1 oktabr – o‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan jonkuyar ustozlar mehnatini sharaflash tadbirlari Buxoro viloyatida ham keng ko‘lamda davometmoqda. Zotan, Ustozlar har qancha maqtovga, har qancha ehtiromga munosib.
O‘zbekiston XDP Buxoro shahar kengashi tashabbusi bilan viloyat kengashining faollar zalida Buxoro shahrida faoliyat yuritayotgan o‘qituvchilar uchun bayram tantanasi tashkil etildi.
Tadbirda so‘zga chiqqan O‘z XDP Buxoro viloyat kengashi raisi Z.Tuyyeva hamda Buxoro shahar kengashi raisi R. Kazimova o‘qituvchi va murabbiylarni bayram bilan muborakbod etarkan, mamlakatimizda ta’lim sohasini rivojlantirish borasida olib borilayotgan islohotlar mohiyati xususida to‘xtalib o‘tdilar. Ustozlarga bag‘ishlangan she’r, kuy-qo‘shiqlar ustozlar ko‘nglini xushnud etdi.
—Bugun jamiyatimizda aziz ustozlarimizning mavqei, hurmat va obro‘si oshirilishining, ularga ko‘rsatilayotgan e’tibor hamda g‘amxo‘rliklarning guvohi bo‘lib turibmiz,— deydi Buxoro shahridagi 42-maktab direktori Halima Nurullayeva.— Bu biz, o‘qituvchilar uchun bir ehtirom namunasidir. Shunday e’tibor va e’zozga loyiq bo‘lmoq, bildirilgan ishonchni vijdonan ado etmoq, Yangi O‘zbekistonning bunyodkorlari - kelajak va millatning yaratuvchilarini tarbiyalamoq esa bizning bosh maqsadimizdir. Ayniqsa, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi viloyat va shahar kengashi tashabbusi bilan tashkillashtirilgan tantanali rag‘batlantirish marosimi bizga ko‘tarinki ruh bag‘ishladi, qalblarga shodlik ulashdi. Shu bois ham biz hamisha XDP bilan birgamiz!
Qadri tog‘dek yuksak ustozlarga bag‘ishlangan bayram tantanasi yakunida faol partiya a’zolariga qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.