik sanoat korxonalari jonbozlik ko‘rsatishi nazarda tutilgan. Ya’ni, 112 ta yirik sanoat korxonasi uch yil davomida 30 million tup ko‘chatdan iborat “yashil belbog‘”lar barpo etishi belgilangan. O‘rmonlar maydonini kengaytirish borasida ham vazifalar ko‘zda tutilgan bo‘lib, xususan, respublikaning o‘rmon bilan qoplanganlik darajasini 8,1 foizga yetkazish, Orolbo‘yi mintaqasidagi o‘rmonzorlarni 1,9 million gektarga yetkazish, Orol dengizining qurigan tubida qo‘shimcha 200 ming gektar yashil maydonlarni barpo etish maqsad-vazifalari ifodalangan. Bundan tashqari, iqlim o‘zgarishi salbiy ta’sirining oldini olish maqsadida cho‘llanish, qurg‘oqchilik, chang-qum bo‘ronlari va haroratning ko‘tarilishiga qarshi chora sifatida jami 400 ming gektar maydonda “yashil qoplamalar” – himoya o‘rmonzorlari barpo etiladi. Bu esa, o‘z navbatida, turli chang-to‘zonlar ko‘tarilishiga qarshi turishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Dilorom Imomova,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati ,
O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.