Uni kim tuzadi va amalga oshiradi?
Kitob tumanidagi tajribali bog‘bon do‘stim G‘ulomjon Ernazarov bilan o‘rtamizda shunday suhbat bo‘lib o‘tgandi:
– Televizordan partiyalararo muloqotni tomosha qilgandim...
– Xo‘sh, xo‘sh.
– Shoshmang-da. O‘ylaganlarimni eslay. Ha endi... odamlar o‘zgargan, saylovda duch kelganga ovoz bermaydi. Hozir aytaman, tarafini oladigan...
– Xayrixohlar.
– Shunday, men xayrixohman partiyalaringizga, chunki xalq uchun jon kuydirib ishlaydigan xodimu deputatlari ko‘p. Boshqa partiya ham qarab turmaydi, axir. Xullas, astoydil ter to‘kishlaringga to‘g‘ri keladi.
— Sizday xayrixohlarimiz ko‘paysin!
Kasaba uyushmalari Qashqadaryo viloyat birlashmasining keng, shinam majlisxonasiga barvaqt yetib kelgandim. Mendan avvalroq kelganlar, bir-biri bilan ohista suhbatlashyotganlar ancha ekan. Ularga qo‘shilib suhbatlashaman, fikrlarini tinglayman.
Yonimga «Nuroniy» jamg‘armasi Qarshi tuman bo‘limi rahbari Polvon To‘liyev kelib, so‘rashadi. Polvon jurnalist, uzoq yillar tuman gazetasi muharriri bo‘lgan. U tumanda 236 ming aholi yashayotgani, shundan 19 mingdan ortig‘i nuroniylar ekani, yaqinda 100 yoshga yetgan Ochil bobo Toshevning xonadonida bo‘lgani, umuman, partiyamizda «ustoz-shogird» an’anasi yaxshi rivojlanayotgani haqida hikoya qilib berdi.
Koson tumanidagi «Turon» MChJ raisi, tuman Kengashi deputati Azizjon Usmonov shunday deydi:
– O‘tgan besh yil bu – katta davr. Bugungi anjumanga har kim o‘z qilgan ishlari, fikr-mulohazalari bilan kelgan. Tashkilotimiz faoliyatiga to‘xtaladigan bo‘lsam, bu yerda 70 kishi doimiy ish bilan ta’minlangan. Bu yil ancha joyga qovun ekdik. 200 kishi vaqtincha bo‘lsa-da, ishli bo‘ldi. Qovunlarni Rossiya, Belarus kabi davlatlarga eksport qildik. Katta yangiliklardan biri – elektr tarmoqlari uchun zamonaviy nimstansiya qurildi, aholi mamnun. Yer ostida chuchuk suv bor, artezian quduqlar qazib, aholini ta’minlash imkoniyati paydo bo‘ldi, bilasiz, qishloqlarimiz dashtda joylashgan. Barcha astoydil mehnat qilsa, partiyamiz, deputatlarimiz, bo‘lajak nomzodlarning tarafdorlari ko‘payadi...
Mas’ul ishlarda mehnat qilgan, hozirda Kasbi tumani xalq ta’lim bo‘limi mutaxassisi, partiyamiz faoli To‘ra Saidov bir kun oldin partiyamiz Markaziy Kengashi raisi Ulug‘bek Inoyatov tumanga borgani, faollar, deputatlar bilan suhbatlashgani haqida gapirib berdi. Kasbi — viloyatdagi eng yirik tumanlardan biri. Hududdagi 47 boshlang‘ich tashkilot 2,5 ming a’zoni birlashtirgan. Juda faol hududlardan biri. Tuman Kengashiga partiyamizdan 14, viloyat Kengashiga 2 nafar deputat saylangan. Partiya guruhi shu yilda 3 ta muhim masalani tuman Kengashi sessiyasi muhokamasiga olib chiqib, qarorlar ijrosi uchun kurashayapti...
Yonimdagi o‘rindiqlarga yoshlar kelib o‘tirishdi. Ularning hayajoni menga ham o‘tadi, chunki tumandagi 6-maktabning ish yurituvchisi Gulshan Hayitova, til va adabiyot o‘qituvchisi Madina Malikova yaqinda partiyamiz safiga o‘tishgan ekan. ?0 dan ortiq hamkasblarimiz shu partiyani tanlagan, men o‘ylab, o‘rganib, qalb amriga quloq soldim», deydi Madina dono-dono qilib...
Ha, men suhbatlashgan bu kishilar Qashqadaryo partiya tashkilotining VI konferensiyasiga ibratli ishlari, rejalari, orzulari bilan kelishgan.
Partiyamiz Qashqadaryo viloyat kengashi raisi Olim Ravshanov konferensiyadagi ma’ruzasida yangi, keng ko‘lamli vazifalar haqida to‘xtaldi. Partiyamizning hududdagi tayanchi – viloyat tashkiloti bugungi kun talablari asosida ishlay olyaptimi? Bajarilgan ishlar tahlili nimani ko‘rsatayapti?..
Avvalo, o‘tgan 5 yilda partiya a’zolari soni viloyatda 40510 nafarga yetibdi. 11601 yangi a’zo qabul qilingan bo‘lib, ularning 36 foizi ayollar, 40,3 foizi yoshlar ekan.
Muzokarada qatnashgan Shahrisabz shahridagi 16-maktab direktori, shahar Kengashi deputati Shahlo Rahmonova bo‘lajak saylovlarda nomzodlarning 50 foizi xotin-qizlardan bo‘lishining katta ahamiyati va shundan kelib chiqadigan vazifalar haqida gapirdi. Viloyat partiya kengashi raisi Olim Ravshanov ham hisobot davrida bu muhim masala hamisha e’tiborda ekanini ta’kidladi. Ayollarni ijtimoiy himoya qilish, ish bilan ta’minlash va boshqa vazifalarni bajarishda natijalar ko‘zga tashlanadi. Raqamlarga e’tibor beraylik. 575 nafar xotin-qizning ishga joylashishiga, 306 nafarining kasanachilik bilan shug‘ullanishiga, 180 nafariga tadbirkorlik faoliyatini boshlashiga yaqindan ko‘mak berilgan. Bu ko‘plab oilalarga quvonch olib kelgani, shubhasiz.
Hududda partiyamiz yosh a’zolarining soni 13489 nafar. O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi shahar va tumanlar bo‘limlari hamda partiyaning «Istiqbol» yoshlar qanoti hamkorligi yaxshilanib borayapti. «Yoshlar — kelajagimiz» Davlat dasturini amalga oshirish borasida targ‘ibot-tashviqot ishlari jonli, hayotiy olib borilayapti. Yoshlarga amaliy yordam ko‘rsatilmoqda. Shu yilning 14 iyunida Kitob tumanida o‘tkazilgan «Besh tashabbus — besh imkoniyat» doirasidagi yoshlar forumi ko‘pchilikning esida qoldi.
Qo‘shimcha shuki, Zilola Norova Kitob tuman kengashi raisligiga uch yil burun saylangach, ishlar tubdan o‘zgardi va jonlandi. Men Zilola bilan birga Palandara qishlog‘ida bog‘bon yoshlar, tog‘li Varganza qishlog‘ida chevar yoshlar, Kitob shahrida turli tadbirkor yoshlar bilan uchrashib, muammolarini eshitgandim, tuman kengashi yordamida ularning ko‘pchiligi hal bo‘ldi.
Asosiy ma’ruzada partiya kengashlari qoshidagi Jamoatchilik qabulxonalariga murojaatlar kamaygani, buning sabablari aytildi.
Boshlang‘ich tashkilotlar ishini jonlantirish ham e’tibor talab qiladi. Ochig‘i, ularning faoliyatida tuzukroq samara ko‘rinmayapti. Hududda 792 boshlang‘ich tashkilot bor.
«Aslida ularning barchasi faolmi? Tahlillar ularning 70 foizi amalda faoliyat ko‘rsatayotganini oshkor qilmoqda», deb tan oldi O.Ravshanov. Kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida 242 boshlang‘ich tashkilotga yangi raislari saylangan. Gapning sirasi shuki, agar ishni o‘zgartiradigan, xalqqa eng yaqin boshlang‘ich bo‘g‘in ishini jonlantiradigan choralar amalga oshirilmasa, ko‘p narsani boy berish hech gap emas. Oldinda saylovlar turibdi...
Ma’ruzada viloyat, tuman hamda shahar kengashlaridagi deputatlarimiz 620 dan ortiq deputatlik so‘rovi yuborgani tilga olindi. Agar ko‘tarilayotgan masalalar, ularning ijrosi haqida gapirilganda, (bu haqda ochiqroq va batafsilroq ma’lumot berilgani yo‘q) haqiqiy natija bilan ko‘pchilik tanishgan bo‘lardi. Chunki partiya o‘z maqsad va rejalarini deputatlari orqali amalga oshiradi.
Ta’kidlanganidek, viloyat Kengashidagi partiya guruhi tomonidan o‘nlab muhim masalalar sessiyalar, doimiy komissiyalar, partiya guruhi yig‘ilishlarida ko‘rib chiqilgan. Partiyamiz Harakat dasturi ijrosi bo‘yicha 184 masala partiya guruhlarida, 169 masala doimiy komissiyalar majlisida, 60 masala sessiyalarda tahlil qilingan. Bundan tashqari, 24 masala o‘rganilib, shundan 15 tasi sessiyalar muhokamasiga kiritilgan.
Umuman, partiya tashkiloti, deputatlar guruhlari obro‘si va e’tiborini belgilaydigan mezonlar bugun butunlay o‘zgardi. Saylanib olgach, xalqdan, saylovchilardan uzilib qolgan yoki tashabbus ko‘rsatishga qodir bo‘lmagan, odamlar o‘rtasida obro‘si yo‘q deputatlar borligidan ham ko‘z yumib bo‘lmaydi. Ammo ibrat oladigan deputatlar, partiya tashkilotlari ham anchagina. Ular sirasiga Koson, Kasbi, Kitob tumanlari va Shahrisabz shahar partiya tashkilotlarini kiritish mumkin.
Ayniqsa, katta tashkilotchilik, yetakchilik qobiliyatiga ega Rashid aka Murtazayev faoliyati viloyat partiya tashkilotiga o‘rnak bo‘lsa arziydi. Maqtov emas, haqiqatni, ishga yordam beradigan gaplarni aytish lozim hozir. Ana shu mezonlarni hisobga olganda ham Rashid aka talab darajasida ishlashga harakat qilayapti. Partiya yetakchisining qanday muhitda kamolga yetgani nihoyatda muhim.
Rashid aka ancha yil maktablarga, Qarshi shahar «Mahalla» jamg‘armasiga rahbarlik qildi, partiya viloyat tashkilotini ham boshqardi. Hozir O‘zXDP Qarshi shahar kengashi raisi, deputat. Uni xalq deputatlari Qarshi shahar kengashi raisining o‘rinbosarligiga ham saylashdi.
– Shahar kengashidagi O‘zXDP guruhi tashabbus ko‘rsatayapti, saylovchilar ishonchini oqlayapti, – dedi u. – Shahar Kengashidagi partiyamizdan saylangan 11 deputatning hammasi obro‘-e’tiborli, qiyinchiliklardan cho‘chimaydi. Ular qaysi masalani o‘rganishsa, mahallalar, tashkilotlar vakillarini jalb etishadi, shoshib xulosaga kelishmaydi. Shu tarzda o‘tgan davrda 14 muhim masala sessiyalarda, 18 masala doimiy komissiyalar majlislarida ko‘rib chiqildi va qarorlar ijrosi nazoratga olindi.
Yana qanday masalalar, deng. Dori-darmon vositalari, nogironlarni ijtimoiy ximoya qilish, chiqindilar to‘g‘risidagi qonunlar ijrosi, aholining kam ta’minlangan qatlamini uy-joy bilan ta’minlash, ichki yo‘llarning ahvoli va boshqa masalalar ko‘tarilgani odamlarning minnatdorchiligiga sabab bo‘lgan edi. Mening o‘zim Qarshi shahrini suv bilan ta’minlash masalasini qanday o‘rganishganiga guvoh bo‘lganman, Rashid aka bilan birga yurib, turli tashkilotlar vakillari bilan uchrashganman.
– Viloyat partiya tashkilotining samarali faoliyat ko‘rsatayotgani barcha shahar va tuman kengashlari olib borgan ishlar hosilasidir, – dedi R.Murtazayev muzokaraga chiqib. – Gap faqat muammoni o‘rganishda emas, balki ularni hal etishda. Masalan, shahar ichki yo‘llarning ahvoli hozir ham og‘riqli masala. Transport xizmati qandayligini muhokama qildik, qani endi viloyat markazida 50 tagina zamonaviy avtobus qatnasa. Imkoniyati cheklangan o‘quvchilar, nogironlarning ahvoli, o‘qishi, yashash sharoitini o‘rgandik, nazorat qilib borayapmiz. Muammolar ko‘p. Yoki dori-darmon vositalarinarxida ancha farq borligidan qanday qilib ko‘z yumamiz? Yo‘q, hali ishlashimiz, kurashishimiz kerak. Jamoatchilik qabulxonamizga ham keluvchilar ko‘p. Yoshlarni partiya tashkilotlari yetakchiligiga tayyorlab borish masalasida ham oqsayapmiz. Odamlarning dardi bilan yashash, ishonchini qozonish oson emas, lekin shunga intilaylik. Keyin yana bir gap. Partiyamizning birorta tashkiloti xodimi, davlat mukofotiga tavsiya qilinmaganidan afsuslanaman.
Yashirmayman, Rashid akaning mulohazalarini o‘zgacha bir qoniqish, quvonish bilan eshitdim.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Komila Karomovaning ishlaydigan qonunlarni yaratish uchun loyihalarni viloyat va quyi partiya kengashlariga yuborish imkoniyati yaratilgani, yangi davr talablari haqidagi fikrlari e’tiborni tortdi. Jami 123 a’zoni birlashtirgan Dehqonobod tibbiyot birlashmasidagi BPT raisi Rajab Niyozovning fikrlari ham diqqatga sazovor edi. Oliy Majlisning inson huquqlari bo‘yicha mintaqaviy vakili Murodilla Normurodov va boshqalar so‘zga chiqishdi.
Konferensiya boshlanmasdan avval O‘zXDP Markaziy kengashi raisi Ulug‘bek Inoyatov bilan ancha suhbatlashdik. Men to‘qson to‘rtinchi yildan buyon partiyamiz a’zosi, markaziy nashrning viloyatdagi vakiliman. Vohaga kelgan partiyamiz rahbarlarining fikrlarini yig‘ilishlarda ko‘p eshitganman.
Partiyamiz yetakchisi konferensiyada xalqimizning dard-tashvishlari bilan yashash, partiyamiz Dasturi, Saylovoldi dasturi, ularga bildirilayotgan fikrlar, oldinda turgan saylovlar mas’uliyati haqida muhim, hayotiy mulohazalarni bayon qildi va maslahatlar berdi.
Konferensiyada bo‘lajak qurultoyga delegatlar saylash, Markaziy Kengash Ijroiya qo‘mitasiga vakillar yuborish va boshqa muhim masalalar muhokama qilindi. Partiya faollaridan bir guruhiga faxriy yorliq, esdalik sovg‘alari topshirildi. Yaqinda partiyaga qabul qilingan yoshlarga a’zolik guvohnomalari topshirildi.
Konferensiya qatnashchilarining ayrimlarining fikrlari bilan qiziqdik.
Nurislom Rajabov, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi viloyat bo‘limi bosh mutaxassisi:
– Quvonchli tomoni shuki, keyingi paytda yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik kamaygani kuzatilmoqda. Bu yoshlarga yaratilayotgan sharoit, e’tibor, ularning bo‘sh vaqtini samarali o‘tkazishga qaratilgan tadbirlar samarasi, deb o‘ylayman. Partiyamizning yangi Saylovoldi dasturi loyihasiga yoshlarni yanada qo‘llab-quvvatlash yuzasidan aniq rejalar kiritilishini istardim.
Dilshod Norov, Shahrisabz shahar partiya kengashi raisi, shahar Kengashi deputati:
– Har yili «Yosh siyosatchi» ko‘rik-tanlovini o‘tkazamiz, ammo viloyat va Respublika bosqichlari g‘oliblarining keyingi taqdiriga deyarli e’tibor bermaymiz. Yorliq, sovg‘alar o‘z yo‘liga. Yoshlar orasidan munosiblarini rahbarlik ishlariga tanlashimiz, agar o‘rta ma’lumotli bo‘lsa-yu, oliy o‘quv yurtida o‘qishni istasa, shartnoma mablag‘larini to‘lash masalasini hal qilish lozim, deb o‘ylayman. Bu oddiy gap emas, bo‘lg‘usi yetakchilar yoshlar orasidan chiqadi, axir.
Jamila To‘raqulova, Qarshi shahridagi 29-maktab direktori, Qarshi shahar Kengashi deputati:
– Avvalo, maktabimiz haqida. Unda 1400 nafar o‘quvchi ta’lim olyapti. Muallimlarimizdan 36 kishi O‘zXDP a’zosi. Partiyamiz g‘oya va maqsadlarini ko‘llab-quvvatlaydigan yoshlar juda ko‘p. Partiyamiz rahbarining deputat va bo‘lajak nomzod o‘z hududini yaxshi bilishi, muammolarni to‘liq o‘rganib chiqishi kerak, ana shunda odamlar unga ishonadi, degan fikrlari hayot talabi. Masalan, «Otchopar» mahallasida yangi kardiologiya shifoxonasi qurildi. Shu mahallada 15 ming aholi istiqomat qilayapti, uni ikkiga bo‘lish masalasini tegishli tashkilotlar oldiga qo‘yganmiz. Yana 44-maktabda 420 o‘quvchi ta’lim oladi, bolalar me’yordan ancha ko‘p. Yangi bino uchun yer maydoni ajratildi, ammo qurilish hanuz boshlanmayapti. Men saylangan hududda yana bir mahalla – Alisher Navoiy mahallasi bor. Har ikkala mahallada hovlilar, yerlar ancha. Agar oqar suv bilan ta’minlansa, noz-ne’mat yetishtirish imkoniyati ko‘payadi, oilalar farovonligi ortadi.
Xanifa Panayeva, Qarshi shahridagi «Darvozatutak» MFY raisi, shahar Kengash deputati:
– Partiyaning quyi bo‘g‘inlari faoliyati sust, degan mulohazalar yig‘ilishlarda ko‘p aytilmoqda. Eski xulosa bilan nomiga tanqid qilish yaxshi emas, deb o‘ylayman. Partiya tashkilotlari haqida «yoppasiga yomon ishlayapti», deb xulosa chiqarish yaramaydi. Masalan, bizda yaxshi, odamlar partiya faollaridan rozi. Demak, har bir hududni chuqur o‘rganib, keyin asosli tanqid qilish foydali bo‘ladi, deb o‘ylayman.
Ra’no Jonquvvatova, G‘uzor tumanidagi «Qovchin» MFY maslahatchisi, Qashqadaryo viloyat Kengash deputati:
– Eng qudratli korxonalar, konlar o‘zimizda edi-yu, zor yashab kelardik. Yeldik, yugurdik, yaqinda 8 ming aholi yashaydigan qishloqdagi xonadonlarga tabiiy gaz kirib keldi. Odamlarning quvonchini ayting. Yana boshqa yaxshi ishlarimiz ko‘p, vaqtingizni olmayman. Harakat qilsak, bo‘lajak nomzodlarimiz xalq ishonchini qozonadi. Men bunga ishonaman.
Shuningdek, shu kuni tashkiliy plenum bo‘lib o‘tdi. Unda Olim Ravshanov O‘zXDP viloyati kengashi raisi, Muzaffar Turopov o‘rinbosar etib qayta saylandi.
Men anjuman davomida turli-tuman fikr, takliflarni eshitar ekanman, shiddat va o‘zgacha shijoat bilan davom etayotgan islohotlar, xalqimizning siyosiy faolligi oshib borayotgani haqida o‘ylayman. Yana partiyamizning ijtimoiy tenglik va adolat, ijtimoiy birdamlik va demokratiya g‘oyalaridan iborat mafkurasi ko‘p qalblardan joy egallashiga ishonaman. Ortda qolmaslik, hayot bilan teng qadam tashlash bo‘yicha dasturni har bir hudud, bo‘lajak deputatlar o‘zlari tuzishi haqidagi yangicha yondashuv ko‘pchilikka manzur bo‘lganday tuyuldi.
Angladimki, partiyamiz katta o‘zgarishlar ostonasida turibdi. Talab ham, mas’uliyat ham kuchaymoqda.
Yunus UZOQOV,
«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.