Joriy yilning 25-sentabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Xalq demokratik partiyasi, “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi hamda O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyalarining qo‘shma yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Dastlab Prezidentimiz tomonidan BMTning 78-sessiyasida ilgari surilgan tashabbuslar atroflicha ko‘rib chiqilib, fraksiyalar oldida turgan vazifalar belgilab olindi.
Ta’kidlanganidek, nutqda ilgari surilgan har bir fikr, har bir taklif-tashabbus mohiyat-e’tiboriga ko‘ra hamkorlik, hamjihatlikni kengaytirishga, o‘zaro muloqot asosida muammolarga yangi yechimlar topishga, pirovardida ijtimoiy barqarorlikka yo‘naltirilgani bilan ham ahamiyatlidir. O‘zbekiston yetakchisi yangi tashabbuslarni ilgari surish bilan cheklanmay, ularni amalga oshirishda yurtimiz mezbon va ishtirokchi sifatida faol qatnashishga tayyor ekanini ham bildirdi.
Mamlakatimiz BMTning barqarorlikka xizmat qiladigan barcha tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Davlatimiz rahbari BMT Bosh kotibi tomonidan ilgari surilgan “Ish o‘rinlarini yaratish va ijtimoiy himoya global akseleratori” tashabbusini qo‘llagan holda, tajriba almashish uchun 2024 yili ushbu nufuzli tashkilot shafeligida “Ijtimoiy himoya: barqaror taraqqiyot sari yo‘l” butunjahon konferensiyasini yurtimizda o‘tkazishni taklif qildi.
Inson farovonligiga erishish avvalo ilm-ma’rifat orqali bo‘ladi. Shu ma’noda, nutqda ta’kidlanganidek, inson kapitalini rivojlantirish va kreativ yosh avlodni tarbiyalash – O‘zbekiston o‘z oldiga qo‘ygan strategik vazifalardan biridir. Davlat va jamiyatning sa’y-harakatlarini inson kapitalini rivojlantirishga yo‘naltirish ijtimoiy barqarorlik mustahkamligining, hayotiy masalalarni o‘zlari hal etishga qodir avlodni tarbiyalashning muhim kafolati bo‘lib xizmat qiladi.
— Hamma uchun ochiq va sifatli ta’limni kambag‘allikka barham berish, xalq farovonligini oshirish va barqaror iqtisodiy o‘sishga erishishning eng samarali omili hisoblanadi, — deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zXDP fraksiyasi rahbari U.Inoyatov. — Inson kapitali haqida gap ketar ekan, birinchi navbatda sifatli ta’lim olish, kasb-hunarga ega bo‘lish imkoniyalarini kengaytirish muhimdir. Mamlakatimiz bu yo‘nalishda natijalarni yaxshilash bo‘yicha katta o‘zgarishlar qilmoqda, ta’bir joiz bo‘lsa, o‘ziga xos o‘rnak va ibrat ko‘rsatmoqda. O‘tgan olti yilda maktabgacha ta’limdagi qamrov 21 foizdan 70 foizga, oliy ta’limda esa 9 foizdan 38 foizga yetgani O‘zbekiston inson kapitalini rivojlantirishdek ezgu maqsad yo‘lida qanchalik sobit ekanini isbotlab bermoqda.
Muhokmalar davomida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ham birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, joriy yilda mamlakatimizda o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi referendumida umumxalq ovoz berish orqali qabul qilingan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi Yangi O‘zbekiston strategiyasini amalga oshirishning siyosiy-huquqiy asoslarini yaratib, milliy davlatchilik taraqqiyotining tarixiy muhim bosqichida davlat va jamiyatni yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi.
Xususan, hokimiyatlar bo‘linishi prinsipi hamda o‘zaro tiyib turish va manfaatlar muvozanati tizimining zamonaviy konsepsiyasini hisobga olgan holda, Oliy Majlis, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumati o‘rtasida vakolatlar qayta taqsimlandi. Shu bilan birga, davlat organlarining faoliyatini yangicha konstitutsiyaviy-huquqiy sharoitlarda yo‘lga qo‘yilishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlarini yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqlashtirish zarurati yuzaga kelmoqda.
Shunga ko‘ra, mazkur qonun loyihasi bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining va Senatining yangi tahrirdagi Konstitutsiyada belgilangan mutlaq vakolatlarini hamda parlament nazoratini amalga oshirishning huquqiy asoslarini takomillashtirishni, qonunchilik takliflarini ilgari surish tartibini va qonunlarni qabul qilishning yangi tartibini amaldagi qonunchilikda belgilashni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda.
Xususan, qonun loyihasida parlament palatalarining hamda qonun ijodkorligi faoliyatini tartibga soluvchi qonunlarni yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga muvofiqlashtirishga qaratilgan normalar o‘z aksini topgan. Mazkur qonun loyihasi bilan 13 ta qonun, 1 ta kodeksga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda.
Jumladan, 100 ming nafardan kam bo‘lmagan fuqarolar, Senat, Ombudsman va Markaziy saylov komissiyasi qonunchilik takliflarini Qonunchilik palatasiga kiritishga haqli ekanligi mustahkamlanmoqda. Shuningdek, Qonunchilik palatasidagi fraksiya rahbarining vakolatlari alohida moddada aniq belgilanmoqda. Parlament tekshiruvini Qonunchilik palatasi deputatlari va Senat a’zolari orasidan tenglik asosida tuziladigan birgalikdagi maxsus komissiyasi tomonidan o‘tkazilishi ko‘zda tutilmoqda.
Qo‘shma yig‘ilishida deputatlar tomonidan qonun loyihasi yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining so‘zsiz va to‘liq amalga oshirilishini, unda mustahkamlangan ustuvor prinsiplarning Yangi O‘zbekiston g‘oyasiga hamohang tarzda ro‘yobga chiqarilishini, davlat organlarining faoliyatini yangicha konstitutsiyaviy-huquqiy sharoitlarda yo‘lga qo‘yilishini ta’minlashga xizmat qilishi qayd etildi. Muhokamalarda loyiha yuzasidan tegishli taklif va tavsiyalar berilgan holda qo‘llab-quvvatlandi.
Kun tartibiga kiritilgan boshqa masalalar ham atroflicha ko‘rib chiqilib, tegishli qaror qabul qilindi.